Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu X ijtimoiy tarmog‘i egasi, natsistik salomlashuvni eslatuvchi harakat uchun tanqid qilinayotgan Ilon Maskka qo‘llov ko‘rsatdi.
Netanyaxu o‘z postida Maskka qarshi ayblovlarni uydirma deb atab, uning Isroil oldidagi xizmatlariga urg‘u berdi.
“Ilon Isroilning azim do‘stidir. U HAMAS terrorchilari Xolokost davridan buyon yahudiy xalqiga qarshi eng shafqatsiz jinoyatni sodir etgan 7- oktyabr qirg‘inidan keyin mamlakatimizga kelgan”, deb yozgan Isroil bosh vaziri X ijtimoiy tarmog‘ida.
Netanyaxu Mask Isroilning terrorchilardan hamda yagona yahudiy davlati mavjudiyatiga tahdid soluvchi rejimlardan o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini bir necha bor dastaklaganini qayd etgan.
“Buning uchun men undan minnatdorman”, deya qo‘shimcha qilgan Isroil bosh vaziri. Mask Netanyaxuning xabarini repost qilib, unga tashakkur izhor qilgan.
Ilon Mask 20-yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Trampning inauguratsiya marosimidan keyin nutq so‘zlab, saylovdagi g‘alaba uchun tarafdorlarga minnatdorlik bildirgan edi. Shundan so‘ng tadbirkor o‘ng qo‘lini yuragi ustiga qo‘yib, keyin uni keskin harakat bilan yuqoriga ko‘targan. U zalning boshqa qismiga o‘girilarkan, ushbu harakatni takrorlagan va “Qalbim sizlar bilan” degan.
Bu harakatning natsistik salomlashuv bilan qiyoslanishini Mask "jirkanch nayranglar", deb atagan.