Линклар

Шошилинч хабар
05 август 2021, Тошкент вақти: 00:13

O‘nlab belarus Lukashenko ustidan Germaniya prokuraturasiga arz qildi


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlaridan biri.

To‘rt nafar nemis advokati Aleksandr Lukashenkoni insoniyatga qarshi jinoyat sodir etishda ayblab, o‘nlab belarus nomidan Germaniya federal prokuraturasiga ariza berdi. Bu haqda DPA axborot agentligiga tayangan holda DW xabar qilgan.

Ariza Belarusda 2020 - yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezident saylovlaridan so‘ng boshlangan tinch namoyishlar chog‘ida jismoniy qiynoqlarga duchor qilingan belaruslar nomidan topshirilgan.

Advokatlar universal yurisdiksiya me’yorlariga asoslangan holda Germaniyani mazkur jinoyatlar bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirmoqda.

Universal huquq qoidalariga ko‘ra, bir davlat boshqa davlat hududida sodir etilgan xatti-harakatlar uchun – basharti bu jinoyatlar xalqaro huquq bilan taqiqlangan bo‘lsa – jinoiy javobgarlik belgilashi mumkin.

Advokatlar Belarusda namoyishlar vaqtida qo‘lga olingan fuqarolarga nisbatan haddan ortiq kuch ishlatilgani va qiynoqlar qo‘llangani uchun Lukashenko va unga tobe kuch ishlatar idoralar xodimlari hech qanday jazoga tortilmasligini ta’kidlashgan.

“Bizning mijozlarimiz Germaniya mazkur holatda o‘zini universal inson huquqlarini himoya qilish tarafdori deb e’lon qilishini kutmoqda”, - degan o‘nlab Belarus fuqarolari manfaatlarini ifoda etayotgan yuristlar DPA agentligiga bergan intervyusida.

Yuristlarga ko‘ra, ularning mijozlari sog‘liqlariga jiddiy zarar yetkazgan jismoniy qiynoqlar – ochlik, uyqusizlik, haqorat va xo‘rliklardan shikoyat qilmoqda. Xususan, arzgo‘ylar uzoq vaqt mobaynida qo‘llari bog‘liq holda cho‘k tushib o‘tirishga majbur bo‘lganlarini aytgan.

“Bir so‘z bilan aytganda, hukumat kuchlari odamlarga hayvon kabi munosabatda bo‘lgan”, - deb ta’kidlaydi advokatlar.

2020 - yil avgustdan beri Belarusda prezident saylovlarining rasmiy natijalariga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. MSK ma’lumotiga ko‘ra, saylovda katta ustunlik bilan Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqan.

Biroq “Golos” platformasi, jamoatchilik sa’y-harakatlari bilan yig‘ilgan katta miqdordagi saylov byulletenlari va uchastkalarda rasmiylashtirilgan bayonnomalarning fotosuratlarini tahlil qilib, MSK ma’lumotini yolg‘onga chiqardi.

Namoyishchilar Lukashenkoning hokimiyatdan ketishini va yangi saylovlar o‘tkazishni talab qilishmoqda.

Yevroittifoqqa a’zo qator mamlakatlar, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSh hamda Kanada Lukashenkoning legitimligini tan olmay, Belarus hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etgan.

2020 - yilning avgustida minglab odamlar qo‘lga olinib kaltaklangan, so‘ng tinch namoyishlarda ishtirok etgani uchun ta’qib qilingandi. Norozilarga nisbatan jinoyat ishlari ochish hanuz davom etmoqda: “Vesna” huquqbonlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Belarusda 360 dan ziyod siyosiy tutqun mavjud.

XS
SM
MD
LG