O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda o‘qish, malaka oshirish hamda zamonaviy korxonalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yengillik bo‘lishi uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni topshirdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga muvofiq, 7-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aholini talab yuqori kasblarga o‘qitish va daromadli ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilingan.
Bundan tashqari, kelgusi yildan rivojlangan davlatlarda ham ishlash, ham o‘qish imkonini beruvchi “Work and Travel” kabi dasturlarda qatnashayotgan o‘zbekistonlik yoshlarga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Shu bilan birga, chet elda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqotni kuchaytirish, ularning ko‘proq oylik olishiga sharoit yaratish hamda ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etilgan.
Ozodlik dekabr oyi boshida O‘zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzolagani haqida xabar qilgandi.
Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun 30 kungacha muddatga viza talablaridan ozod qilinadi.
Germaniya ham o‘zbekistonliklar uchun ishchi vizasini berish tartibini yengillashtirish istagini bildirgan.
Ayni paytda ekspertlar Buyuk Britaniya kabi markaziy osiyoliklar orasida mehnat migratsiyasi uchun mashhur manzillarda viza, ish va daromad borasida aldov va firib qurboni bo‘lish xatari kuchli ekanini ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak, deb hisoblaydi.