O‘zbekistonda, eng past ko‘rsatkichda bo‘lsa-da, bolalar nikohi mavjud, deyilgan Equality Now xalqaro inson huquqlari tashkiloti hisobotida.
Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bolalar, erta va majburiy nikoh Yevrosiyoda keng tarqalgan dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Bu holat kambag‘al oilalar, qishloq joylari va ziddiyatlardan aziyat chekkan hududlarda ko‘proq kuzatilyapti.
Mintaqa bo‘yicha Gruziya va Qirg‘izistonda bolalar nikohining eng katta ko‘rsatkichi, O‘zbekistonda esa eng kichik ko‘rsatkichi kuzatilgan.
O‘zbekistonda bolalar nikohi 3,4 foiz bo‘lib, so‘nggi o‘n yil ichida sezilarli darajada kamaygan. Biroq, Equality Now qaydicha, mamlakatda ba’zi muammolar saqlanib qolgan.
Umuman, tadqiqotda Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondagi bolalar nikohi, erta nikoh va majburiy nikoh muammosi tahlil qilingan.
Ekspertlarga ko‘ra, yetti davlatning barchasi bolalar va majburiy nikohga oid qonunlarni isloh qilish bo‘yicha choralar ko‘rgan, biroq faqat Gruziya va Ozarbayjon nikoh uchun minimal yoshni istisnosiz 18 yosh deb belgilagan.
Qolgan mamlakatlarda ota-ona roziligi yoki mahalliy hokimiyat ruxsati bilan 18 yoshga to‘lgunga qadar nikoh qurishga imkon beriladi. Rossiyaning bir qator mintaqalarida hatto 14 yoshdan boshlab nikohga ruxsat mavjud.
Equality Now tashkiloti nikoh uchun minimal yoshni istisnosiz 18 yosh etib belgilashga chaqirgan. Hukumatlarga, shuningdek, qizlarni yosh turmushga uzatmaslik uchun oilalarni moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish uqtirilgan.
2019-yil 1-sentyabridan O‘zbekiston qonunchiligiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini 18 yosh etib belgilovchi norma kiritilgan. Unga qadar oila qurishning eng kichik yoshi yigitlar uchun 18, qizlar uchun 17 yosh bo‘lgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda 2023-yilda erta nikohlar soni 42 tani tashkil etgan. Ammo amalda bu raqam kattaroq ekani taxmin qilinadi.