Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 20:59

Noqonuniy namoyishga chaqirganlik uchun 5 yilgacha qamash taklif qilindi. Qonuniysi yo‘q


Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Yoshlar forumida - 25 - dekabr, 2020

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonlikka chaqirgan, noqonuniy miting va namoyishga da’vat qilgan, saylov tartibini buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘ramoqda.

“Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari deputatlari taklificha, bunday huquqbuzarlik uchun jazo taqriban 14 million so‘m (taqriban 1400 AQSh dollari) miqdoridagi jarimadan 5 yilgacha qamoq tarzida belgilanishi lozim.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ochiqlagan qonun loyihasida “referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik” qismi ham aniq belgilab qo‘yilgan.

Shu yil oktabrida o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovi oldidan hukumatga moyil ikki partiya deputatlari yakdillik bilan ilgari surgan bu taklif tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston qonunchiligida mamlakatda yig‘ilishlar, mitinglar va ko‘cha yurishlarini o‘tkazishning qonuniy tartibi belgilanmagan. 15 - fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu boradagi qonunchilik sobiq SSSR davridan buyon tartibga solinmaganini tan oldi.

Tashabbus: $1400 jarima va 5 yillik qamoq

O‘zbekistonda ruxsat etilmagan miting va namoyishlarga da’vat qilganlik, referendum va saylov haqidagi qonunchilik tartibini buzganlik uchun 5 yilgacha qamoq jazosini belgilash taklif qilindi.

“Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari tomonidan ilgari surilgan qonun loyihasi jurnalistlar va blogerlar uchun alohida ogohlantirishni o‘z ichiga oladi.

Qonun loyihasida, jumladan quyidagi "huquqbuzarliklar" sanalgan:

“belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish”

“jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish”

“referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik”.


Bundan tashqari deputatlar, OAV vakillari va blogerlardan shu mazmundagi fikr va chaqiriqlar egalariga oid ma’lumotlarni ochiqlashni talab qilmoqda:

“... izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirish shart”.

Qonunshunoslar bu kabi “huquqbuzarliklar uchun” kuchaytirilgan jazoni bir vaqtning o‘zida Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritishni taklif qilmoqda.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov taqriban 14 million so‘mlik (taqriban 1400 AQSh dollari) jarimadan tortib 5 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan qonun loyihasini shaxsan ochiqladi.

Qodirovga ko‘ra, deputatlar qonun loyihasini bir o‘qishda yakdillik bilan ma’qullagan. Avvalroq Senat prezident saylovlari sanasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni tasdiqlagandi.

O‘zbekistonlik qonunshunoslarning faollashgani navbatdagi prezident saylovlariga hozirliklar manzarasida yuz bermoqda.

Erta saylovlar

Joriy yil oxirida Shavkat Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddati nihoyasiga yetadi. Oktabr oyining uchinchi yakshanbasi- taqvimga muvofiq bu yil 24 - oktabrga to‘g‘ri keladi - navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Mirziyoyev 8 - fevral kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Saylovga tayyorgarlik oldidan hukumatga moyil ikki partiya deputatlari yakdillik bilan ilgari surgan bu taklif tarmoqlarda katta e’tiroz uyg‘otdi.

Bloger: Hamma saylovga tayyorgarlik bilan band

Prezident Mirziyoyev saylovlar sanasiga o‘zgartirish haqidagi qonunni imzolaganidan bir necha kun o‘tib, ichki ishlar xodimlarining maoshlari oshirilishini e’lon qildi.

Smartgov consulting rahbari va taniqli bloger Aziza Umar joriy rahbariyat xuddi avvalgisi kabi saylovlar oldidan yana kuchishlatar tizimlarga tayanayotganini tanqid qildi.

Aziza Umarovaning Facebook sahifasidan olingan surat, 15 - fevral, 2021
Aziza Umarovaning Facebook sahifasidan olingan surat, 15 - fevral, 2021

Bloger ikki partiya taklifini “saylovga tayyorgarlik”, deya baholadi:

“OAVning yozishicha, tartibsizlikka chaqiriq uchun jinoiy javobgarlik belgilash rejalanmoqda. Ayni paytda kuch ishlatar tuzilmalar maoshi ko‘tarilmoqda – yana bir marta kiyim, harbiy aslaha, maxsus texnika xarid qilinmoqda. Ko‘rinib turibdiki, hamma saylov bilan band”.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari universitetining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov bu taklifga “xalq deputatlari xalqni nishonga oldi”, deya baho berdi:

Alisher Ilhomovning Facebook sahifasidan olingan surat, 15 - fevral, 2021
Alisher Ilhomovning Facebook sahifasidan olingan surat, 15 - fevral, 2021

“Tartibsizlikka chaqirish” deganda nima nazarda tutilayotgani “kadr ortida” qolmoqda. Buni militsiya va prokuratura hal qiladi. Aftidan, “chaqiriqlar” deyilarkan, xalq noroziligining istalgan shakli nazarda tutilmoqda. Xalq nimaga qarshi norozilik bildiradi? Eng avvalo, bizning vazirlarimiz va hokimlarimizning adolatsizligiga qarshi norozilik bildiradi. Ko‘rinadiki, deputatlarimizning bu amaldorlar - talon-toroj, vayronagarchilik bilan shug‘ullanayotgan va odamlarning uyini buzayotganlarga e’tirozi yo‘q”.

Faollar Mirziyoyev hukumatini xalq noroziligiyu buni yoritayotgan OAV hamda blogerlarga jazoni kuchaytirish emas, balki bu noroziliklarga sabab bo‘layotgan muammolarni yechishga chaqirmoqda.

Tarmoqlarda jiddiy muammolarni yechish o‘rniga korrupsiya, talon-toroj bilan shug‘ullangan va shu bois Sardoba suv omboridagi kabi milliy miqyosdagi falokatga sabab bo‘lgani rasman ochiqlangan amaldorlarga chora ko‘rishga chaqiriqlar yangradi.

"Orqangizda prezident turibdi!"

Prezident Mirziyoyevning 4-5 - fevral kunlari Farg‘onaga qilgan tashrifi uning viloyatlarga odatiy safaridan ko‘ra ko‘proq saylovoldi targ‘ibotini eslatdi.

Farg‘onada jurnalist va blogerlar bilan muloqot qilgan Mirziyoyev ularni haqiqat va adolatni yozishga chorladi. Prezident jurnalist va blogerlarni ta’qibga oladigan rahbarlardan shaxsan himoya qilishni va’da qildi.

"Sizlar menga ko‘makchi, yelkadoshsiz. Yutug‘imizni ham, kamchiligimizni ham xalqimizga adolat bilan yetkazuvchi kuch, deb bilaman. Sizlardan bitta narsani iltimos qilaman, izlanishdan erinmanglar, adolatni xalqqa yetkazishdan qo‘rqmanglar. Ortingizda prezident bor! U zamonlar o‘tib bo‘ldi. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Faqat adolat, adolat, faqat haqiqat! To‘g‘ri, bugun kimdir sizlarni yomon ko‘rar. Lekin siz yozgan gaplarni yoqtirmagan rahbarlar baribir borib to‘g‘rilaydi o‘sha muammoni. Baribir adolat mezoni o‘rnatiladi", - dedi prezident.

Ikki xil siyosat

Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Ulug‘bek Ashur prezidentning ushbu bayonoti ortidan bloger va jurnalistlarni ogohlantiruvchi qonun loyihasining muhokama qilinishini uning so‘zlariga tom teskari qadam va ikki xil siyosat, deya baholaydi:

“Ana shu o‘zgarishlar qonun sifatida kiritilsa, Bu O‘zbekistondagi so‘z erkinligi, fikrlash erkinligi, harakat erkinligiga qo‘yilgan juda katta to‘siq bo‘ladi. Ovoz chiqarish payti etdi, fikr aytish payti keldi. Yangi prezident kelib, "Men islohotchiman, Yangi O‘zbekistonni quryapman" deb turganda, bu o‘zgarishlarning kiritilishi siyosatning tom teskarisi. Odamlarni qo‘rqitish, ularni yelkasidan silkib, u yoqqa emas, bu yoqqa yuring, deyish bilan rivojlanish bo‘lmaydi".

Tartibni buzish uchun jazo bor, ammo tartibning o‘zi yo‘q

O‘zbekistonning amaldagi jazo qonunchiligida ommaviy yig‘ilishlar, norozilik namoyishlari, mitinglar, ko‘cha yurishlarini uyushtirish tartibini buzganlik uchun jazo belgilangan.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 217-moddasi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201, 202-moddalarida yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Ammo miting va namoyishlarni uyushtirish va o‘tkazish tartibining o‘zi qonunchilikda belgilanmagan. Ikki partiya vakillari ko‘targan tashabbus ortidan o‘tgan matbuot anjumanida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov buni tan oldi. Uning e’tirof etishicha, qonunchilik sobiq SSSR davridan buyon tartibga solinmagan.

Ichki ishlar vazirligi o‘tgan yilning avgustida "Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Adliya vazirining Gazeta.uz nashri muxbiriga javoban aytishicha, bu loyiha qabul qilinmay, qayta ishlashga yuborilgan:

"Ikki-uch marta bu qayta ishlandi. Oxirgi variantini biz hali ko‘rmadik. Lekin albatta, bu qonun kerak. Loyiha bekorga ishlab chiqilmadi. U davlat dasturi asosida keltirilgan topshiriq bilan ishlab chiqildi", deya iqtibos keltirdi vazirdan internet nashri.

IIV qonun loyihasida ta’kidlanishicha, miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish uchun ruxsat olish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yozma yoki elektron shaklda 15 kun oldin ariza taqdim etiladi.

Konstitutsion tuzumni tajovuzkorlik yo‘li bilan ag‘darish, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilish maqsadida miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Prezidenti, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar boshlanishidan, referendum o‘tkazilishidan bir kun avval va saylov kuni saylov uchastkasi yopilgunga qadar miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish qoidalariga amal qilinishini ta’minlash uchun to‘liq mas’uliyatni zimmasiga oladigan 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari miting, yig‘ilish va namoyishlar tashkilotchisi bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholi ijtimoiy muammolar tufayli stixiyali tarzda qator norozilik aksiyalari - hokimiyat binolariga yig‘ilib borish, yo‘l to‘sish yoki Toshkentdagi davlat idoralari oldida kunlab norozilik yig‘inlariga to‘planishi kuzatilmoqda.

Bu kabi norozilik aksiyalari ko‘pincha mahalliy hokimiyat vakillarining aholining u yoki bu muammosini hal qilishga doir va’dalari yoki vaqtinchalik choralar yordamida tarqatiladi.

XS
SM
MD
LG