Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 17:49

O‘zbekiston muftiysi xo‘jako‘rsin marosimlarni tanqid qildi


O‘zbekiston muftiysi Nuriddin Xoliqnazarov (arxiv surati)
O‘zbekiston muftiysi Nuriddin Xoliqnazarov (arxiv surati)

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlarda kimo‘zar poyga, riyo va isrof kuchayib ketganini “o‘zbek xalqining jiddiy muammolaridan biri” deb atadi.

Muftiy ta’kidicha, mamlakatdagi imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirishi zarur.

“Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish katta gunoh” ekanini urg‘ulagan muftiy Nuriddin Xoliqnazarov musulmonlarni “topganini savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam berish va ulkan savobga ega bo‘lish”ga da’vat etgan.

Ayni paytda isrofgarchilik va dabdababozlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytirishda ziyolilar, otaxon va onaxonlarning ham qatnashishi maqsadga muvofiq ekani eslatilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi ko‘rsatmasiga muvofiq, endilikda har bir markaziy masjid beshtadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashadi. Har bir tuman-shahar bosh imom-xatibi hududidagi kamida bitta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatadi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilishga mas’ul sanaladi.

O‘zbekistonda to‘y, marosimlardagi dabdababozlik va isrofgarchilik ko‘pdan buyon tanqid qilib kelinadi.

Bir necha yil avval senatorlar to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni ixcham, kamxarj va dabdabasiz o‘tkazish zarurligini ta’kidlashgandi.

2017-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev to‘ylardagi isrof va dabdabani keskin tanqid qilishi ortidan mamlakatda turli ommaviy ma’rakalarni ixchamlashtirishga qaratilgan kampaniya boshlangani ma’lum.

XS
SM
MD
LG