Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:02

Nodemokratiya va yanada battarlashish. O‘zbekiston va mintaqani oldinda nima kutmoqda?


Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarining uchrashuvi. Turkmaniston, Avaza, 6-avgust, 2021
Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarining uchrashuvi. Turkmaniston, Avaza, 6-avgust, 2021

Mamlakatni chorak asrdan ortiq boshqargan diktator Islom Karimov vafotidan so‘ng cheklangan bo‘lsa ham erkinliklar paydo bo‘lganidan keyin O‘zbekiston inson huquqlari sohasida navbatdagi katta umidsizlik manbaiga aylandi.

O‘zbekiston va mintaqadagi demokratiya, inson huquqlari va global iqlim o‘zgarishi o‘tgan hafta Olmaotada o‘tgan anjuman kun tartibida edi.

Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan konferensiyada huquq faollari va olimlar mintaqada to‘planib qolgan muammolar haqida batafsil to‘xtaldi va tadbir tashkilotchisi besh davlat aholisini “avtoritarizm va geosiyosiy bosim asirlari” deb atashdi.

28-29-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan “Yevrosiyoda burilish nuqtalari” konferensiyasini Qozog‘iston Inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi tashkil etdi.

Ekspertlarga ko‘ra, paxta sanoatida tizimli majburiy mehnatdan voz kechgach, shuningdek, hokimiyatni tanqid qilishga chorlovlaridan so‘ng, O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Karimov ssenariysiga qaytmoqda.

Bu prokuratura va sudlar o‘zgacha fikrlilarni, fuqaro jurnalistlarni qamoqqa olishi mumkinligini anglatadi.

Fransiyada yashovchi o‘zbek muhojiri, Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaning fikricha, Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” deb ataydigan mamlakatga berilgan har qanday bahoni Karimov davrida qamalgan huquq himoyachisi A’zam Turg‘unovdan boshlash kerak, deb hisoblaydi. U 2016-yilda Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri nodavlat tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishga kamida 11 marta uringan. Ammo barcha urinishlari behuda ketgan.

O‘zbekistonlik bloger Miraziz Bazarov LGBT huquqlarini qo‘llab-quvvatlaganda davlat tomonidan ta’qiblar, jumladan, uning onasi va advokatiga tahdidlar bo‘lgan, deya eslaydi Atayeva.

O‘zbekistonda qatag‘on o‘tgan yili Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng kuchaygan ko‘rinadi. Bu etnik ozchiliklarga nisbatan davlat tomonidan qatag‘on va adolatsizlikning bir qancha dahshatli misollaridan biridir.

Boshqa mamlakatlarda avtoritarizmning chuqurroq formasiga o‘tish ancha oldin sodir bo‘lgan.

Ichki avtoritarizm va geosiyosiy bosim

Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, Xitoyning kuchayishi va Rossiyaning Ukrainadagi urushi natijasida yuzaga kelgan geosiyosiy o‘zgarishlar manzarasida moslashish imkoniyatlari qisqarmoqda va iqlim inqirozi mintaqada dunyoning boshqa qismlariga qaraganda tezroq rivojlanayotganga o‘xshaydi.

Ko‘pchilik 1991-yilda mustaqillikka erishgandan so‘ng Markaziy Osiyoning beshta davlati turli yutuqlarga erishganini tan oladi. Biroq ular mintaqa oldida turgan muammolarga solishtirganda bu yutuqlarning ahamiyati ozligini, ahvol tizimli korrupsiya va avtoritarizm tufayli yanada og‘irlashayotganini ta’kidladilar.

“Қандай ҳукуматга эга бўлиш-ўзбек халқининг иши”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:47 0:00

28-29-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan “Yevrosiyoda burilish nuqtalari” konferensiyasini Qozog‘iston Inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi tashkil etdi. Bu yil o‘zining 30 yilligini nishonlayotgan tashkilot, hozirgi zamon postsovet respublikalari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan deyarli tengdosh.

Ham jamoat arboblari, ham olimlar ishtirok etgan ushbu tadbirda Qozog‘istonning eng yirik shahrida 200 dan ortiq mutaxassislar jamlandi. Og‘ir sharoitda ishlayotgan tashkilotning yubileyiga to‘g‘ri kelgan tadbir ishtirokchilarining tushkunligiga sabablar ko‘p edi.

Byuro direktori Yevgeniy Jovtis ochilish nutqida mintaqa aholisini “ichki avtoritarizm va geosiyosiy bosim asirlari” deb atadi.

Nodemokratiya va yanada battarlashish

Jovtis xalqaro kuzatuvchilarning besh mamlakatda so‘z erkinligi borasidagi tushkun baholarini keltirdi – bu baholarni muhokama ishtirokchilarining bevosita kuzatishlari ham tasdiqlardi.

Prezident Sadir Japarov davrida Qirg‘iziston ilgari qisman demokratik erkinliklarga erishgan bo‘lsa, unga yanada intilishdan voz kechib, “qisman erkin” davlat maqomini “erkin bo‘lmagan”ga tushirganga o‘xshaydi. “Freedom House” xalqaro inson huquqlari tashkiloti reytingida Qirg‘iziston endi mintaqaning boshqa davlatlaridan ajralib turmaydi.

Mustaqillik yillarida mamlakatda uchta prezident taxtdan ag‘darilganidan so‘ng (ba’zida bu qon to‘kish bilan ham sodir bo‘lgan), qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan demokratik huquqlar bir kechada yo‘q bo‘lib ketganini ko‘rish ko‘pchilik qirg‘izistonliklar uchun og‘riqli.

“Bu hamma narsaning tezligi va tezlashishidir. Biz bir necha yillar davomida kurashib kelgan hamma narsani yo‘qotishdir. Albatta, bu juda xavotirli”,- deydi Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda joylashgan «Adilet» yuridik klinikasi notijoriy tashkiloti rahbari Cho‘lpon Jakupova.

Konferensiyaning birinchi kunida Qirg‘iziston prokuraturasi elita korrupsiyasi bo‘yicha o‘tkazgan surishtiruvlari bilan tanilgan “Kloop” mustaqil internet resursini yopish uchun sudga da’vo kiritganini ma’lum qildi.

Ayni paytda chegara kelishuviga rozi bo‘lmagani uchun hibsga olingan yigirma nafar faolning aksariyati (o‘tgan yil kuzida Qirg‘iziston suv omborini O‘zbekistonga o‘tkazgan edi) hali ham panjara ortida va sudini kutmoqda. Bu ko‘pchilikning fikricha, potensial dissidentlar uchun ogohlantiruv bo‘ladi.

Yevropada istiqomat qiluvchi tojik jurnalisti Humayro Baxtiyor hukumatning siyosiy muxolifat, mustaqil matbuot va fuqaroviy faollikka qarshi uzoq davom etgan kampaniyasi haqida gapirib, Markaziy Osiyodagi eng repressiv davlat Turkmaniston emas, balki Tojikiston deb hisoblashga chaqirdi.

Shu bilan birga, Turkmaniston hamon alohida toifaga kiradi.

Gollandiyaning Turkmen.news sayti bosh muharriri Ruslan Myatiyev OAV erkinligi bo‘yicha sho‘’bada mamlakat internetga qarshi "urush e’lon qilgani", Shimoliy Koreya uslubidagi o‘zining intranetini qurishni boshlaganini aytdi. Myatiyevning aytishicha, Turkmanistonda barcha veb-saytlarning to‘rtdan uch qismi bloklangan.

Mintaqada so‘nggi yillardagi eng qonli siyosiy zo‘ravonlik 2022-yilda Qozog‘istonda sodir bo‘ldi va unda kamida 238 kishi halok bo‘ldi.

Vashingtondagi Milliy Mudofaa Universitetidan asosiy ma’ruzachi Erika Marat mamlakatdagi qon to‘kilishi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va mintaqadagi boshqa avtoritar yetakchilar tomonidan ilgari surilgan “barqarorlik formulasi” ish bermasligini va “aslida beqaror ekanligini isbotladi”, deb ta’kidladi.

"Bu institutlarga emas, balki elita aloqalariga asoslangan boshqaruv",- deydi Marat.

Qiyin xalqaro vaziyat

Minataqada huquq buzilishi o‘ziga xos ekanini hisobga olsak, mintaqaning og‘ir ahvolini qo‘shnilar bilan bog‘lash g‘alati ko‘rinadi.

Ammo bu qo‘shnilarga ham qarang.

Qirg‘izistonlik siyosatshunos Emil Jo‘rayevning fikricha, “Rossiya urushi va biz bilan yonma-yon bo‘lgan Xitoyning global ta’siri kuchayishini hisobga olsak, hozir Markaziy Osiyoda demokratiya qurish uchun eng noqulay vaqtdir”.

Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Markaziy Osiyoda oziq-ovqat narxlari yanada oshdi, o‘n minglab chaqiruv yoshidagi ruslar janubga, asosan Qozog‘istonga ketishga majbur bo‘ldi.

Sanksiyalar sababli rubl qadrsizlanib, mamlakat iqtisodi zarar ko‘rayotgan bir vaqtda Rossiyadagi muhojirlar og‘ir ahvolga tushib qolgan, kamiga ularni Ukrainaga urushga yo‘llash uchun majburlashayotgani dard ustiga chipqon bo‘lyapti.

Qozog‘istonning Medianet notijoriy media tashkiloti direktori Adil Jalilov Ukrainadagi urush mahalliy ommaviy axborot vositalarida dezinformatsiya muammosini yanada o‘tkirlashtirganini aytadi.

Rossiyadan oqib chiqayotgan yolg‘on xabarlar Qozog‘istonda shu qadar muammoga aylanganki, ekspertlar hukumat buni internet ustidan nazoratni kuchaytirish uchun bahona qilishidan qo‘rqishadi,- deydi Jalilov.

2022-yil yanvarida Qozog‘istonda avtoritar rejimni saqlab qolishda Rossiya muhim rolь o‘ynadi.

Mutaxassislar fikricha, yanvar voqealari chog‘ida Qozog‘istonga KXSHT qo‘shinlarining kiritilishi mahalliy harbiylar va politsiya ustidan nazoratni kuchaytirishga yordam berdi, ular asosan namoyishlarni bostirish, tinch aholini otganlik va boshqalar uchun javobgarlikdan qutulib qoldi.

Ba’zi ma’ruzachilar fikricha, Xitoyning iqtisodiy rejalari mintaqaga u qadar ma’lum emas, ammo zararli ta’siri kamroq.

2016-yildan beri Pekin Shinjon viloyatida dahshatli repressiyani amalga oshirmoqda, faollar buni ko‘pincha genotsid bilan solishtirishadi. Pekin etnik uyg‘ur, qozoq va qirg‘izlarni ommaviy ravishda qamamoqda.

Olmaotadagi “Xalqaro huquqiy tashabbus” jamg‘armasi prezidenti Ayna Shormanbayevaning aytishicha, ushbu ta’qibdan omon qolganlarni Markaziy Osiyoning bir qancha mamlakatlarida, asosan Qozog‘istonda uchratish mumkin, biroq ular ko‘pincha hujjatsiz va huquqsiz yashaydi, chunki “bu mintaqada Xitoy bilan munosabatlarini xavf ostiga qo‘yishga tayyor bo‘lgan birorta ham davlat yo‘q».

Janubiy Kaliforniya universitetidan inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos va olim Stiv Sverdlou videokonferensiya orqali so‘zga chiqib, Markaziy Osiyodagi faollarni ta’qib qilish uchun Xitoyning yuzni tanish texnologiyasidan foydalanilayotgani haqida gapirdi.

Sverdlou sentabr oyi oxirida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining AQSH prezidenti Jo Bayden bilan kutilayotgan «5+1» formatidagi uchrashuvini Vashingtonning Markaziy Osiyo bilan munosabatlarida inson huquqlarini birinchi o‘ringa olib chiqish uchun “noyob imkoniyat” deb atadi.

Ammo Ukrainadagi urush bilan bog‘liq masalalarda, masalan, Moskvaga qarshi sanktsiyalarni qo‘llashda konsensusga intilayotgan Vashington bu masalani ko‘tarishga tayyormi?

G‘arbdagi donorlar va xalqaro tashkilotlar borgan sari nodemokratik muhitda o‘z hamkorlari oldidagi burchlarini qay darajada bajarmoqda?

Jorj Vashington universiteti qoshidagi Elliot xalqaro aloqalar maktabi xodimi Sebastyan Peyruz bu masalaga batafsil to‘xtaldi, tojikistonlik huquq himoyachisi Nigina Bahriyeva uning tanqidiy baholarini qo‘llab-quvvatladi.

"Biz ko‘p xalqaro tashkilotlar inson huquqlari bilan bog‘liq mavqeini himoya qilish o‘rniga, vaziyatga moslashishga harakat qilayotganini ko‘ryapmiz", - dedi Baxrieva.

Ўзбекистонда сувсизлик. Яқинлашаётган фалокатнинг ечими борми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:47:14 0:00

O‘zgarib borayotgan iqlim

Mahalliy samarasiz boshqaruv va murakkab geosiyosiy muhit kesishadigan nuqtalar juda ko‘p, ammo iqlim o‘zgarishidan muhimroq narsani topish qiyin.

Markaziy Osiyo suv resurslari bo‘yicha Yer yuzidagi eng qashshoq mintaqalardan biridir. Qozog‘iston yaqinda bu tanqislikni ayniqsa anglab etdi.

Dunyoning to‘qqizinchi yirik davlati boshqa davlatlardan oqib keladigan daryolarga qaram.

Boshlanishi Rossiyadan bo‘lgan Ural va Xitoydan oqib o‘tuvchi Irtish daryolarida so‘nggi yillarda suv sathi pastlab bormoqda.

Kaspiy dengiziga quyiladigan Volga va Uraldagi suv sathi kamayishi ushbu dengiz boshiga ham Orol dengizi kuni tushishi mumkinligini anglatadi.

Transchegaraviy daryolarning yuqori oqimida joylashgan Rossiya va Xitoyda sanoat va qishloq xo‘jaligi kengayishi suv oqimini yanada kamaytiradi.

Biroq Ostona Pekin ustidan aytarli ta’sir kuchiga ega emas, Qozog‘iston hukumatining Ukrainaga nisbatan betarafligi tufayli Rossiya bilan munosabatlari ham taranglashgan.

Qolaversa, bu oy suv resurslari ustida mintaqadagi keskinlik qanday ortishi mumkinligini ko‘rsatdi: Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi ekinlarini oziqlantiradigan suv ombori qurigani haqida e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegarada tirbandlik yuzaga keldi.

Qirg‘iziston Qozog‘iston oldidagi suv taqsimoti bo‘yicha kelishuv majburiyatlarini bajarganini aytdi. Ammo baribir Qozog‘istonning Jambil viloyatida bu issiq va quruq yozda hosil yaxshi bo‘lmadi.

Ijtimoiy va ekologik jamg‘arma boshqaruvi raisi Vadim Ni global isish sharoitida mintaqa davlatlari hukumatlari qiyin tanlovlar oldida turgani, odatiy modellardan voz kechishlari kerakligini aytdi.

“Suv yo‘q, yo borgan sari kamayib bormoqda, amaldorlar esa ko‘proq ekishni, kamiga ko‘p suv talab qiladigan ekinlarni istaydi, chunki bu foydaliroq. Suv tanqisligini tushunishmayapti”, - deb tushuntiradi Ni.

XS
SM
MD
LG