Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:39

O‘shlik jurnalist Shohruh Soipov tahdidlardan himoya so‘rab militsiyaga ariza yozdi


Shohruh Soipov.
Shohruh Soipov.

O‘sh aeroportida va “Do‘stlik” chegara nazorat o‘tkazish punktida taksichilarning o‘zbekistonlik yo‘lovchilarga nisbatan bo‘layotgan qo‘pol munosabati to‘g‘risida aytib chiqqan jurnalist Shohruh Soipov o‘ziga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan tahdid bo‘layotganini yuzasidan militsiyaga murojaat qildi.

Shohruh Soipov shu yil 21-iyulida Rossiyadan O‘shga kelayotgan o‘zbekistonlik tanishlarini kutib olgani O‘sh aeroportiga boradi va u yerda taksistlar o‘zbekistonliklarni majburlab o‘z mashinasiga o‘tqizmoqchi bo‘layotganiga guvoh bo‘ladi. Bundan tashqari o‘z tanishlarini ham majburlab mashinaga tortayotgan taksislar bilan bo‘lgan mojaroni videoga oladi.

Ayni o‘sha videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylaganidan bir hafta o‘tib, O‘sh viloyat militsiyasi aeroportdagi holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda uni guvoh sifatida so‘roq qiladi.

“Taksi haydovchilari bilan bo‘lgan mojaroni feysbuk sahifamda e’lon qilganimdan keyin meni militsiyaga guvoh sifatida chaqirishdi va shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali menga tahdidlar boshlandi. Bundan tashqari yaqinlarimdan mening qo‘l telefonim, uy manzilimni so‘rashyapti. Xatto noma’lum shaxslar akalarim ishlaydigan joyga borib, men haqimda ma’lumot olishga harakat qilyapti ekan”, - dedi Shohruh.

Uning aytishicha so‘nggi bir necha kunda, ko‘cha-ko‘yda ham noma’lum shaxslar u bilan sababsiz janjal chiqarishga urinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda millatchilik ruhida bo‘lgan taxdidlar yozilyapti. Shundan kelib chiqqan holda, Shohruh militsiyaga o‘zining havfsizligini ta’minlab berishni so‘rab ariza yozadi.

Jurnalistga ko‘ra, u ijimoiy tarmoqlarda o‘ziga nisbatan tahdid qilgan foydalanuvchilarning shaxsiy sahifalarini ko‘rgan. Shoxruh ularning birontasini ham tanimagan va ularni feyk akkauntlar deb gumon qilmoqda.

O‘sh militsiyasi matbuot xizmati jurnalistning arizasi ro‘yxatga olinganini tasdiqladi va tekshiruv boshlanganini bildirdi.

Chiptalar O‘zbekistonga nisbatan arzonroq bo‘lgani uchun ko‘plab o‘zbekistonliklar O‘sh aeropotidan Rossiyaga uchadi. Buning uchun ular “Do‘stlik” o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tishi va u yerda bir necha kilometr olisroqda joylashgan aeroportga kelishlari kerak.

So‘nggi bir necha yilda ayni shu yo‘nalishda taksistlarning zo‘ravonligi, o‘zbekistonliklarni qimmat narxga mashinasiga majburlab o‘tqazib olib ketishayotgani to‘g‘risida shikoyatlar ko‘paygan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni taksi haydovchilarining o‘zbekistonliklarga qo‘pol munosabati bo‘yicha militsiyaga 15ta shikoyat tushgan. Biroq jabrlangan o‘zbekistonliklar arizasi bo‘lmagani uchun taksi xaydovchilari ogohlantirish bilan qutulib qolgan. Ozodlik radiosi bir necha kun oldin bu boradagi videoni ham e’lon qilgan edi.


Mahalliy “Kloop” nashrining yozishicha, Qirg‘izistonda jurnalistlar - oddiy odamlar va hukumat vakillari tomonidan jismoniy va ruhiy bosimlarga uchrab keladi.

So‘nggi besh yarim yilda – 2015-yil yanvaridan 2021-yilning iyuliga qadar Qirg‘iziston prokuraturalari jurnalistlarga nisbatan 42 ta noqonuniy harakat sodir etilganini qayd etgan.

Undan besh ish sudgacha borgan, 28 ish jinoyat tarkibi topilmagani uchun to‘xtatilgan.

Jurnalistlarga nisbatan noqonuniy harakatlarning deyarli barchasi ish vaqtida sodir etilgan yoki ularning kasbiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG