Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2021, Тошкент вақти: 23:39

Nature jurnali “Sputnik V” vaksinasi xavfsizligi haqida maqola chop etdi


“Sputnik V” vaksinasi

Ilm-fan olamida nufuzli Nature jurnali “Sputnik V” vaksinasi haqida maqola chop etdi: maqolada Rossiya va boshqa mamlakatlardan olingan ma’lumotlar ushbu vaksinaning xavfsizligi va samaradorligidan darak berishi haqida so‘z boradi.

Shu bilan birga, preparatning ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish sifatiga doir savollar hamon ochiq qolayotgani qayd etilgan.

Dunyoda COVID-19 virusiga qarshi birinchi vaksina sifatida ro‘yxatga olingan “Sputnik V” qariyb 70 mamlakatda qo‘llanadi, ammo u hanuz Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ma’qullanmagan.

Chet ellik ko‘plab epidemiologlar va biologlar Rossiya preparatini juda shoshilinch — odamlarda o‘tkazilgan sinovlarning birinchi va ikkinchi bosqich natijalari e’lon qilinishidan bir oy oldin ro‘yxatga olingani uchun tanqid qilishadi.

May oyida tibbiyot sohasidagi eng obro‘li nashrlardan biri bo‘lmish The Lancet jurnali ochiq xat e’lon qilib, unda “Sputnik V” vaksinasining klinik sinovlari haqidagi maqolalarni tanqid ostiga olgan, sinovlar shaffof bo‘lmaganini urg‘ulagan edi. Xatda preparatning samaradorligiga shubha bildirilgan. Undan avvalroq “Sputnik V”ni ishlab chiqqan Rossiyaning Gamaleya nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti vaksina samaradorligini 91 foizdan ortiq, deya baholagan edi.

Boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lishi munosabati bilan Rossiya vaksinasining samaradorligiga oid shubha-gumonlar tarqadi, deyiladi Nature maqolasida.

Maqola muallifi Birlashgan Arab Amirliklari hamda Argentinada to‘plangan ma’lumotlarni keltiradi. Xususan, BAAda preparatni ikki dozada qo‘llash samaradorligi 81 ming kishida tekshirilgan. Rossiya vaksinasining samaradorligi COVID-19 simptomlarini bartaraf etish bo‘yicha 97.8 foizni, og‘ir xastaliklarning oldini olish bo‘yicha esa 100 foizni tashkil etgan.

Argentina sog‘liqni saqlash vazirligi “Sputnik Layt”ning bir dozasi simptomatik infeksiyani 78,6 foizga, mazkur infeksiya bilan bemorlarni kasalxona yotqizish holatlarini 87.6 foizga kamaytirishini ma’lum qilgan. Ushbu ma’lumot yoshi 60 dan 79 gacha bo‘lgan 40 mingdan ortiq emlangan va 146 ming nafar emlanmagan fuqarolarni tekshiruvdan o‘tkazish orqali olingani aytilmoqda.

Maqolada, shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hech qaysi mamlakatda Rossiya vaksinasi bilan emlangandan keyin tromboz qayd etilmagani xabar qilinadi. Argentina, Braziliya va San-Marinoda o‘tkazilgan tadqiqotlar chog‘ida “Sputnik V” bilan emlashning biron og‘ir oqibatlari aniqlangani haqida xabar qilinmagan (aslida Argentinaning Rossiya vaksinasi qo‘llanishiga doir hisobotlarida ikkita tromboz holati tilga olingan — “Ozodlik”).

Bugungi kunda “Sputnik V” 67 mamlakatda qo‘llanmoqda. Bu degani, jiddiy nojo‘ya ta’sirlar haqidagi hisobotlar, agar shunaqa hollar kuzatilgan bo‘lsa, muqarrar ravishda dunyoga ma’lum bo‘ladi, deyiladi maqolada.

Nature jurnali savolga tutgan ekspertlar, JSST va Yevropa tibbiyot agentligi (EMA) vaksinaning Rossiyada qo‘llanishi bo‘yicha olib borilgan nojo‘ya ta’sirlar monitoringi natijalaridan xavfsirab, Rossiya vaksinasini ro‘yxatga olishni paysalga solayotgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

JSSTning ma’qullashi preparatning kambag‘al davlatlarga vaksina yetkazib berishni nazarda tutuvchi COVAX global tashabbusi doirasida keng tarqalishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

XS
SM
MD
LG