Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 17:24

Myanmada yana ikki namoyishchi halok bo‘ldi


Harbiy to‘ntarishga qarshi aholi Yangon, Mandalay va boshqa shaharlarda namoyishga chiqqan - 8 - mart, 2021
Harbiy to‘ntarishga qarshi aholi Yangon, Mandalay va boshqa shaharlarda namoyishga chiqqan - 8 - mart, 2021

8 - mart, dushanba kuni Myanmada namoyishchilarga qarshi zo‘ravonliklara yana ikki odam halok bo‘ldi. Bu haqda Reyter agentligi xabar berdi. Mamlakatda harbiylar hukmronligiga qarshi namoyishlar davom etar ekan, Yangon shahrida do‘kon, fabrika va banklar yopilgan.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Myichina shahri ko‘chalaridan birida yotgan ikki jasad surati tarqaldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, norozilik namoyishi vaqtida politsiya shovqinli granata va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Bu orada namoyishchilar yaqinidagi binolardan o‘q uzilgan.

Jasadlarni tashishga yordam berganini aytgan guvohlarning biri Reyter agentligi bilan suhbatda boshidan o‘q yegan ikki kishining o‘sha zahotiyoq joni uzilganini so‘zlab berdi. Shohidlarga ko‘ra, yana uch kishi jarohatlangan.

Namoyishchilarga kim o‘q uzgani hozircha aniq emas. O‘q uzilgan paytda hodisa joyida politsiya ham, harbiylar ham bo‘lgani aytilmoqda.

Myanmada 1 - fevral kuni amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik aksiyalari boshlanib ketdi.

BMTning Myanma bo‘yicha maxsus elchisi Kristina Shraner-Burgener ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy to‘ntarishdan so‘ng boshlangan norozilik namoyishlarida 50 dan ziyod odam o‘ldirilgan.

Shuningdek, ko‘plab namoyishchi hibsga olingan. Qamoqqa olinganlar orasida o‘tgan yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘alaba qozongan “Demokratiya uchun milliy liga” yetakchisi Aun San Su Chji ham bor.

Harbiy to‘ntarishga qarshi aholi Yangon, Mandalay va boshqa shaharlarda namoyishga chiqqan. Tavoy shahridagi namoyishchilarni harbiylar bilan to‘qnashib kelayotgan etnik karenlar ittifoqi himoya qilgan.

Ba’zi hududlarda amoyishchilar Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollar saronglaridan (liboslari) yasalgan bayroqlar ko‘tarib chiqqanlar yoki ularni ko‘chalarga ilib qo‘yganlar. Mamlakatda ayollar saronglari ostidan o‘tish erkaklarga omadsizlik keltiradi, degan ko‘hna qarash mavjud. Shu sababdan bu chora ayrim hududlarda politsiya va harbiylarning shashtini pasaytirgan.

Qurilish, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan o‘nga yaqin kasaba uyushmalari Myanma xalqini davlat to‘ntarishini bekor qilish va Aun San Su Chji hukumatini tiklash talabi bilan ish tashlashga chorladi.

Siyosiy mahbuslarga yordam uyushmasi guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, Myanmada bugunga qadar 1800 dan ziyod odam hibsga olingan.

Dushanba kuni Global New Light of Myanmar gazetasining bosh sahifasida boshqaruvdan chetlatilgan deputatlar qo‘mitasi foydasiga ishlayotganlarga qarshi chora ko‘rilishi haqida maqola e’lon qilindi.

Myanmada namoyishchilar o‘ldirilayotgani G‘arb mamlakatlari g‘azabiga sabab bo‘ldi. Osiyodagi demokratik davlatlar ham bu holatni qoraladi.

Yakshanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari va ba’zi G‘arb davlatlari harbiy xunta a’zolariga qarshi sanksiya joriy qildi. Avstraliya esa mamlakat bilan harbiy aloqalarni uzdi.

Myanmaning qudratli qo‘shnisi – Xitoy inqirozga yechim topish uchun barcha tomonlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekani, ammo hech bir tarafga yon bosmasligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG