Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:10

NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte Ukrainaga safar qildi


Mark Ryutte va Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida, 2024-yil 3-oktyabri
Mark Ryutte va Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida, 2024-yil 3-oktyabri

Yens Stoltenberg o‘rniga NATO bosh kotibi bo‘lib tayinlangan Mark Ryutte 3-oktyabr kuni Kiyevga bordi. Bu Ryuttening harbiy ittifoq rahbari o‘laroq amalga oshirgan ilk xalqaro tashrifidir.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralardan keyin Ryutte Kiyev NATOga a’zo bo‘lishga hech qachon bu qadar yaqin bo‘lmaganini urg‘uladi.

Ryutte alyansning yordam bilan bir qatordagi birinchi darajali vazifasi NATOga a’zo mamlakatlar qurol-aslaha zaxiralarini to‘ldirish bo‘lib hisoblanishini qayd etdi. U Ukraina o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini, xalqaro huquq esa u tarafda ekanini ta’kidladi.

Ryuttega ko‘ra, NATOga a’zo mamlakatlar Kiyevga Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalar berish uchun ijozat masalasini Ukrainani dastaklash bo‘yicha 12-oktyabr kuni “Ramshtayn” formatida o‘tkazilajak keyingi uchrashuvda muhokama qilishadi.

Ryutte harbiy ittifoqqa kiruvchi har bir mamlakat Ukrainaga yetkazib berilayotgan qurol-aslahasi uchun qanday cheklov mavjudligini o‘zi hal qilishini urg‘uladi.

O‘z navbatida, Zelenskiy Ukraina osmoni muhofazasi bo‘yicha NATO pozitsiyasi o‘zgarishiga umid bildirdi. U Rossiyaning tajovuzkor harakatlarini to‘xtatish uchun yana bir bor hamkorlarni Ukrainaga uzoq masofali qurol-aslaha yetkazib berishga chaqirdi. Zelenskiyga ko‘ra, bu masalada Ukraina hamkorlarining yanada qat’iyroq harakat qilishi “Rossiya terrorini batamom bitirish uchun lozim”.

XS
SM
MD
LG