Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:57

“Na AQSh, na YeI uddalay oldi”. Yangi sanksiyalardan rus muxolifatining hafsalasi pir bo‘ldi


Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, bosh prokuror Igor Krasnov va Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotov AQSh sanksiyalari ro‘yxatida
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, bosh prokuror Igor Krasnov va Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotov AQSh sanksiyalari ro‘yxatida

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Moskvaga qarshi ilk qat’iy chorasini ko‘rdi: bir guruh rossiyalik mulozimlar va davlat tashkilotlariga nisbatan sanksiya joriy etildi. Ayni paytda esa tahlilchilar jazo choralari allaqachon murakkab tus olgan AQSh–Rossiya munosabatlariga qanday ta’sir qilishi borasida mulohaza yuritmoqda.

“Qora ro‘yxat”ga yetti nafar yuqori lavozimdagi mulozim, jumladan, qudratli Federal xavfsizlik xizmati (FXX) rahbari kiritilgan. Bu bilan Bayden ma’muriyati ilk bor ochiqchasiga rus maxsus xizmatini muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning “Novichok” moddasi vositasida zaharlanishi ortida turganlikda ayblamoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki sanksiyalar oxirgi yechim yoki Kreml bilan murakkab oldi-berdining yakuni emasligini ta’kidlagan.

“Rossiya bilan munosabatlarimiz murakkabligicha qolishiga ham rozimiz. Biz aloqalarimizni na yangi sahifadan boshlamoqchimiz, na yomonlashtirmoqchimiz”, – degan u.

AQSh Yevropa Ittifoqi bilan muvofiqlashtirgan holda joriy etgan sanksiyalar kimyoviy qurollar tadqiqoti, sinovi va ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanayotgan to‘qqizta ilmiy-tadqiqot markazini ham chetlab o‘tmaydi. Ammo rasmiy Vashington prezident Vladimir Putin atrofidagi qudratli guruh – oligarxlarga qarshi chora ko‘rmagan. Deyarli butun mamlakat sanoatini nazorat qilayotgan korchalonlar rasman Rossiyaning hukumatiga aloqador bo‘lmasa-da, Kremldan buyruq olib ishlashi aytiladi.

Oligarxlarning “qora ro‘yxat”ga kiritilmagani Navalniy tarafdorlari va muxolif arboblarning hafsalasini pir qildi. Bayden prezidentlik lavozimiga kirishganidan bir necha kun o‘tib, Navalniy yetakchiligidagi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (FBK) tomonidan jazo qo‘llanishi lozim sanalgan 35 kishining ro‘yxati e’lon qilingan edi. Ro‘yxatdan yetti nafar oligarx ham o‘rin olgan edi. Sanksiya ro‘yxatiga esa muxolifat talab qilgan shaxslardan Federal jazoni ijro etish xizmati direktori Aleksandr Kalashnikov, Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, bosh prokuror Igor Krasnov, Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotov va prezident ma’muriyatining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko kabi rasmiylargina tirkalgan.

“Eng ta’sirchan sanksiyalar bu – oligarxlarga qarshi qaratilgan choralardir. Afsuski, hozircha buni na AQSh, na YeI uddalay oldi”, – deb yozadi FBK xodimi Mariya Pevchix.

Iqtisodiy sanksiyalar, viza taqiqi, mol-mulk musodarasi kabi cheklovlar AQSh va uning G‘arbdagi hamkorlarining asosiy bosim vositasi bo‘lib kelgan. Inson huquqlarini poymol qilganlarga qarshi qo‘llanuvchi Magnitskiy (2012) hamda Amerika g‘animlariga qarshi sanksiyalar orqali kurashish (2017) qonunlari shular jumlasidandir.

Bayden ma’muriyati 2 - mart kuni e’lon qilgan sanksiyalarda 1991 - yildagi Kimyoviy va biologik qurollarni nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunga tayangan.

Oq uydan bir necha soat avvalroq Yevropa Ittifoqi ham rossiyalik to‘rt nafar mulozimga qarshi sanksiya joriy qildi. Mazkur cheklovlar bir necha oy oldin kuchga kirgan yevropacha “Magnitskiy qonuni”ga muvofiq, muxolifatchi Navalniyning qamoqqa yo‘llanishi va unga qarshi tazyiqlar uyushtirilishi munosabati bilan kiritilgan.

Hozirga qadar sanksiyalar Kreml siyosatida sezilarli o‘zgarishga olib kelmadi. Bu esa ularning samaradorligini shubhaga qo‘ymoqda.

Germaniya, Fransiya va Shveysariya laboratoriyalari hamda Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti Navalniyni zaharlashda Rossiyada ishlab chiqarilgan taqiqlangan moddadan foydalanilgani haqida uzil-kesil xulosa bergan. Lekin rasmiy Moskva bu ishda qo‘li borligini rad etib kelyapti.

“Biz o‘z milliy manfaatlarimizni tizimli ravishda va qat’iyat bilan himoya qilishda davom etamiz”, – deb bayonot berdi Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Oq uyning sanksiyalar e’lonidan bir necha soat o‘tib.

Yangi sanksiyalar Navalniyning “Novichok” moddasi vositasida zaharlanishi ortida Rossiya FXX turgani borasida Bayden ma’muriyati qat’iy ishonch hosil qilganini anglatadi.

Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu xulosa hamda Bellingcat surishtiruvini tan olmay, FXX ishtiroki haqidagi ayblovlarni rad etgan.

Kreml qarashlari tamsilchisi o‘laroq tanilgan deputat Leonid Slutskiy sanksiyalar Navalniyning zaharlanishi hamda tinch namoyishchilarga nisbatan qatag‘onlar bilan bog‘liq holda kiritilayotganiga shubha bildirdi. Uning da’vosicha, G‘arb sanksiyalaridan ko‘zlangan asosiy maqsad Rossiya taraqqiyotini izdan chiqarishdir.

“Sanksiyalarning inson huquqlariga zarracha aloqasi yo‘q. Asosiy muddao – Rossiya ilm-fani va harbiy sanoati ravnaqiga to‘sqinlik qilish. Bu Rossiyaning koronavirusga qarshi kurashdagi hamda harbiy imkoniyatlarini kengaytirishdagi muvaffaqiyatlariga “munosib” javob bo‘lsa kerak”, – deydi deputat Slutskiy video chiqishida.

Oq uy Kremlga nisbatan boshqa choralar ham qo‘llashi kutilmoqda. Bayden ma’muriyati mas’ul xodimining aytishicha, AQSh davlat idoralari va xususiy shirkatlarga qilingan hakerlik hujumlari uchun ham Rossiyaga yaqin haftalarda tegishli javob beriladi.

Sanksiyalar asosan ramziy xarakterga ega, deb hisoblaydi rossiyalik iqtisodchi Vladislav Inozemsev. Unga ko‘ra, “qora ro‘yxat”ga kiritilgan laboratoriyalarning G‘arb shirkatlari bilan deyarli tijoriy aloqasi yo‘q, mansabdorlarning ham muzlatiladigan mol-mulki topilishi dargumon.

“Avvalo tan olishimiz kerakki, sanksiyalar kutilgan samara bermayapti. Qolaversa, so‘nggi yillarda Rossiya shunday iqtisodiy siyosat yurityaptiki, unga qarshi yagona jiddiy chora asosiy daromad manbai sanalgan xomashyo eksportiga embargo bo‘lishi mumkin. Lekin hech kim embargoga jur’at etmaydi, chunki Yevropaning o‘zi ham xomashyoga muhtojdir”, – deydi Inozemtsev Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi muxbiri bilan suhbatda.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, Navalniyning safdoshi, hozirda Litvada yashayotgan Leonid Volkov AQSh va YeI sanksiyalari olg‘a qadam bo‘lgani, lekin ular yetarli emasligini ta’kidlagan. Volkovning ta’kidicha, Kremlga yaqin bo‘lgan oligarxlarga qarshi choralargina Putinga ta’sir etishi mumkin.

XS
SM
MD
LG