Sirdaryo tumanidagi 1-maktabda o‘tgan haftada dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirib, o‘qituvchini haqorat qilib, unga qo‘l ko‘targan G. X. ismli ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik qaydicha, o‘qituvchiga qo‘l ko‘tarilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli bandlariga ko‘ra ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudida ko‘rib chiqilgan.
“Sudga viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi tomonidan berilgan psixiatrik ekspertiza xulosasi taqdim etilgan. Ushbu ekspertiza xulosasida qayd etilishicha, fuqaro G. X. aqliy zaiflik yengil darajasi bilan xastalangan hamda huquqbuzarlikni sodir etgan vaqtda o‘z harakatlariga javob bera olmagan”, deyilgan xabarnomada.
Vazirlik Sirdaryo tuman sudi fuqaro G. X. ning umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishi yuzasidan hukm chiqargani va ayni paytda u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilganini qo‘shimcha qilgan.