Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:42

“Nollashtirish va yana ikki muddatga qolish”. Ekspert yangi Konstitutsiya Mirziyoyevga nima berishi haqida


Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil oktabrida amaldagi konstitutsiyaga muvofiq ikkinchi va oxirgi muddatga saylangandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil oktabrida amaldagi konstitutsiyaga muvofiq ikkinchi va oxirgi muddatga saylangandi.

O‘zbekiston Senati prezident Shavkat Mirziyoyevning vakolati muddatlarini “nollashtiruvchi” Konstitutsiyaning yangi tahriri to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, 2023-yil 30-aprelga referendum belgiladi. Yangi Konstitutsiya loyihasini avvalroq O‘zbekiston parlamentining quyi palatasi ham tasdiqlagan edi. Hujjat matni e’lon qilinganicha yo‘q, ammo deputatlar u “65 foizga yangilangan”ini aytishmoqda.

Eng katta o‘zgarish – prezidentlik muddatlari “nollashtirilishi” bilan bog‘liq. Yangi Konstitutsiyada prezidentning iqtidorda bo‘lish muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklif qilinmoqda: loyiha qabul qilinganidan so‘ng hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyevga yana ancha vaqt hokimiyatda qolish imkoniga ega bo‘ladi. Buni Senat spikerining o‘rinbosari Sodiq Safoyev allaqachon tasdiqlagan: “Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u, albatta, barcha fuqarolarga, jumladan hozirgi prezidentga ham yangi Konstitutsiya bo‘yicha saylovda ishtirok etish imkoniyatini beradi”, degan edi u.

Londondagi Central Asia Due Diligence direktori Alisher Ilhomov ham Konstitutsiya, eng avvalo Mirziyoyevning “hozirgi muddatlarini nollashtirib, yana ikki muddatga qolishi” uchun imkoniyat yaratish maqsadida o‘zgartirilmoqda, deb hisoblaydi. “O‘zgarishlardan muddao – Mirziyoyevning iqtidorda qolishiga yolg‘ondakam bo‘lsa ham huquqiy asos hozirlash. Konstitutsiya loyihasida ijobiy ahamiyatga ega ayrim qoidalar bor, biroq hech biri rejimning tabiatini tubdan o‘zgartira olmaydi”, deya ta’kidlaydi ekspert “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga bergan intenrvyusida.

– O‘zbekistonning Asosiy qonuni ma’qullangan taqdirda Mirziyoyev rostdan ham hozirgidek 5 yildan emas, biryo‘la 7 yildan ikki muddatga prezidentlikda qola oladimi?

– Darhaqiqat, garchi rasman aytilmagan bo‘lsa-da, ushbu tashabbus tagida prezidentning vakolati muddatini uzaytirish haqida qaror qabul qilish uchun qandaydir huquqiy zamin yaratish istagi yotibdi. Yo‘q, darvoqe, prezidentga yaqin mulozimlardan biri – Sodiq Safoyev konstitutsiyaviy o‘zgartishlar Mirziyoyevning hozirgi muddatlarini nollashtirib, unga keyingi ikki saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘yishga imkon berishini og‘zidan gullab qo‘ygandi.

Biroq bu yerda g‘alati bir paradoks bor: mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Konstitutsiya loyihasida “barcha mansabdor shaxslar faqat ikki muddatga saylanadilar yoki tayinlanadilar, so‘ngra ular o‘z lavozimidan ketishi kerak”, deyilgan. U holda hozirgacha qabul qilingan barcha qonunlar ushbu Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilishi lozim. Chunki, Konstitutsiyaning mazkur qoidalari yoki konstitutsion normalari prezidentning o‘ziga tatbiq etiladigan bo‘lsa, u ham mansabda qola olmaydi. Ana shunaqa sof huquqiy kolliziya vujudga kelyapti, biroq siyosiy nuqtai nazardan bu yerda hammasi tushunarli. O‘zgarishlardan muddao – uning yana ikki muddatga, ya’ni 14 yil prezident kursisida qolishiga nari-beri huquqiy tus berish.

– Konstitutsiyaning yangi tahririda nima tubdan o‘zgargan, ijobiydir, salbiydir – birinchi galda ko‘zga tashlanadigan narsa nima?

– Unda ijobiy baholash mumkin bo‘lgan ayrim qoidalar bor, lekin hech bir qoida yoki norma rejimning tabiatini o‘zgartira olmaydi.

Umuman, mamlakatning bosh nizomiga bunaqa katta o‘zgartishlar kiritishni boshlashdan oldin qandaydir muhokamalar bo‘lishi kerak edi, hech qursa ilmiy doiralarda. Birinchidan, Konstitutsiyani o‘zgartirish nega zarurligini asoslash lozim edi. Axir muammo amaldagi Konstitutsiyaning biron jiddiy qusuri borligi emas, balki bu Konstitutsiya ishlamayotgani edi-ku.

Xullas, avvalo turkum muhokamalar, davra suhbatlari o‘tkazilib, ushbu savollarga javob berilishi va xalqqa qandaydir konsepsiya yoki konseptual ko‘zqarash ko‘rsatib, konstitutsion islohotdan maqsad hamda Konstitutsiyaga qanaqa muhim normalar kiritilishi lozimligini tushuntirish kerak edi. Biroq bu ishlarning hech biri qilinmadi. Tuzatishlar apil-tapil ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yildi. Shoshqaloqlik bilan xom ish qilib, kamida bitta qovun tushirishdi – Qoraqalpog‘istonda g‘alayon chiqib, mamlakatda siyosiy inqirozni yuz berdi.

Мирзиёевнинг Конституция ислоҳоти: Мақсад президент муддатини ноллаштиришми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:02 0:00

Qo‘zg‘olondan keyin hatto Konstitutsiyani o‘zgartirishni boshlaganlarning ham hushi joyiga kelib, bunaqa shoshma-shosharlik rejimni xalq ko‘ziga yomon ko‘rsatayotganini fahmlab qolishdi. O‘zgartishlarni tayyorlash muddatini biroz uzaytirishga qaror qilindi. O‘zgartishlar loyihasi endi ovoz berish uchun e’lon qilinsa kerak, albatta. Hozirgacha bu ishni qilishmagandi. Odamlar ular bilan tanishib chiqishlariga bir oydan sal ko‘proq vaqt beriladi, shekilli, chunki 30-aprelda referendum bo‘ladi.

Ijobiy o‘zgarishlardan, garchi rejim tabiati nuqtai nazaridan mavjud status-kvoga aytarli ta’sir qilmasa-da, bir nechtasini tilga olgan bo‘lardim. Masalan, hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga raislik qilishi taqiqlanayotganini. Biroq bu amalda biron arzigulik natijaga olib kelishiga ko‘zim yetmayapti. Chunki kengash ham, hokim ham yuqorining – prezident administratsiyasining ko‘rsatmasi bilan tayinlanadi, binobarin hayotda barchasi qariyb o‘z holicha qoladi. Ammo bu o‘zgarish mohiyatan ijobiy ahamiyatga egaligini inkor etmayman.

Men bilgan ikkinchi ijobiy jihat shuki, agar o‘zbek matbuotidagi gaplar rost bo‘lsa, Asosiy qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega bo‘larkan. Bu, shubhasiz, yaxshi. Shu paytga qadar sudlar biron qaror qabul qilayotganda Konstitutsiya normalariga emas, Jinoyat huquqi normalariyu allaqanday qonunlar va hatto huquqiy aktlarga havola berishardi. Konstitutsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola berilganini ko‘rmaganman.

Agar rost bo‘lsa, bu tinch ko‘cha namoyishlari o‘tkazish huquqi, jamoat tashkilotlariga uyushish huquqi va yana ba’zi huquqlar kafolatlanadi. Va sudda yangi Konstitutsiyaga suyanish mumkin bo‘ladi. Agarda bu sud tomonidan biron qaror qabul qilinishiga ta’sir etadigan bo‘lsa, ehtimol, qandaydir ijobiy ahamiyat kasb etar. Lekin shaxsan men amalda bundan jiddiy samara chiqishiga shubha qilaman.

Boshqa yangi normalar sezilarli o‘zgarish yasay olmaydi. Tashqi konsepsiyada allaqanday ideologemalar kiritilyapti: chunonchi, aytilishicha, ushbu Konstitutsiya davlatning ijtimoiy davlat maqomini qonuniylashtirar emish. Buni Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniya tajribasidan ko‘chirishgan, chamasi. “Inson – jamiyat – davlat” ideologemasi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Bular bari shunchaki ritorika bo‘lib, joriy etilgan taqdirda ham, toki qonun ustuvor bo‘lmas ekan amalda hech nimani o‘zgartirmaydi.

XS
SM
MD
LG