Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2021, Тошкент вақти: 10:29

Nazarboyev o‘rniga kelgan Toqayev, Afg‘oniston va kovid. Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti qanday kechdi?


6 - avgust kuni Markaziy Osiyoning besh mamlakati yetakchilari Kaspiy dengizi bo‘yidagi kurortda yig‘ildi.

Markaziy Osiyodagi besh davlat rahbarlari Turkmanistonda uchrashdi. Ozod Yevropa-Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Panniyerning yozishicha, pandemiya va qo‘shni Afg‘onistondagi voqealarning shiddatli rivoji ularning muzokaralari dolzarbligini oshirgan.

Garchi mintaqa yetakchilarining hamkorlik haqidagi suhbatlarida takroriy gap-so‘zlar ko‘p bo‘lsa-da, vujudga kelgan yangi voqelik mazkur uchrashuvga dolzarb tus beradi.

"Avaza"dagi yig‘in loaqal shunisi bilan muhimki, besh prezident anchadan beri yuzma-yuz o‘tirib so‘zlashmagan edi.

Bu mintaqadagi besh davlat boshlig‘ining 2018 - yildan beri hisob bo‘yicha uchinchi, ayni chog‘da, Qozog‘istonning endilikda sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev qatnashmagan birinchi “maslahat uchrashuvi” bo‘ldi.

Nazarboyevning vorisi Qasim-Jomart Toqayev 2019 - yil noyabrida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etmagan, holbuki mazkur tadbirdan besh oy oldin prezident lavozimiga saylangan edi.

Uchrashuvda muqarrar muhokama qilingan yangi mavzu – koronavirus pandemiyasi va infeksiya tarqalishiga qarshi kurashda hamkorlik zarurati bo‘ldi.

Prezidentlar uchrashuvi COVID-19 qaytadan avj olib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni qamrab olishi manzarasida kechdi.

Davlat boshliqlari suhbati anchayin qiziqarli bo‘lgan, deb o‘ylaymiz, chunki Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z mamlakatida bitta ham COVID virusi yuqishi holati qayd etilmaganini iddao qilishda davom etmoqda.

Shu bois ham Toqayevning beshala rahbar “Turkmaniston prezidentining (mintaqaviy) virusologiya va epidemiologiya markazini tashkil qilish taklifi”ni qo‘llab-quvvatlagani haqidagi izohi birmuncha ajablanarli.

Koronavirus tarqalishiga qarshi kurash sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan 28 banddan iborat qo‘shma bayonotda atigi 19-qatorda qayd etilgani esa bundan-da qiziq.

Ammo mintaqaviy savdoni yaxshilashga doir eski gap-so‘zlar yangicha mazmun kasb etmoqda, chunki COVID-19 ko‘p mamlakatlar iqtisodiyoti, ishlab chiqarishi va eksportiga salbiy ta’sir etdi, mintaqadan tashqaridagi hamkorlar esa, ma’lum bo‘ldiki, unchalik ishonchli emas ekan. Pandemiyadan oldingi davrga qiyoslaganda, albatta.

Sog‘liqni saqlash tizimi inqirozi ham mintaqaviy tijoratda iz qoldirmoqda.

Turkmanistondagi uchrashuvdan bir oz oldin o‘zbek va turkman rasmiylari havo hamda avtomobil yo‘llarida o‘zaro qatnovlarni tiklashga kelishib olishgan edi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon turkman hamkasbi Berdimuhamedov bilan gaplashib olish uchun ertaroq keldi. Ular Tojikistondan Turkmaniston orqali Eronga yuk tashish bilan bog‘liq 2018 - yildan beri mavjud muammoni qisman hal qilishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ashxobod 2020 - yil martida – pandemiya ko‘lami aniqlashgan pallada joriy qilgan qoidalarga ko‘ra, Turkmaniston chegaralariga yetib kelgan tovarlar Turkmanistonga tegishli yuk mashinalarga ortilib, butun mamlakat orqali tashilishi va shundan so‘nggina bu yuklarning yakuniy manzili bo‘lmish mamlakatlarga oid transport vositalariga ortilishi lozim.

Toqayev mintaqaviy savdo va transport yo‘nalishlarini rivojlantirish haqida so‘zladi va Qozog‘iston Markaziy Osiyo mamlakatlariga milliard dollargacha qiymatda tovarlar yetkazib berishi mumkinligini bildirdi.

Biroq uchrashuv kun tartibidagi markaziy mavzu Afg‘onistondagi vaziyat bo‘ldi.

Afg‘oniston mavzusi davlat yetakchilari qo‘shma bayonotining yettinchi bandida tilga olinib, mamlakatda, ayniqsa, uning Markaziy Osiyo bilan chegaralarida vaziyat so‘nggi 20 yilning istalgan vaqtiga qiyoslaganda ham juda tahlikali ekani qayd etildi.

Biroq mazkur band qanday yozilganiga e’tibor qilsangiz, u oxirgi 30 yilda e’lon qilingan istalgan bayonotdan ko‘chirib olingandek tuyuladi.

Besh rahbarning barchasi “Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri – qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning mumkin qadar tezroq tartibga solinishi ekanini tasdiqladi”.

Va shu munosabat bilan ular “afg‘on jamiyatida mumkin qadar tezroq fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishish uchun har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirishdi”.

Markaziy Osiyodagi Afg‘oniston bilan chegaradosh uch davlatning har biri ushbu mamlakatga nisbatan o‘z siyosatini yuritadi.

O‘zbekiston mamlakat hukumati va toliblar bilan muzokara olib borib, ular o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishiga harakat qilmoqda.

Tojikiston hukumati toliblar bilan muloqotdan o‘zini olib qochadi.

Turkmaniston esa hukumat bilan ham, toliblar bilan ham muzokara qilmoqda, lekin Ashxobod Afg‘onistonga doir ishlarga iloji boricha kamroq aralashishni afzal ko‘radi.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

Shubhasiz, uchrashuvda Afg‘oniston haqida qo‘shma bayonotda eslanganidan ko‘ra ko‘proq gapirildi. Xabarnomalardan birida urg‘ulanishicha, prezident Rahmon “sabotaj, terrorchilik va propagandani yaxshi o‘zlashtirgan, shuningdek bizning mintaqa xususida uzoqqa mo‘ljallangan rejalariga ega ekstremistlar” xavfidan ogohlantirgan.

Lekin, aftidan, besh prezident uchrashuvining arzigulik yutug‘i bu tadbir kechgan muhit, ya’ni tadbirning barcha ishtirokchilari bir-biri bilan iliq munosabatda ekanligi chetdan his etilishidir.

Darhaqiqat, davlat rahbarlari ish kiyimida bo‘lgan rasmiy qismni hisobga olmaganda, uchrashuv sammitdan ko‘ra do‘stlar bazmiga ko‘proq o‘xshaydi.

Prezidentlarni dengiz kemasida – oddiy ko‘chalik kiyimda, trenajyor zalida esa sport liboslarida suratga olishdi. Eurasianet.org jurnalisti Piter Leonard shunga ishora qilib Markaziy Osiyo prezidentlari sammitidan olingan fotosuratlarda “qartabozlik kechasi ob-havosini his qilgan”i haqida yozdi.

Bu luqma, aftidan, besh prezident atay yaratishga uringan do‘stona ruh uchun munosib bahodir.

Kimlargadir bu mutlaqo ahamiyatsiz tuyulishi mumkin.

Biroq so‘nggi salkam 30 yillik mustaqillik davrida besh mamlakat yetakchilari bir-birlari bilan haddan ortiq yovlashishgan, hatto umumiy tahdid qarshisida turgan chog‘larida ham o‘zaro adovatdan voz kechishmagan.

XS
SM
MD
LG