Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:25

O‘zbek amaldorining xarajatlari yildan-yilga oshmoqda. Oddiy xalq-chi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi majlisda. 2-avgust, 2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi majlisda. 2-avgust, 2023

O‘zbek chinovniklari byudjetdan o‘zlariga ajratilgan mablag‘larning har yili rejali oshirib borishlari o‘z yo‘liga. Lekin amalda ular o‘zlari o‘zlariga oshirib ajratgan mablag‘laridan ham yanada ko‘proq xarajat qilishlariga ko‘pchilik e’tibor qaratmaydi.

Masalan, 2019-yilda ularga byudjetdan 3,7 trln.so‘m ajratilgan. Amalda 32,2% ko‘proq, qariyb 5,0 trln.so‘m sarflashgan.

2020-yil, xalq uyda qamalib, ertaga nima qilishni bilmay yashagan og‘ir yilda, o‘zbek chinovniklariga byudjetdan 5,3 trln.so‘m ajratilgan, amalda 39,4% ko‘proq, 7,4 trln.so‘m sarflashgan.


2021-yilda pandemiyadan yanada jilovsizlanib chiqqan o‘zbek chinovniklari "bayramni davom ettirishgan". Byudjetda ularga 6,0 trln.so‘m ajratilgan. Amalda 41,7% ko‘proq, 8,5 trln.so‘m sarflashgan.

Urush boshlanib, hamma tiyinini sanashga o‘tgan 2022-yilda o‘zbek chinovniklari o‘zlariga 9,1 trln.so‘m ajratishgan. Bechoralar nima qilishsin, yana o‘zlarini tiya olishmagan, 50,5%ga ko‘p, 13,7 trln.so‘m sarflab qo‘yishgan.

Boshqacha aytganda, o‘zbek chinovniklarining xarajatlari aslida bir necha foizga emas, yildan yilga karrasiga oshib borgan. 2019-yildagi 3,7 trln.so‘mdan 2023-yilda 17 trln.so‘mga, ya’ni 4,6 barobarga ko‘paygan.

Axir ular nima qilishsin. Sanoqsiz zamlar, ikkitadan birinchi zamlar, pensiyaga chiqishni istamaydigan, stalin zamonidan qolgan maslahatchilar, shotir yordamchilar, kotibalar, ikkitadan sho‘pirlar, hatto oshpazlar, po‘rim kabinetlar, qimmat va juft-juft xizmat moshinlar, biznes klassdagi va jetlardagi uchishlar, ko‘p yulduzli mehmonxonalar, sanoqsiz forumlar, xizmat safarlari, banketlarga ular allaqachon ko‘nikib qolishgan.


Lekin oddiy Xalq-chi? Shu 5 yilda o‘qituvchilarga, pensionerlarga, do‘xtirlarga xarajatlar shunchalik oshirilganmi?

Siz nima deb o‘ylaysiz, amaldorlarimiz qachon xalqni o‘zlarini sevgandek sevishni boshlashadi?

Otabek Bakirov

Iqtisodchi, bloger

Telegramdagi Bakiroo kanalidan olindi.

Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtayi nazari tahririyat nuqtayi nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG