Xitoy AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurgani taqdirda, Qo‘shma Shtatlarga "jiddiy oqibatlar" bilan tahdid qildi.
Pelosi AQShda prezidentidan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan shaxs hisoblanadi. Siyosatchining Tayvanga kelishi 25 yildan buyon amalga oshirilgan yuqori martabali AQSh rasmiysining tashrifi bo‘lishi mumkin. Xitoy, agar Pelosi kelsa, "qat’iy va kuchli choralar" qo‘llanilishi bilan tahdid qilmoqda. Tahlilchilar fikricha, bu Osiyoning asosiy potensial porox qutisi hisoblangan Tayvan bo‘g‘ozida keskinlik oshishiga olib kelishi mumkin, deya xabar beradi "Assoshieyted press" agentligi.
Nega Pelosi Tayvanga tashrif buyurmoqchi?
Pelosi Kongressdagi o‘ttiz yildan ko‘proq faoliyati davomida Xitoyning ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lib kelgan. Bir paytlar u Pekindagi Tyananmen maydonida 1989-yilgi demokratiya uchun namoyishlarni qonli bostirishda halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan banner ko‘targandi. Nensi Pelosining 2019-yil Gonkongdagi demokratiya uchun bo‘lgan noroziliklarni qat’iy tarafdori bo‘lgani ham uni Pekinning tanqid nishoniga aylantirdi.
Pelosi o‘tgan hafta Kongressda "Tayvanni qo‘llab-quvvatlash biz uchun muhim" deya ta’kidladi. Tayvan prezidenti Ssay Ing-ven Pekin tahdidlariga qarshi chiqib, uning ma’muriyati asosiy demokratik qadriyatlar va Pelosining qalbiga yaqin liberal siyosatni, shu jumladan, bir jinsli nikoh va kuchli ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Nega tashrif vaziyatni keskinlashtiradi?
Xitoy Tayvanni o‘z hududi sifatida ko‘radi va agar lozim bo‘lsa, kuch bilan qo‘shib olinishini aytib keladi. Pekinning so‘nggi yillardagi harbiy faolligi asosan ana shu missiyaga qaratilgan.
AP maqolasida keltirilishicha, Pekin Taypey va Vashington o‘rtasidagi barcha rasmiy aloqalarga e’tiroz bildiradi va muntazam ravishda javob berish tahdid qiladi. 1995-yilda Tayvanning o‘sha paytdagi prezidenti Li Teng Xuyning AQShga qilgan tashrifiga javoban Xitoy Tayvan yaqinida dengizda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, raketalar uchirgandi. Biroq, o‘shandan beri Xitoyning harbiy salohiyati sezilarli darajada oshdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, Xitoy Pelosining AQShga kirishiga to‘sqinlik qilish uchun kuch ishlatishi dargumon. Shu bilan birga, Pekinning javobini oldindan bashorat qilish qiyin. Harbiy mashg‘ulotlar, kemalar va samolyotlarning bostirib kirishi butun mintaqani xavf ostiga qo‘yadigan potensial voqelik hisoblanadi.
Payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan gaplashadi. Bayden ma’muriyati Amerikaning Xitoy bilan muhim, lekin tez-tez notinch va o‘ta murakkab munosabatlarini bir tekisda saqlab qolishni istaydi.
Pelosi Tayvanga aprel oyida tashrif buyurishni rejalashtirgan edi, ammo COVID-19 yuqtirganidan keyin tashrif qoldirilgan. U kelayotgan haftalarda Tayvanga sayohat qilish rejalarini muhokama qilishdan bosh tortdi. Bu Xitoyda hukmron Kommunistik partiyaning harbiy qanoti – Xalq ozodlik armiyasi tashkil topganiga 1 yil to‘lish sanasiga to‘g‘ri keladi.
Xitoyning yanada kuchli javobi Si Szinpinning shu yil oxirida o‘tkaziladigan partiya qurultoyi oldidan o‘zining vakolatlarini kuchaytirish bo‘lishi ham mumkin. Unda Xitoy yetakchisi o‘zining uchinchi besh yillik prezidentlik muddatini e’lon qilishi kutilmoqda. O‘z vakolatlarini har bir sohada kengaytirishi va ichki epidemiyaga qat’iy nol-COVID munosabati unga nisbatan ma’lum darajada norozilikni keltirib chiqargan edi. Si Szinpinning Tayvan masalasidagi pozitsiyasi unga tanqidlardan saqlanishda yordam berishi mumkin.
Tayvanning tashrifga munosabati
Say AQSh, Yevropa va Osiyoda xizmat qilayotgan va nafaqaga chiqqan barcha chet ellik nufuzli shaxslarni iliq qarshi olmoqda va bunday tashriflardan Xitoyning Tayvan hukumati bilan hisoblashishdan bosh tortishi va muttasil diplomatik izolyatsiya kampaniyasiga qarshi qurol sifatida foydalanib keladi. Shunga qaramay, uning bunday holatlardagi ritorikasi odatda sokin bo‘lib, o‘zining xotirjam xulq-atvori bilan Tayvan bilan hal qiluvchi iqtisodiy hamkor bo‘lib qolayotgan Xitoyga yanada qarama-qarshi bo‘lmaslik istagini aks ettiradi.
Poytaxt Taypey dushanba kuni fuqarolik mudofaasi mashg‘ulotlarini o‘tkazdi va seshanba kuni Say yillik harbiy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Ammo buning Pelosining ehtimoliy tashrifi sabab yuzaga kelgan keskinlik bilan bevosita aloqasi yo‘q. Tayvan jamoatchiligi Xitoyning birlashish haqidagi talablarini qat’iyan rad etsa-da, orol armiyasining AQSh yordamisiz PLAdan himoyalanishi qiyin masaladek ko‘rinadi. Shu sababli ham qurolli kuchlarni kuchaytirish Say vakolat muddatining muhim vazifalaridan biri.
Seshanba kuni Tayvan Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Sun Li-Fangning aytishicha, harbiylar Xitoy harbiy kemalari va samolyotlarining orol atrofidagi barcha harakatlarini kuzatmoqda. “Bizda mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga ishonch va imkoniyat bor”, - dedi Sun.