AQSH prezidenti Jo Bayden mart oyida Qo‘shma Shtatlar uchun o‘ta maxfiy strategik yadroviy rejani tasdiqladi. Bu haqda 20-avgust kuni AQSHning New York Times (NYT) nashri xabar qildi.
Agar avvallari tiyib turish siyosati asosan SSSRga yo‘naltirilgan bo‘lsa, endilikda AQSHning yangi strategik yadroviy rejasi e’tibori o‘z yadroviy arsenalini boshqa davlatlardan ko‘ra tezroq kengaytirayotgan Xitoyga qaratiladi.
Pentagon Xitoy arsenali keyingi o‘n yillik mobaynida o‘z hajmi va xilma-xilligi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar va Rossiya zaxiralari bilan raqobat qilish darajasiga chiqadi, deb hisoblaydi.
Oq uy avval Bayden qayta ko‘rib chiqilgan “Yadroviy qurollardan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma” (Nuclear Employment Guidance) nomli strategiyani ma’qullaganini ochiqlamagan edi. U ilk bor AQSHning Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya tomonidan bo‘ladigan muhtamal muvofiqlashtirilmish xavf-xatarga hozirligiga qaratilgan.
Taqriban har to‘rt yilda bir marta yangilanuvchi hujjat shu qadar maxfiylashtirilganki, uning hatto elektron nusxasi ham yo‘q, uning faqat Pentagon doxil milliy xavfsizlik muassasalarida ishlovchi bir necha mansabdor shaxsga taqdim etilgan bosma nusxasi bor, xolos.
Oldinlari AQSHning dushmanlari Qo‘shma Shtatlar yadroviy arsenaliga chap berishi mumkin bo‘lgan yadroviy xavf-xatarlarni muvofiqlashtirishi ehtimoli imkonsizdan tuyulardi. Biroq Rossiya va Xitoy o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik, shuningdek, Shimoliy Koreya va Eron tomonidan Ukraina urushi uchun Rossiyaga yetkazib berilayotgan odatiy qurol-aslahalar Vashington fikrini o‘zgartirdi, deya qayd etgan NYT.
Yangi hujjat 2025-yilning 20-yanvarida prezident o‘laroq qasamyodga keltirilajak kishining bundan uch yil oldingidan ko‘ra o‘zgargan va beqarorroq yadroviy landshaftga duch kelishiga jiddiy eslatma bo‘lib hisoblanadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi yadroviy qurol qo‘llash bilan bir necha bor tahdid qilgan.
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp avvalroq Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In o‘z yadroviy qurolidan voz kechishini ishonch bilan bashorat qilgan edi. Biroq buning aksi bo‘lib chiqdi. Kim stavkani ikki baravar oshirdi va endilikda uning tasarrufida 60 dan ziyod kallak va undan ko‘proq raketa uchun yonilg‘i mavjud.
Shimoliy Koreyaning ko‘paygan qurol-aslahasi Pokiston va Isroil arsenali hajmiga yaqinlashmoqda hamda Moskva va Pekin bilan nazariy jihatdan xavf-xatarni muvofiqlashtirishga imkon beradigan darajada ko‘p, deya qayd etgan NYT nashri.
Yadroviy strategiya qayta ko‘rib chiqilganiga oid maxfiy bo‘lmagan xabarnoma Baydenning prezidentlik vakolati tugaguniga qadar tasdiqlash uchun Kongressga yo‘llanishi kutilmoqda, deya xabar qilgan Reuters agentligi.