Линклар

Шошилинч хабар
10 октябр 2024, Тошкент вақти: 09:13

Namanganda fermerning poxol va somoniga ham soliq solindi


Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi fermerlarga "somon solig‘i"ni tasdiqladi. Illyustrativ surat. (Gazeta.uz)
Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi fermerlarga "somon solig‘i"ni tasdiqladi. Illyustrativ surat. (Gazeta.uz)

Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi fermerlarga ularning sholi va bug‘doyidan qolgan poxol va somoni ham soliqqa tortilishi haqida xabarnoma yubordi.

Xabarnomada aytilishicha, fermer yig‘ishtirib olgan har bir toy poxol va somonning o‘n ming so‘m ekanligidan kelib chiqib, soliq to‘lashi shart.

Respublikaning boshqa hech bir hududida kuzatilmagan bunday holatning Namanganda joriy etilishi, fermerlarga ko‘ra, viloyat byudjetining juda xarob ahvolda ekanligi bilan bog‘liq.

Ikkilamchi mahsulotga ham soliq yuklatilishi, paxta va g‘alla pulini o‘z vaqtida ololmay ishlayotgan namanganlik fermerlarning iqtisodiy ahvolini yanada og‘irlashtirishga, go‘sht va sutning qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Namangan viloyatidagi “Muqaddas zamin saxovati” fermer xo‘jaligi nomiga viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Orzibayev nomidan yuborilgan xabarnomada poxol va somon ham soliqqa tortilishi haqida gap boradi:

Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi xabarnomasi
Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi xabarnomasi

“Olingan ma’lumotlarga asosan 1 gektar yerdan o‘rtacha 180 dona g‘alla poxoli va somoni yetishtirilishi va hozirgi kunga kelib 1 dona g‘alla poxoli va somonning narxi 10 ming so‘mligi ma’lum bo‘ldi”.

Xabarnomada fermer qancha yerga g‘alla ekkani va qancha bundan soliq to‘lagani qayd qilingan.

“Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, siz tomoningizdan belgilangan tartibda g‘alla poxoli va somoni yuzasidan “Elektron hisoblash fakturalar” dasturiy mahsullari orqali ushbu qiymatlar bo‘yicha tovar realizatsiya qilingan kundan kechiktirmay hisob fakturalari rasmiylashtirishi lozimligini ma’lum qilamiz. Siz ushbu davrda olingan daromadlarni qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotlarida ko‘rstaib berishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi”, deyiladi xabarnomada.

Fermerlarga ko‘ra, bu “qancha somon sotganingizni ham ma’lumotga kiriting va unga soliq to‘lang”, deganidir.

Agar bu ishni qilmasa fermerlar “kameral soliq tekshiruvi” o‘tkazilishidan ogohlantirilgan.

Namanganlik fermer Qosimjon Mamasoliyevning so‘zlariga ko‘ra, u uchun bu “kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydigan” kutilmagan yangilik bo‘lgan:

“Somon bu otxod narsa bo‘lsa, dunyoning biror mamlakatida somon soliqqa tortilmaydi. Amerika kombaynlari o‘rsa maydalab tashlaydi, uni olib ham bo‘lmaydi. Somonni asosan yerni tozalab, takroriy ekin ekish uchun yig‘ishtirib olamiz. Takroriy ekin ekmasa hozirgi sharoitda dehqonning qorni to‘ymaydi. Chunki Rossiya va Qozog‘iston ta’sirida bug‘doyning narxi tushib ketgan. Bug‘doyga qilingan xarajat zo‘rg‘a o‘zini qoplaydi yoki yo‘q. Somonni asosan aholi oladi. Aholiga schyot-faktura bilan sotasan deyapti. Qaysi aqlli kalla o‘ylab chiqdi bu narsani, hayronmiz”.

Boshqa bir namanganlik fermer Adham Mamajonovning aytishicha, hozirgi sharoitda somonni ham soliqqa tortish mantiqqa to‘gri kelmaydi:

“Bugungi kunda qishloq xo‘jaligidagi vaziyat bunday soliqlarni ko‘tarmaydi. Yil bo‘yi yechimini topmagan masalalar ko‘p. Paxtani puli va narxi, g‘allaning tannarxi, somon solig‘ini oshiqcha tashvish desa xam bo‘laveradi. Somon press tahlili o‘rtacha sof daromad besh ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Hozirgi respublika bo‘yicha o‘rtacha narxi to‘qqiz ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Shundan ikki ming so‘m bog‘lash xarajati va ikki ming so‘m yuklab yetkazib berish xarajatiga ketadi. Sof foyda besh ming so‘mni tashkil qiladi. Somonni ustida xam ko‘plab ko‘zda tutilmagan xarajatlar bor. Shundoq xam chorvachilikda yem xashak qimmat. Go‘sht yetishtirish tannarxi qimmatga tushmoqda. Somonni aholi oladi. Bu soliq asosiy go‘sht sut mahsulotlari yetishtiruvchi bo‘lgan aholini chorvachilikdan yuz o‘girishiga olib keladi. Sababi asosiy chorva aholi qo‘lida to‘plangan. Fermerlarni tinglaydigan mutasaddi rahbarlar yo‘q. Faoliyatni tahlil qilib hukumat oldiga kamchiliklarni bartaraf etishdan iborat loyiha va takliflar berilmaydi. Bo‘lmasa O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotini o‘zini eksportini yuz milliard dollarga yetkazish imkoni bor”.

Фермерлар: Кластер бизни қул қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:08 0:00

Ismi sir qolishini so‘ragan qoraqalpog‘istonlik fermerning aytishicha, fermerning talanmagani birgina shu somoni qolgan edi:

“G‘allaning somoni uchun soliq olish, bu-fermerni talash. Ko‘pchilik fermerlar somonni yig‘ib olmaydilar va shudgor qilib yuboradilar, sababi keyingi yilga chirindi bo‘lib yerga kuch bo‘ladi. Amerikadan olingan CASE kombaynlar somonni maydalab yerga sochib ketadi. KLAAS kombaynlar izidan somonni presslab olish uchun har bir "press"ga fermer 5000 so‘m pul sarflaydi, bu pulni somon sotib oluvchidan oldindan oladi. Davlat sotib olgan g‘allasiga qaror bo‘yicha pulni 14 kun ichida to‘lashi kerak, biroq jamg‘armada pul yo‘q bo‘lsa kerak, to‘lab berolmayapti. G‘allani sotganimizga bir oy bo‘ldi, hisob raqamimizga bir so‘m xam pul tashlanmadi. Bu "erkin" pul degani faqat O‘zbekistonimizda shunday nomlansa kerak. Byudjetni to‘ldiramiz deb shu sababli somonga soliq solinayotgan bo‘lsa kerak”.

Fermerlar muammosi bilan shug‘ullanuvchi, ismi sir qolishini so‘ragan huqushunoslardan birining aytishicha, bu ish g‘arib ahvolda bo‘lgan viloyat byudjetini to‘ldirish uchun qilingan bo‘lishi mumkin:

“Meni bilishimcha, yaqinda Namanganda qariyb bir oy “Gullar festivali” qilindi va unga juda katta pul sarflandi. O‘sha xizmat qilganlarning xarajatini qoplash uchun fermerlarga soliq solib yuboradi. Lekin poxol va somonga soliq solish hech kimning xayoliga kelmagan edi. Qoyil qolmasdan boshqa iloj yo‘q!”

Telegramdagi Respublika fermerlar guruhi a’zolari ham bu qarorni o‘ziga xos tarzda sharhladi:

“Namangan viloyati, uyatmasmi ey, chorvadorlarga molni go‘ngigayam soliq solinglar unda, g‘o‘zapoya solig‘i, havo solig‘i...”

“Shunaqasiyam chiqqan bo‘lsa, chorvadorlar, xushyor bo‘ling, qoramoldan bir kunda necha kg go‘ng chiqishini va uni sotganda QQS yoki mineral o‘g‘it o‘rniga foydalanganda foyda solig‘i xisobini so‘rashlari mumkin. Nafas ovolinglar fermerlar, hozircha shu tekin!!!”

Respublika fermerlar Kengashi O‘zbekiston Soliq qo‘mitasiga, Bosh prokuraturaga va Biznes Ombudsmanga murojaat qilib, bu masalani ko‘rib chiqishni so‘ragan, ammo shu paytgacha javob olmagan.

Ozodlik Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Sinamov bilan bog‘lanib, boshqarmaning bu “xabarnomasi”ga izoh berishni so‘radi. Matbuot kotibi rahbarlar bilan maslahatlashib, quyidagi javobni yubordi:

"Namangan viloyat soliq boshqarmasi ushbu orqali viloyatda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklariga 2023-yil iyun oyida yetishtirilgan g‘alla hosili o‘rimidan keyin hosil bo‘ladigan g‘alla poxoli va somoni (MXIK kod 01213001001000000)ni sotishdan olingan pul tushumlari daromad deb e’tirof etilib, belgilangan tartibda soliqqa tortish bo‘yicha xabarnomalar yuborilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 45-moddasi, 1-qismiga asosan Tabiatning yoki inson faoliyatining (shu jumladan intellektual faoliyatning) qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan har qanday predmeti tovar deb e’tirof etiladi deb belgilangan.

Shundan kelib chiqib, viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan G‘allachilikka ixtisoslashgan jami 2174 ta qishloq xo‘jaligi (shu jumladan, fermer xo‘jaliklari) tovar ishlab chiqaruvchi korxonalarga ularning g‘alla hosili etishtirilishi rejalashtirilgan yer maydonidan kelib chiqib, tahminiy (gektariga 180 tadan, narhi 10,0 ming.so‘mdan, QQS bilan) hisob kitob qilingan va Soliq kodeksining 247-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘i soliq solish bazasi hisoblanishi nazarda tutilgan holda kodeksning 83-moddasi, 1-qismiga ya’ni o‘zi ilgari taqdim etgan soliq hisobotida hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (o‘zgarishiga) olib kelgan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni va (yoki) xatolarni aniqlagan soliq to‘lovchi ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlarni kiritishi va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shartligi belgilanganligidan kelib chiqib, ilgari taqdim etilgan soliq hisobotiga o‘zgartirish kiritib qayta aniqlashtirilgan hisobot yoki asoslantiruvchi xujjatlar taqdim etilishi yuzasidan xabarnomalar yuborilganligini ma’lum qiladi".

XS
SM
MD
LG