Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:22

Navalniyning o‘tmishdagi millatchilik ruhidagi chiqishlari o‘ziga pand bermoqda


Aleksey Navalniy Moskvada bo‘lib o‘tgan "Rus marshi" aksiyasida nutq so‘zlayapti. 2011, 4 - noyabr
Aleksey Navalniy Moskvada bo‘lib o‘tgan "Rus marshi" aksiyasida nutq so‘zlayapti. 2011, 4 - noyabr

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy butun dunyoga taniqli muxolifatchiga aylanishga ulgurdi. O‘n yildan beri prezident Vladimir Putin va uning atrofidagi mulozimlarning poraxo‘rligini fosh qilib kelayotgan Navalniyning faoliyati Rossiya va xorijda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda, mamlakatda hukumatga qarshi takroriy namoyishlarga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, o‘tmishdagi millatchilik ruhidagi bayonotlaridan voz kechishdan bosh tortayotgan Navalniy tanqidga ham uchramoqda.

23 - fevral kuni Amnesty International tashkiloti 2000-yillar o‘rtalarida qilgan chiqishlaridagi “nafrat ritorikasi”ni deb Aleksey Navalniyni “vijdon tutquni” deb topishga oid qarorini bekor qildi. Alning mazkur qarori Navalniyning 2000-yillar o‘rtalarida qilgan chiqishlari hamda rus millatchilari bilan aloqalari o‘rganib chiqilib, ularda rasizm va nafrat ritorikasi topilganidan keyin qabul qilingan.

Amnesty International tashkiloti Aleksey Navalniy yanvarda qo‘lga olingani ortidan uni “vijdon tutquni” deb topgandi. Shundan so‘ng tashkilotga Navalniyning o‘tmishdagi bayonotlari hamda rus millatchilari bilan aloqalari bo‘yicha tekshirish o‘tkazish haqida yoppasiga talablar kelib tushgan. Bu muxolifatchini obro‘sizlantirish uchun Kreml tomonidan “muvofiqlashtirilgan kampaniya”ning bir qismi bo‘lishi ham mumkinligi aytilmoqda.

Tashkilotning anonim xodimi rus OAViga bildirishicha, tashkilotga kelib tushayotgan talablarning barchasida Navalniyning bahsli bayonotlarining ro‘yxati keltirilgan. Bu ro‘yxatni AQShda istiqomat qilayotgan tarjimon Katya Kazbek ilk bor o‘z Twitter sahifasida jamlagan edi. (Asl ismi Yekaterina Dubovitskaya bo‘lmish Kazbek “Amnesty International tashkilotiga aloqador hech kim bilan bila turib aloqa qilmaganini” aytmoqda).

Amnesty “mutlaqo siyosiy motivlar” asosida ta’qib qilinayotgan Navalniyni zudlik bilan ozod qilish talabi o‘z kuchida qolishini urg‘ulagan. Ammo qat’iy kriteriyalarga asoslangan holda Navalniy “vijdon tutquni” maqomiga ortiq loyiq emasligini bildirgan tashkilot shu bilan tanqid ostida qolib ketdi.

Ashaddiy millatchi?

Diqqat markaziga Navalniy 2000-yillarning oxirida rus millatchilarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, hususan o‘ta millatchilar har yil o‘tkazadigan “Rus yurishlari”dagi ishtiroki chiqdi. Bu qarashlari deb “Yabloko” partiyasi uni o‘z safidan haydagan edi. Bunga javoban Navalniy Youtube’da “Rus milliy ozodlik harakati” millatchilar guruhining bannerlari fonida o‘zini “ashaddiy millatchi” deb atab, deyarli berkitilmagan ksenofobik g‘oyalarni targ‘ib qilgan.

Keyinchalik u o‘z lisonini ozgina yumshatgan bo‘lsada, qat’iyroq immigratsion siyosatni, Xususan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini o‘rnatish talablarini ilg‘or surishda davom etgan. Hattoki, kechi bilan 2015 - yillarda ham u “islomistlarga” qarshi chiqishlar qilayotgan edi.

Navalniy jurnalistlar bilan suhbatlarda o‘tmishdagi bayonotlari yoki chiqishlaridan voz kechmasligini bir necha bor urg‘ulagan. Uning aytishicha, ham liberallar, ham millatchilarning tilini topa olishi siyosatchi sifatida uning jozibadorligining bir qismidir.

So‘lga siljish?

So‘nggi yillarda Navalniyning siyosiy faolligi so‘lga siljigandek tuyulmoqda. U yangicha kasaba uyushmalari zarurati haqida gapirib, real daromadi tushib ketayotgan ishchilarning maoshini oshirishda yordam berishni va’da qilmoqda.

“Kasaba uyushmalarini targ‘ib etish bilan Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar uchun viza talabini joriy etish o‘rtasida ziddiyatni ko‘rmayapman”, degan Navalniy Der Spiegel bilan o‘tgan yili Germaniyada davolanayotganida bo‘lib o‘tgan suhbatda.

Kremlparast OAV anchadan beri uni va ittifoqchilarini obro‘sizlantirish maqsadida Navalniyning o‘tmishdagi millatchiligidan unumli foydalanib kelmoqda.

Davlat telekanallarida u neo-natsist deb ta’riflanadi va Gitlerga o‘xshatiladi, bu lavhalar universitet talabalariga ma’ruzalar vaqtida ham qo‘yib berilmoqda. Bunday iddaolarning aksariyatida Navalniyning qarashlari yoki chiqishlari buzib talqin qilingan bo‘lsada, ular uchun qulay zamin mavjud. Navalniyning bahsli video va bayonotlarini, jumladan 2007 - yildagi videolarini hamon internetda bemalol topsa bo‘ladi.

Navalniy boshchilik qilgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondining xodimlari ushbu maqola yozilayotganda hamon izoh bermagan edi. Lekin, Navalniy mintaqaviy shtablar tarmog‘ining rahbari Leonid Volkov avvalroq The New Yorker jurnaliga bildirishicha, Navalniy hali ham rus millatchilari bilan muloqotni kengaytirish tarafdoridir. Navalniy migrantlarni deportatsiya qilish haqidagi 2007 - yildagi chiqishidan afsusda bo‘lsa ham, “bu tarixiy fakt” bo‘lgani uchun, u videoni Youtube platformasidan o‘chirmagan.

Volkovning aytishicha, Navalniyning asosiy maqsadi Putinga qarshi muxolifatni salmoqli kuchga aylantirishdir. “Navalniy “Rus yurishlari”da qatnashadigan millatchilar bilan muloqot qilinmasa, ular skinxedlar tomon o‘tib ketishiga ishonadi. Lekin millatchilar bilan muloqot qilinsa, ularning asl dushmani Putin ekanligiga ishontirish mumkin”, deydi Volkov.

XS
SM
MD
LG