Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2021, Тошкент вақти: 04:17

"O‘zbekiston"ning ham, "O‘qituvchi"ning ham kelajagiga ishonmayotgan noshir bilan OzodSuhbat


O‘zbek noshirlarining Germaniyadagi ko‘rgazmada taqdim etgan kitoblari -2019 - yil

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 27 - oktabrda imzolagan farmonga binoan davlatga qarashli 109 ta gazeta, jurnal va nashriyotlar xususiy sektorga sotiladigan bo‘ldi.

Farmonga binoan aksiya paketlari xususiylashtiriladigan 274 ta yirik korxona va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati mavjud, lekin xususiylashtiriladigan gazeta, jurnal va nashriyotlar ro‘yxati hozircha ma’lum emas.

Farmonga 4- ilovada sotuvga qo‘yiladigan gazeta, jurnal va nashriyotlar ro‘yxati Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanajagi aytilgan.

Shunday bo‘lsa-da, ba’zi bir yirik nashriyotlarning sotuvga qo‘yilishi haqida ro‘yxat e’lon qilinmay turib ham gapirish mumkin. Gap shundaki, joriy yilning 16 - martida prezident Mirziyoyev “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qilgan va o‘sha hujjatda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, “G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” va “O‘qituvchi” matbaa uyi” davlat korxonalari xususiylashtirilishi aytilgan.

Hujjatda 2020 - yilning 1 - iyulidan noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinishi, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganlik haqida vakolatli organni xabardor etish tizimi joriy etilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunday qilib, O‘zbekiston prezidentining 16 - martdagi qarori hamda 27 - oktabrdagi farmoni bilan yaqin bir necha oy ichida mamlakatdagi eng yirik nashriyotlar oz sonli xususiy nashriyotlar qatoriga qo‘shilishi mumkin.

Xo‘sh, “O‘zbekiston”ni, “G‘afur G‘ulom”ni yoki “O‘qituvchi”ni kim sotib oladi? Shu kunda o‘zbekistonlik xususiy nashriyot egasi qanday nafas olyapti, uning nashriyoti qanday ishlayapti? Foyda bormi o‘zi bunday faoliyatdan? Bu nashriyotlar chiqarayotgan mahsulotni birov o‘qiyaptimi?

Shu va shunga o‘xshash savollarni OzodSuhbat eshittirishi O‘zbekistondagi mustaqil noshirlardan biriga berdi. Noshir savollarimizga javob berishga faqat bir shart bilan - ismi va nashriyoti nomi aytilmasligi sharti bilan rozilik berdi.

Quyida noshir bilan suhbatni o‘qishingiz mumkin.

***

- Nashriyotingiz to‘liq xususiymi?

- Ha, meniki, to‘liq xususiy.

- Qanday adabiyotlarga ixtisoslashgan?

- Badiiy kitoblarga. Faqat kitob. Adabiy, ilmiy, san’at yo‘nalishlarida.

- Bosmaxonangiz ham bormi?

- Ha, bor.

- Bir yilda necha nomda kitob chiqarasiz? Umumiy tiraji qancha?

- Bir yilda bir yuz ellik-ikki yuz nomga yaqin kitob chiqaramiz. Tiraji haqida ma’lumot aytish qiyin. Chunki aksar qismini 30, 50, 100 talab chiqadigan kitoblar tashkil etadi. 1000, 2000, 3000 ta adadda chiqadiganlari ancha kamaygan.

- 1000, 2000, 3000 ta chiqadiganlari kamayganining sababi nimada?

Bugungi kunda bitta yaxshi tushlik 50 ming so‘m atrofida. Bitta yaxshi katta hajmli kitob esa, undan arzonroq.

- Sababi ko‘p. Avvalambor, hammaning qo‘lida planshet, telefon, kompyuter. qolaversa, xalqimizda kitob o‘qishga qiziqish ham oldingidek emas. odamlar hazmi oson, tez tugaydigan, kayfiyatni ko‘taradigan mahsulotlarga o‘ch bo‘lib boryapti. Va eng muhimi, o‘qishli kitoblar ham ko‘p emas. Yangi yaxshi asarlar ko‘p yozilayotgani yo‘q. Bugungi kunda bitta yaxshi tushlik 50 ming so‘m atrofida. Bitta yaxshi katta hajmli kitob esa, undan arzonroq. ammo bir oyda bitta shunaqa kitobga pul xarjlash odamlarga negadir og‘irlik qiladi. Balki narxi og‘irlik qilmas, ammo uni o‘qish kerak-ku olgandan keyin. O‘qimas ekan, olib nima qiladi? Xullas, odamlarda shunaqa kayfiyat...

- Balki kitob - qog‘oz kitob - sivilizatsiyaning bir hodisasi sifatida o‘z umrini yashab bo‘lgandir?

Jiddiy munozarali mavzularni olib tashlaymiz, qisqartiramiz, o‘zgartiramiz...

- Shunaqa vahimalarim ham yo‘q emas. Ammo yana o‘ylab qolaman, balki bu o‘tish davridir , deb.

- Siz nashr qiladigan kitoblarning, sovetcha ta’bir bilan aytganda, "g‘oyaviy-badiiy" qimmatini kim belgilaydi?

- Mualliflar "g‘oya"ni eng oldin bozordan oladi. Kitobi sotilishini nazarda tutib yozadi. Keyin nashriyotlar - biz belgilaymiz. Shaxsan men ahloq-odob, e’tiqodiy, siyosiy tomonlariga e’tibor beraman. Jiddiy munozarali mavzularni olib tashlaymiz, qisqartiramiz, o‘zgartiramiz... xullas, shunaqa.

- Senzura? Davlatning qandaydir idorasi tomonidan nazoratni nazarda tutyapman...

Haqiqatni aytishga, yozishga qo‘rqayotganimiz rost.

- Oldingidek jiddiy senzura yo‘q. Ammo yuqori tashkilotlar nashriyotlar nimalarni nashr etayotganini kuzatib borishi, kerak bo‘lganda, ogohlantirishlar, cheklashlar bo‘lishi - haqiqat. Shaxsan men, qanday tushunasiz, bilmadim, to‘la, mutlaq erkinlikka qarshiman. Biz erkinlikni suiiste’mol qilib yuboramiz. Bizga har bir sohada adolatli qattiqqo‘l rahbarlar kerak. Qog‘ozda yo‘q, ammo amalda bo‘lib turgan senzura bor. Haqiqatni aytishga, yozishga qo‘rqayotganimiz rost. Ammo odamlarning og‘zini ochib qo‘yilsa ham, bir balo... chunki hali bahs, munozara, haqgo‘ylik borasida madaniyatdan ancha uzoqmiz. oddiy Feysbuk tarmog‘ini kuzatib, shunga amin bo‘laman.

- Necha yil bo‘ldi nashriyotingiz ish boshlaganiga?

- 2008 - yil edi, adashmasam, nashriyotga litsenziya olganimiz.

- Ishni birinchi prezident davrida boshlagan ekansiz. O‘shandan beri nima o‘zgardi sizning ishingizda?

- Biz boshlagan paytlar nashriyotga ruxsat olish juda qiyin edi. Ikki yillar deganda olganmiz ruxsatni. Ruxsatni olib bo‘lib ham nafas olish yengillashmasdi. Balki mas’uliyat juda katta edi. To‘g‘ri, senzura biz noshirlikni boshlagan paytda yo‘q edi, ammo u endi har birimizning ichimizdaydi. Ozgina xatolik bilan yillar mobaynida erishilgan nashriyot yopib tashlanishi mumkin edi. Shuning-chun hamma qo‘rqib nashr qilardi. Hozir esa, Xudoga shukurlar bo‘lsin, ancha yaxshi-ku. ruxsat olish bemalol. Ishni yuritib biladigan kishilar bemalol ochishi mumkin. To‘g‘ri, biz kechroq yetishdik bu erkinlikka. Masalan, Qozog‘istonda 20 yillar oldin shunaqa qilib qo‘yilgandi.

- Jumlani davom ettiring: O‘zbekistonda xususiy nashriyot egasi bo‘lish oson, chunki...

- ...ruxsat olishda hech qanday to‘sqinlik yo‘q.

- Shu xolosmi?..

- Eng asosiy muammo shu edi. Qolgan mayda-chuyda jihatlari ham bordir, ammo hozir esimga kelmayapti.

- O‘zbekistonda xususiy nashriyot egasi bo‘lish qiyin, dedingiz...

Nashriyotlar o‘zini o‘zi ta’minlay olmaydi.

- Chunki nashriyotlar o‘zini o‘zi ta’minlay olmaydi. Avvalo, yuqorida aytganimday, kitob sotib kun ko‘rish qiyin. Boy bo‘lish haqida-ku gap-so‘z aytish kulguli... Kitobga ehtiyoj kundan -kunga pasayib bormoqda. Ayniqsa, hozirgi pandemiya paytida juda pasaygan. Ha, yana bir gap - nashriyotlar, tahririyatlar 2020 - yilning 1 - aprelidan QQS to‘laydigan bo‘lgan. Aslida, mahsulotlarning adadi ko‘p - 5 ming, 10 mingtalab bo‘lsa, QQS solig‘iga chidash mumkin, ammo bizdagiga o‘xshab 100 ta, 500 ta chiqadigan bo‘lsa, tannarxni ko‘tarib yuboradi. tannarx ko‘tarilsa, mijozga ham og‘irlik qiladi.

- Prezident Mirziyoyevday kitob o‘qishni targ‘ib qilib keladi. O‘sha kitobni nashr qiluvchilarga ham yengillik berilsa, mantiqli bo‘lar edi. Siz bir xususiy noshir sifatida sezdingizmi yengillikni, qandaydir imtiyozni?

- Prezidentning hamma gapi yuzada qolib ketyapti. Hamma amallar soxta.

- Prezidentning hamma gapi yuzada qolib ketyapti. Hamma amallar soxta. Farmonlarning ijrosi soxta, ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas. Yengillik haqida yuqorida aytganday bo‘ldim: QQSdan ozod edik. Hozir u yengillik ham ketgan. Odamlarga kitob o‘qigani uchun mukofotlar berildi, hamma kitobga yopishib qoldi. Bermay qo‘yishuvdi, taqqa to‘xtadi. Odamlarimizda ma’rifat bo‘lsa, bunaqa xo‘jako‘rsin holatga tushmasdik. Men istayman - kitoblar oynai jahonda reklama qilinsa, tekinga! Ko‘chalarda yaxshi kitoblarning targ‘ibot-reklamalari osib qo‘yilsa. Masalan, ba’zi kitob do‘konlari qoshida kutubxonalar tashkillashtirilyapti, ammo qiziqib bittasidan so‘radim, yuztacha kitobdan ikki-uchtaginasi o‘qishga olingan.

- Prezidentning o‘tgan haftadagi farmoni bilan bir qator nashriyotlar xususiylaitiriladigan bo‘ldi. Davlat nega bu choraga qo‘l urmoqda, deb o‘ylaysiz?

Asta-sekin davlat mulki qolmayapti, bo‘lib-bo‘lib berilyapti yoki bo‘lib-bo‘lib olinyapti.

- Asta-sekin davlat mulki qolmayapti, bo‘lib-bo‘lib berilyapti yoki bo‘lib-bo‘lib olinyapti.Yerlar sotilyapti, bog‘lar sotilyapti, boyliklar sotilyapti...
Ammo bu farmon kerak edi, nashriyotlar xususiy bo‘lgani yaxshi, chunki bizlar bundan buyog‘iga bemalol raqobatlasha olamiz. Oldin, bir pog‘ona past turardik davlat nashriyotlaridan...

- Xususiylashtiriladigan nashriyotlar ro‘yxati prezident farmoniga ilovalarda yo‘q. Biroq joriy yilning martidayoq "O‘zbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, “G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” va “O‘qituvchi matbaa uyi” kabi monstr nashriyotlar xususiylashtirilishi ma’lum qilingan. Siz shulardan birini sotib olgan bo‘larmidingiz?..

- Yo‘q, mablag‘im bo‘lganda boshqa narsa, masalan, yer sotib olgan bo‘lardim. nashriyotlarning kelajagi judayam porloq emasdek ko‘rinyapti ko‘zimga.

- Kelajagi porloq bo‘lishi uchun hukumat qanday choralar ko‘rishi kerak?

- Xalqning ma’naviyati yuksalishi uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak. Agar odamlarning saviyasi yuksalsa, nafaqat nashriyotlar, balki barcha sohalar gullab-yashnab ketadi. Avvalo, ta’limni butunlay isloh qilish kerak.

XS
SM
MD
LG