Oskemen shahar sudi Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyaniga chiqarilgan olti yillik qamoq jazosini shartli jazoga almashtirdi.
52 yoshli Qayrat Satibaldi noqonuniy o‘zlashtirilgan pullarni davlatga qaytarib bergani ortidan sud 40 oylik shartli qamoq jazosi bilan uni ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Sud hukmi o‘qib eshittirilishidan oldin Satibaldi Qozog‘iston hukumati va xalqidan qilgan jinoyatlari uchun kechirim so‘ragan.
U ikki yil avval firibgarlik va davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlik aybi bilan Ostona sudi tomonidan olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Satibaldi 2022-yilning mart oyida Turkiyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan vaqtda hibsga olingan edi.
Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Qayrat Satibaldini “Kazaxtelekom” davlat kompaniyasi va Transport xizmati markazidan bir necha o‘n million dollarni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblagan.
Agentlik tergovlardan so‘ng 500 million dollar mablag‘ hamda Satibaldi nazorati ostida bo‘lgan “Kazaxtelekom” aksiyalarining 29 foizi davlat ixtiyoriga qaytarilganini bildirgan.
Qozog‘istonda sodir bo‘lgan 2022-yil yanvaridagi hukumatga qarshi norozilik namoyishlari ortidan amaldagi rasmiylar Nazarboyevning oila a’zolari va yaqinlarini nishonga ola boshladi.
Qasim-Jomart Toqayev yanvar oyidagi tartibsizliklardan so‘ng Nazarboyev va uning oila a’zolarini qator vakolatlardan mahrum qilgan.
Namoyishlardan bir necha kun o‘tib, Nazarboyevning ikki kuyovi ikkita yirik neft va gaz shirkatidagi yuqori lavozimlardan haydalgan.
Uning yana bir kuyovi Timur Kulibayev esa mamlakatning asosiy biznes fondi raisligidan iste’foga chiqqan. Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a deputatlik mandatini topshirishga majbur bo‘lgan va bundan ko‘p o‘tmay sobiq prezidentning kenja qizi Aliyaga aloqador kompaniya rahbarlariga nisbatan ham tergov boshlangan.