Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2025, Тошкент вақти: 19:30

Nobel sovrindori Bangladesh muvaqqat bosh vaziri o‘laroq tanlandi


Muhammad Yunus
Muhammad Yunus

Bangladeshda Nobel tinchlik mukofoti laureati – 84 yoshli Muhammad Yunus muvaqqat hukumat rahbari sifatida qasamyodga keltirildi. Prezident saroyida 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan marosimda Yunus “mamlakat Konstitutsiyasini qo‘llash va himoya qilish hamda o‘z yangi majburiyatlarini chin dildan bajarish”ni va’da qilgan.

Professor Muhammad Yunus mamlakatni 15 yil mobaynida “temir intizom” bilan boshqargan Shayx Hasina talabalar boshchiligidagi ommaviy norozilik namoyishlari manzarasida bosh vazir lavozimini tark etib, Bangladeshdan Hindistonga qochib ketganidan bor-yo‘g‘i bir necha kun keyin Fransiyadan Dakkaga uchib kelgan. Norozilik aksiyalari bir necha hafta davom etgan va bu vaqt mobaynida 400 ga yaqin namoyishchi halok bo‘lgan.

Yunusni hukumatga rahbari qilib qo‘yish qaroriga prezident Shahobuddin Chuppuning harbiy sarkardalar va talabalar liderlari bilan uchrashuvidan keyin kelingan. Bi-bi-si qaydicha, talabalar harbiylar bosh bo‘ladigan hukumatni qabul qilmasliklarini imo qilishgan va rahbariyatda Muhammad Yunusni ko‘rishni istashlarini aytishgan. Hozirda uning yangi kabineti a’zolari orasida Nohid Islom va Osif Mahmudlar bor. Ular aksilhukumat chiqishlari boshida turgan talabalardir.

Dakkaga qaytganidan keyin jurnalistlar bilan suhbatda Yunus Bangladesh “ikkinchi marta mustaqillikka erishdi”, deb aytgan. Shuningdek, u 170 million nafar aholisi bo‘lgan mamlakatda qonun va tartib-intizomni tiklashga chaqirgan. Muhammad Yunus qasamyodga keltirilganidan keyin, qayd etilishicha, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi unga “eng yaxshi tilaklar”ini yo‘llab, Dehli “tinchlik-osoyishtalik, xavfsizlik va taraqqiyot uchun” o‘z qo‘shnisi bilan birgalikda ishlash tamoyiliga sodiq ekanini urg‘ulagan.

Muhammad Yunus namoyishlar chog‘ida halok bo‘lganlar millatni himoya qilgani va Hasina hukmronligidan keyin unga yangi hayot baxsh etganini aytib, qurbonlarni yodga olgan. Bi-bi-si maqolasida yozilishicha, o‘z vaqtida Shayx Hasina demokratiya ramzi o‘laroq mamlakatni boshqara boshlagan, biroq pirovardida o‘zgacha qarashlarni bostirib, nima qilib bo‘lsa ham hokimiyat o‘z qo‘lida ushlab qolishga intilgan avtokrat nomiga ega bo‘lgan. O‘tgan yillar mobaynida mamlakat qamoqxonalari Hasinaga qarshi turishga uringanlar bilan to‘lgan. Bu kabi ishlardan biri Muhammad Yunusga ham qarshi ochilgan bo‘lib, hozirda u “siyosiy sababga ko‘ra” o‘ziga qarshi 6 oylik qamoq jazosiga oid qaror yuzasidan sudga shikoyat arizasini kiritmoqchi.

XS
SM
MD
LG