O‘zbekiston joriy yil yanvar – avgust oylarida 1,15 milliard dollarlik gaz import qildi.
Bu haqda “Gazeta.uz” nashri Prezident huzuridagi Statistika agentligining tashqi savdo to‘g‘risidagi hisobotiga tayanib xabar berdi.
“Zangori olov” importi hajmi 2023-yilning sakkiz oyida 201,8 million dollarni tashkil etgan edi. Bu esa yillik o‘sish ko‘rsatkichi 5,7 baravar ekanidan dalolat beradi.
Joriy yilning sakkiz oyi natijasi gaz importining o‘tgan yili umumiy hajmidan (694,9 million dollar) ham ko‘pdir.
O‘zbekiston parallel ravishda gaz eksportini ham yo‘lga qo‘ygan. Yil boshidan buyon yetkazib berish 404,8 million dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga (377,9 million dollar) nisbatan 7,1 foizga ko‘pdir.
O‘zbekiston gazining asosiy xaridorlari Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikistondir.
2023-yil oktyabr oyidan O‘zbekiston Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali gazni revers rejimda import qilmoqda. Energetika rasmiylari rus gazi xaridini “mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, iste’moldagi mavsumiy notekisliklarni qoplash va kafolatlangan manbalarni diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha gaz hajmlarini ta’minlash” maqsadi bilan izohlagan.
Iqtisodiy tahlilchilar mamlakatda gaz qazib olish shiddat bilan qisqarib borayotgan sharoitda eksport to‘xtamaganini “paradoks” deb atagan.
Rossiyadan energoqaramlikning oshishi ham xavfli tendensiya o‘laroq baholanmoqda.