Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 07:49

O‘zbek muhojirlarining Rossiyadan pul jo‘natmalari keskin oshdi


O‘zbek muhojirlari pul jo‘natmalari bo‘yicha yana ilg‘or

O‘zbekistonlik ishchilar pandemiya davrida Rossiyadan vataniga eng ko‘p mablag‘ yuborayotgan muhojirlarga aylandi. Rossiya Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, pandemiya avj olgan 2020 - yilning ikkinchi choragiga nisbatan ular 28,7 foizga ko‘proq mablag‘ chiqara boshladi.

Rossiyada ishlayotgan muhojirlarning o‘z yurtlariga jo‘natayotgan mablag‘lari hajmi keskin oshdi. Birgina O‘zbekistonga ishchilar tomonidan 1 mlrd AQSh dollaridan ko‘proq pul jo‘natildi. Yuzlab million dollarlar Armaniston, Tojikiston, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldovaga ketmoqda.

Bu o‘sish o‘tgan 2020 - yilning iyul-sentabr oylaridan boshlab kuzatilmoqda.

Rossiya Markaziy banki hisob-kitobiga ko‘ra, aynan shu davrdan boshlab Rossiyada pandemiya bilan bog‘liq karantin cheklovlari biroz yumshatildi.

2020 - yilning ikkinchi choragiga solishtirganda O‘zbekistonga jo‘natilayotgan pul mablag‘lari 28,7 foizga o‘sib, 927,7 million dollarga yetgan. Misol tariqasida, Tojikistonga bo‘lgan pul o‘tkazmalari hajmi ham 25,7 foizga o‘sishni ko‘rsatib, 425,5 million AQSh dollariga yetgan.

Mehnat migrantlarining pul jo‘natmalari o‘sishi bo‘yicha ro‘yxatnining oldini Armaniston (27,3), Ozarbayjon (22,9%), Qozog‘iston (20%), Qirg‘iziston (21%), Moldova (4,4%) va Ukraina (7,7) davlatlari egallab kelmoqda.

Rossiya Markaziy banki 2020 - yilning 3-choragida birgina Belarus (0,6%) va Turkmanistonga (80%) o‘tkazmalar hajmi kamayganini qaydga oldi.

Shu tariqa, ayniqsa Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari ishchi muhojirlari pul jo‘natmalari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni pandemiya boshlangungacha bo‘lgan davrdan ham oshirdi: O‘zbekiston - 53 foizga, Armaniston - 32,5foizga, Tojikiston - 19,8 foizga, Qirg‘iziston - 19,6 foizga, Ozarbayjon - 3 foizga.

Ozodlik suhbatlashgan migratsiya ekspertlari Rossiya Markaziy banki berayotgan bu raqamlarda boshqa yo‘llar bilan jo‘natilgan pul jo‘natmalari aks ettirilmaganiga ham e’tibor qaratdi.

Ta’kidlash joizki, koronavirus kasalligi tarqalishi oqibatida 2020 - yilning mart oylari oxirlaridan Rossiyada keskin karantin cheklovlari joriy etilgan, chegaralar yopilib, odamlarning harakatlanishi, korxona va muassasalar, turli shirkatlarda ish faoliyatiga to‘siq qo‘yilgandi.

Natijada ishsiz qolgan ko‘plab mehnat muhojirlari, xususan o‘zbekistonlik ishchilar pandemiya avj olib borayotgan Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan. Rossiyada joriy etilgan qattiq karantin rejimi 2020 - yilning 2 choragida O‘zbekistonga bo‘lgan pul jo‘natmalari hajmini 18,8 foizga, Tojikistonga - 4,7 foizga, Qirg‘izistonga - 1 foizga qisqartirib yuborgandi.

Rossiya Fanlar Akademiyasining Sotsiologiya instituti olib borgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiyada mehnat qilib kelgan 30 foiz ishchi-migrant ishsiz qolgan edi.

2020 - yilning oxirlarida Rossiyaning qator hukumat idoralari turli mintaqalarda ishchilar kontingenti 20-50 foizga qisqarganini e’lon qila boshlagandi.

Ayni damda, Rossiya Statistika qo‘mitasi berayotgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 - yilda Rossiya aholisi soni bir yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 510,5 ming kishiga qisqargan. Bu Rossiyada 2005 - yildan buyongi aholining bu darajada keskin kamayishidir.

2021 - yilning 1 - yanvariga kelib Rossiya Federatsiyasida 146,2 million odam istiqomat qilib kelishi aytildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi pandemiya ortidan Rossiyada mehnat muhojirlari soni 2020 - yil oxiriga kelib qariyb 2 barobarga kamayib, 6,3 million kishiga yetganini xabar qilgandi.

XS
SM
MD
LG