Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 10:05

Navro‘zdan so‘ng COVID-19ga qarshi ommaviy emlash boshlanadi. Emlash poliklinikalar zimmasiga yuklatildi


AstraZeneca vaksinasi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SEOJSX) aholini Astra Zeneca vaksinasi bilan emlash Navro‘z bayrami - 21 - martdan so‘ng boshlanishini e’lon qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga (SSV) ko‘ra, COVAX dasturi orqali COVID-19 ga qarshi bepul 660 ming doza COVISHIELD vaksinasi 17 - mart kuni Hindistondan Toshkentga olib kelingan.

Bu vaksina Buyuk Britaniyada chiqarilayotgan Oxford-Astra Zeneca vaksinasi bilan ayni tarkibda, ammo boshqa nomda chiqayotgan vaksinadir.

SSV rasmiylari, bu vaksina bilan emlash qator G‘arb davlatlarida kutilmagan yon ta’sir, asosan qonni quyultirib yuborishi haqidagi xavotirlar bilan vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani O‘zbekistonda inobatga olinayotganini bildirdi.

Biroq emlashga mas’ul qilingan qator oilaviy poliklinika (OP) va qishloq oilaviy poliklinikalari (QOP) emlash hamshiralari Astra Zeneca vaksinasi yetkazilishi bilan emlashni boshlash haqida ko‘rsatma olganini bildirdi.

SEOJSXning vaksina masalalariga mas’ul mulozimi Dilorom Tursunovaning Ozodlikka aytishicha, 660 ming doza COVISHIELD vaksinasi Hindistondan O‘zbekistonga bepul olib kelingan.

“Astra Zeneca vaksinasi bilan tarkibi bir xil, faqat boshqa nomda Hindistonda chiqarilayotgan vaksina. Hozir endi uni butun respublika bo‘ylab tarqatamiz. Hamma viloyatlarda aholini emlash punktlari, hamshiralarimiz tayyor”, dedi Tursunova.

Rasmiyga ko‘ra, respublika bo‘ylab bu vaksinani tashish va aholini emlash uchun infratuzilma - vaksina tashiydigan muzlatgich mashinalar, saqlaydigan muzlatgichlar va emlash punktlari tayyorlangan.

Ozodlik o‘tgan hafta Daniya, Irlandiya, Norvegiya, Islandiya va uning ortidan Hollandiya va Bolgariya AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatishga qaror qilgani haqida xabar qilgandi.

Ayni paytda Hollandiya Dori-darmon vositalari boshqarmasi bemorlarda salbiy holatlar yuzaga chiqishiga aynan shu vaksina bilan emlangani sabab bo‘lganiga oid dalil yo‘qligini bildirgan.

Dilorom Tursunovaga ko‘ra, O‘zbekiston SSV tizimi Astra Zeneca vaksinasi bilan emlash qator G‘arb davlatlarida to‘xtatib qo‘yilganini kuzatib turibdi:

“Kuzatyapmiz. Lekin, bu vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya qilingan, bu juda yaxshi vaksina. Salbiy ta’siri haqidagi ma’lumotlar ham tasdiqlangani yo‘q hali. Buning ustiga, bizda emlash ixtiyoriy, majburiy emas”.

Ayni mazmundagi bayonot, "O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik" mavzuida Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida ham ta’kidlandi.

SEOJSX rahbari, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ayni vaksina bilan aholini emlash Navro‘z bayramidan so‘ng boshlanishi rejalanganini ma’lum qildi:

“Astra Zeneca” (rekombinant vaksina) bilan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada allaqachon 17 million kishi emlangan. Ular orasida zararli ta’sir qilgan deb baholangan holatlar milliondan bittani tashkil qiladi. Dunyoda biror vaksinaning qo‘llashdan to‘xtatib turilgani u butunlay zararli degan xulosaga olib kelmaydi. Shunchaki hozirda uning ta’sirlari borasida chuqur o‘rganishlar olib borilmoqda”.

Yusupaliyev bilan ayni tadbirda ishtirok etgan JSSTning Toshkentdagi vakili doktor Liann Kuppens 17 - 18 - mart kunlari JSST va Yevropa Ittifoqi shifokorlari assotsiatsiyasi Astra Zeneca vaksinasi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishi kutilayotganini eslatdi.

Kuppens, O‘zbekiston SSV tuzilmasi rahbarlari va jamoatchilikka shu ikki yig‘ilish natijasini kutishni tavsiya qildi, ammo bu natija Astra Zeneca vaksinasidan foydalanishni davom ettirish haqida bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Yevropa Ittifoqining dori‑darmonlar bo‘yicha mas’ul idorasi seshanba kuni “AstraZeneca” vaksinasining foydasi ehtimoliy xavfini bosib ketishiga “qat’iy ishonishini” ma’lum qilar ekan, uning qon quyulishiga aloqasi borligiga dalil yo‘qligini ta’kidladi.

Ayni paytda, O‘zbekistonda aholini COVID-19ga qarshi emlash vazifasi topishirilgan oilaviy poliklinika (OP) va qishloq oilaviy poliklinikalari (QOP) emlash hamshiralari 3 kunlik o‘quv dasturidan o‘tkazilayotganini aytmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatining Chust tumanida ishlayotgan ikki hamshira bugun uchinchi mashg‘ulotdan o‘tganini aytishdi.

Hamshiralarga ko‘ra, ularga hozircha tez orada aholini Astra Zeneca vaksinasi bilan emlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan, emlanuvchilarga 3 tadan kabina hozirlangan:

- Har bir kishini emlashdan oldin vrach ko‘radi, bitta kabinada. Keyin ikkinchisida emlanadi. Uchinchisida kamida yarim soat, imkoni bo‘lsa 1 soat vrach nazorati ostida qoladi. Uyiga qaytganidan keyin ham 2 hafta patronaj hamshira nazoratida turadi. Hozircha endi, chap yelkadan vaksina qilasizlar, 2 dozada deb tushuntirishdi. Asosiysi, emlash protsedurasi tartibiga to‘liq rioya qilish kerak,- dedi ismini oshkor qilmayotganimiz hamshira.

Xorazm, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridagi bir necha OP vrachlari ham emlash jarayonini boshlashga tayyorligini bildirdi.

Ammo, tibbiyot xodimlariga ko‘ra, aholining aksar qismi koronavirusga chalinib bo‘lgani bois, vaksina olishga qiziqish past.

Jumladan, Chilonzor tumanidagi OPlardan birining ismini oshkor qilmayotganimiz shifokoriga ko‘ra, 2020 - yilning kuzida u ishlagan poliklinikaga qatnaydigan aholining kattagini qismi gripp kasalligiga qarshi taqdim qilingan bepul vaksinani ham olishga istak bildirmagan:

“Unda koronavirus pandemiyasi paytida gripp virusiga chalinib qolmanglar, ikkisi birlashsa, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb tushuntirish ishlarini olib borganmiz. Hozir endi, mening chamamda bizni poliklinikaga qaraydigan aholining kamida 70 foizi koronavirusga chalinib bo‘ldi. Balki ko‘proqdir. Shuning uchun ko‘pchilik bu vaksinaga qiziqayotgani yo‘q. Buning ustiga qonni quyultiradi, degan xavotir tarqalib bo‘ldi Telegram kanallarda. Bilasizku, yoshi kattalarning ko‘pchiligida qon quyulishi bor. Lekin, aholiga tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, shu vaksinatsiyadan o‘tmasak, to‘xtatib bo‘lmaydi bu virusni, deb”.

Namangan viloyat, Chust tumanida 21 ming aholiga xizmat qiladigan QVP bosh shifokori ham aholida bu vaksinaga qiziqish ozligini ta’kidladi:

“Ko‘pchilik vrachlar gripp vaksinasini ham olmagan. 5 ta gripp turiga vaksina, deb tarqatildi, olishmadi. Hozir endi koronavirusga qarshi vaksinani olmaymiz, deyishyapti. Nazarimda bizda 95 foiz odam koronavirus bilan kasallanib bo‘lgan, endi ularga vaksina ham kerakmas aslida, tavsiya qilinmaydi”.

O‘zbekistonda turli darajadagi rasmiylar shu kunga qadar 3 vaksina - Xitoyning ZF-UZ-VAC 2001, Rossiyaning “Sputnik V” hamda Buyuk Britaniyaning Astra Zeneca vaksinalarini tilga olmoqda.

Xususan, 17 - mart kungi tadbirda berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “Sputnik V” vaksinasidan 1 million doza olib kelish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy va O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bo‘yicha ham Xitoy tomoni bilan muzokara davom etayotgani aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev 22 - fevral kuni Oliy Majlisda 8 ta xorijiy shirkatga 3 million doza vaksina uchun buyurtma berilganini aytgandi.

Hozircha, birinchi bo‘lib, bepul emlanadigan jami 4 mln. 112 ming kishilik ro‘yxat tayyorlangan. Bular asosan, kasallik xavfi yuqishi yuqori va o‘ta yuqori bo‘lgan keksalar, xastalar hamda tibbiyot xodimlari va kuch ishlatar tuzilmalari vakillaridir:

  • 65 yosh — va undan katta yoshdagilar 1 613 763 nafar
  • surunkali kasalliklari borlar (18−65 yosh) 888 190 nafar
  • o‘qituvchi va maktabgacha ta’lim xodimlari 912 809 nafar
  • tibbiyot xodimlari 447 976 nafar
  • qurolli kuchlar va kuch ishlatar organ xodimlari 180 ming nafar

Bularning 2 mln. 600 ming nafari O‘zbekistonga xalqaro kelishuv doirasida tez orada bepul beriladigan AstraZeneca vaksinasi bilan emlash ko‘zlangan.

Qolgan aholi, mamlakatda katta targ‘ibot kampaniyasi ostida sinovdan o‘tkazilgan Xitoy va O‘zbekiston hammuallifligdagi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan emlanadimi yoki hozircha, faqat rasmiy bayonotlarda tilga olinayotgan Rossiyaning “Sputnik V” bilan emlanadimi - bu noma’lum.

Zotan, O‘zbekistonning ikki yirik iqtisodiy hamkori bo‘lgan Xitoy va Rossiya vaksinalari borasida berilgan rasmiy bayonotlar ziddiyatli bo‘lib qolmoqda.

Avvaliga 2020 - yil sentabrida O‘zbekiston, Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasiga 35 million doza uchun buyurtma berdi va bu rasmiy axborot vositalarida keng yoritildi. Hatto, 2020 - yil yakuniga qadar bu vaksinani O‘zbekistonda ishlab chiqarish rejalari tilga olindi.

Ammo, oradan bir oy o‘tib, rasmiy targ‘ibot Xitoy vaksinasiga ko‘chdi va Toshkentda bu vaksina 3-bosqich klinik sinovlari sinovlari boshlanib ketdi. So‘ngra, ayni vaksina mamlakatda rasman ro‘yxatga olingan ilk vaksina bo‘ldi.

O‘zbekiston Maxsus komissiyasi, 17 - fevral kuni birinchi bo‘lib, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatga olishga ruxsat berilganini bildirgan edi. Biroq bu vaksina ro‘yxatga olingani haqida hanuz rasmiy bayonot yo‘q.

XS
SM
MD
LG