Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:16

O‘zbekiston hukumati xorijdagi diniy ta’lim ustidan nazoratni kuchaytirmoqda


Al-Azhar universiteti
Al-Azhar universiteti

Joriy yil iyunidan Qohiradagi Al-Azhar universiteti barcha muassasalariga qabul faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yo‘llanmasi asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Bu haqdagi xabarni Ozodlikka 9 - iyun kuni O‘zbekistonning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi vakili tasdiqladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston hukumatiga yaqin tahlilchining Ozodlikka aytishicha, voyaga yetmagan O‘zbekiston vatandoshlarining diniy ta’lim olishiga yo‘l qo‘yilmaydi va chet eldagi diniy ta’lim maskanlariga o‘qish uchun borayotganlar Diniy qo‘mitadan suhbatdan o‘tib¸ maxsus yo‘llanma olishlari kerak bo‘ladi.

Misrda diniy ta’lim olayotganlarni qaytarish istiqboli ko‘pchilik talabalarni tashvishga soldi.
Misrda diniy ta’lim olayotganlarni qaytarish istiqboli ko‘pchilik talabalarni tashvishga soldi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bundan maqsad “Misr va Turkiyada tashkil qilingan diniy saboq beruvchi noqonuniy hujralarga ketayotgan yoshlar oqimini to‘xtatib qolish”. Ozodlik Misrdagi hujralarga bola yetkazib berish logistikasini ta’minlab kelgan shu kunlarda Turkiyada istiqomat qiladigan 31 yashar O‘zbekiston vatandoshi bilan gaplashdi. Uning aytishicha¸ keyingi bir oy ichida Misr Arab respublikasidagi O‘zbekiston elchixonasi diniy ta’lim olish uchun Al-Azhar ta’lim majmuasiga borgan o‘zbek vatandoshlariga qaydnoma (xitob) berishni to‘xtatgan. Bu esa, uning nazarida Al-Azhar ta’lim majmuasiga oid litsey va podkurslarga o‘zbek o‘quvchilarini yozdirish imkonini yo‘qqa chiqargan.

Shu bilan birga, joriy yilda Turkiya xavfsizlik xizmatlari - Milliy istihborot idorasi (MIT) tomonidan o‘zbek bolalari o‘qiydigan kamida uch madrasa yopib qo‘yilgan.

Misr hujralariga bolalar olib ketilayotgani haqidagi xabar tarmoqda 15 - aprel kuni tarqalgan edi.
Misr hujralariga bolalar olib ketilayotgani haqidagi xabar tarmoqda 15 - aprel kuni tarqalgan edi.

O‘zbekiston DXXsiga analitik hisobotlar yozadigan tahlilchining Ozodlikka aytishicha¸joriy yil yanvaridan may oyigacha bo‘lgan 5 oy ichida voyaga yetmagan 1800 nafar o‘zbek bola Misrdagi hujralarga o‘qish uchun olib ketilayotgan paytda chegarada to‘xtatib qolingan.

Bu iddaoni Misrdagi hujralarga talabalarni yo‘llab kelgan yigit ham tasdiqladi. Uning hisobicha, 1500dan ziyod bola chegaradan qaytarilgan. Ularning aksari O‘zbekistonning Farg‘ona¸ Andijon va Namangan viloyatlaridan.

“Ko‘p hollarda Misrga pryamoy reys qilmay, Dubayga bir haftalik viza olib, bolalarni Dubaydan Misrga olib o‘tishyapti” deya iddao qildi suhbatdosh. Suhbatdosh ta’kidlagan ushbu holat haqida joriy haftada O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi internet tarmog‘ida tarqatgan bayonotda ham so‘z boradi.
Bayonotda “Qohira shahridagi shubhali “hujra”lar va markazlarda” “ta’lim” olayotgan “aksariyat vatandoshlar” borasida tashvish izhor qilingan.
Elchixona bayonotida Al-Azhar majmuasi rahbariyati ham talabalarning “hujralar”da ta’lim olishini keskin qoralashi va tan olmasligi ta’kidlanadi. Bayonotda bir necha oylar mobaynida sababsiz darslarni qoldirish va o‘tish imtihonlariga umuman kelmagan yuzlab O‘zbekiston Respublikasi vatandoshlarining Al-Azhar ta’lim muassasalaridan o‘qishdan chetlatilganligi” aytiladi.

Qohiradagi O‘zbekiston elchixonasi xodimi Ozodlik bilan suhbatda bayonotdagi gaplar tagida “tashvishli haqiqat” yotganligini bildirdi.
O‘zbekistondagi Azon.uz nashri muassisi¸ o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida bir muddat Al-Azharda tahsil olgan Mubashshir Ahmad o‘zining Feysbuk sahifasida elchixona bayonotini vatandoshlarning “Konstitutsiyada belgilangan ta’lim olish erkinligiga to‘siq qo‘yish” deya baholadi.

Mubashshir Ahmad bayonoti
Mubashshir Ahmad bayonoti


Misrda ta’lim olayotgan va hujrada yosh bolalarga ta’lim berayotgan o‘zbek talabasi esa, Ozodlik bilan suhbatda “diniy ta’limni yoshlikdan olish kerakligini” ta’kidladi:

“Muhtaram prezidentimiz bizdan ham Buxoriylar chiqsin, deb ezgu niyat bildirib, diniy ekinlikni ta’minlab berdi. Ammo Misrdagi elchixona xitob (ma’lumotnoma) bermay qo‘yib, yoshlarning diniy ta’lim olishiga halaqit bermoqda”.

Misrdagi hujralarga bola yekazib berish logistikasini ta’minlab kelgan yigit iddaosiga ko‘ra¸ muammo boshqa joyda:

“Bir oy oldin yuzlab odam O‘zbekiston IIV tarafidan qidiruvga berildi. Bu qidirilayotganlar orasida Misr va Istanbuldagi hujralarda ta’lim berayotganlar bor. Men taniganlardan bir ayol “Mehr” tadbirida Yaqin Sharqdan O‘zbekistonga qaytgan edi. Uni so‘roq-savol qilib, hujralar haqida ma’lumot olishgan. Boshqalardan ham so‘rashgan."

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi qidiruv e’lon qilgan shaxslar orasida Al-Azharda o‘qigan Sodiq Samarqandiy (Sodiqjon Muhammadiyev) ham bor
O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi qidiruv e’lon qilgan shaxslar orasida Al-Azharda o‘qigan Sodiq Samarqandiy (Sodiqjon Muhammadiyev) ham bor

Joriy yilning aprel oyida taniqli bloger Aqidaxonim ota - onasidan beso‘roq Misrga qochb ketgani tahmin qilingan qo‘qonlik qiz haqida yozgan edi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida din erkinligi va din davlatdan ajratilganlik tamoyili ta’minlanadi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda prozelitizm, diniy adabiyotni olib kirib tarqatish va xususiy tarzda diniy ta’lim berish kabi xatti-harakat bilan qonun taqiqlarini buzgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekistonda oxirgi 4 yilda diniy erkinliklar doirasi kengaygani e’tirof etiladi. Ayni paytda O‘zbekiston prezidentining 2019 - yil 4 - sentabr kuni 4437- soni bilan rasmiylashtirilgan maxfiy qarori asosida butun mamlakat bo‘ylab diniy mutaassiblikka moyil vatandoshlarning maxsus ro‘yxatlari tuzilmoqda.

Bunday ro‘yxatlarni tuzish to‘g‘risida Ozodlik ixtiyoridagi mahfiy hujjatga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”da aniq topshiriqlar berilgan.

XS
SM
MD
LG