O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “madaniyat sohasida davlat regulyator bo‘lmasligi, vazirlik yopilishi kerakligi” haqidagi muhokamalarga munosabat bildirdi.
“Bu fikrning oyog‘i Amerikada turibdi. Baraka topkurlar, oyog‘ingizni ota-onangiz bosgan izga qo‘ying-da, bu savol chiqmaydi [keyin] sizda. Boya tushuntirdim, madaniyat sohasi – qush, buni shunday [siqib] ushlash kerak, boshqa imkoni yo‘q. Ochsangiz ham manfaat bermaydi, faqat buzg‘unchilik olib kiradi”, deya iqtibos keltirgan vazirdan Kun.uz nashri.
Nazarbekov iddaosicha, “erkinlik berib yuborilgan joyda san’atkorlar hamma yerni buzyapti, rasvo qilib yuboryapti”.
“Shuning uchun men erkinlik bermaylik demoqchi emasman, taqiqlarga mutlaq qarshiman. Lekin erkin odamning intellekti shunga loyiq bo‘lishi kerak. U to‘rt devorning ichida ham jinoyat qilmasligi kerak, ana o‘sha kun kelganda erkinlikni bemalol majburlab beramiz, kerak bo‘lsa”, degan vazir.
Avvalroq mahalliy faollar davlat boshqaruv organlari kengayib ketgani, qolaversa, senzura vajidan Madaniyat vazirligini tugatish taklifini ilgari surishgandi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bir muddat avval davlat g‘aznasidan milliardlab pul sarflab o‘tkazilayotgan festivallarni oqlashga urinishi ortidan jamoatchilikning tanqidiga uchragandi.