Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:17

O‘zbekiston-Pokiston: Notinch qo‘shni osha hamkorlik


Pokiston Bosh vaziri Imron Xon 15 - iyul kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon 15 - iyul kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Shu kuni u O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdi.

Pokiston bosh vazirining O‘zbekiston rahbari bilan so‘zlashuvlari rejalashtirilgan.

Imron Xonning Toshkentga tashrifini O‘zbekiston rasmiy matbuoti “ko‘p qirrali O‘zbekiston – Pokiston sherikligini yangi bosqichga olib chiqishda navbatdagi muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda”, deya baholadi.

Tahlilchilar fikricha, Toshkent – Islomobod munosabatlari istiqboli Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashuviga bog‘liq.

15-16 - iyul kunlari Toshkent Markaziy va Janubiy Osiyodagi hamkorlikka doir xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi. Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari ham qatnashadigan anjuman Tolibon Markaziy Osiyo chegaralariga chiqqan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Mirziyoyev janubiy qo‘shnisiga chegaralarni ochgan va O‘zbekiston Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqishga umid qolmoqda. Ammo tahlilchilarga ko‘ra, Toshkent, yana bir bor iqtisodiy manfaat bilan milliy xavfsizlik o‘rtasidagi ziddiyatli tanlov qarshisida qolishi mumkin.

Yaxshi boshlanib, keyin sovib ketgan munosabatlar

O‘zbek siyosatshunosi, Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyalashuvi masalalari bo‘yicha mutaxassis Farhod Tolipov Toshkent- Islomobod munosabatlari tarixiga to‘xtalar ekan, bunday dedi:

“O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari mustaqillikning dastlabki yillaridanoq boshlangan. 90-yillardan boshlab O‘zbekistonning tashqi siyosatida ramziy ma’noda gapirilsa, “janubga qarab yurish”, ya’ni janub tomon transport-kommunikatsion yo‘llarni barpo etishga harakat strategik ahamiyat kasb etgan edi. Ya’ni O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston orqali dengiz portlariga chiqish yo‘lida siyosat olib borgan”.

Pokiston O‘zbekiston mustaqilligini dunyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, 1991 - yilning 20 - dekabrida tan olgan. 1992 - yilning 10 - mayida esa, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari shu paytga qadar ancha past darajada bo‘lib kelgani, Islom Karimov davrida O‘zbekistonning nafaqat Pokiston bilan munosabatlari, balki, barcha janubiy davlatlar, ya’ni, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, arab davlatlari bilan munosabatlari ham asosan, ishonchsizlik bilan to‘ldirilganini aytadi:

Siësatshunos Kamoliddin Rabbimov
Siësatshunos Kamoliddin Rabbimov

“O‘zbekiston hokimiyatiga Shavkat Mirziyoyev kelgandan keyin ham, Pokiston bilan munosabatlar ijobiy tomonga jadal o‘zgarmadi. Qiyoslash uchun: Pokistonning eng katta raqibi - qo‘shnisi Hindiston bilan, O‘zbekistonning keyingi besh yildagi munosabatlari ancha yuqori. Misol uchun, Prezident Mirziyoyev 2018 - yil oktyabrda Hindistonga bordi, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga keldi. Bu ikki rahbar pandemiya fonida, bir necha marta telekonferensiyalar o‘tkazishdi. Lekin shu paytgacha Mirziyoyev Pokistonga bormadi ”.

Iliqlasha boshlagan munosabatlar

Mana shunday vaziyatda Pokiston bosh vaziri O‘zbekiston prezidentining taklifi bilan Toshkentga rasmiy safar bilan keldi.

AQSh kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketishi fonida O‘zbekiston Pokiston bilan munosabatlarni rivojlantirish niyatida.

“Mana endi, AQSh kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketishi fonida O‘zbekiston Pokiston bilan munosabatlarni rivojlantirish niyatida. Sababi, toliblarga ta’siri yuqori bo‘lgan yagona davlat Pokistondir. Ayni paytda bu davlat Pekinning eng ishonchli strategik hamkori, do‘sti, ittifoqchisi. Pekin esa, AQShni Afg‘onistondan chiqib ketishini qulay siyosiy fursat ko‘rib, toliblar bilan kelishish, ularni tinch yo‘l bilan Afg‘oniston vaziyatiga integratsiya qilish va shu yo‘l bilan, Afg‘oniston orqali o‘zining azaliy orzusi – Yevrosiyo savdo-transport koridorlarini yo‘lga qo‘yish istamoqda”, deydi Kamoliddin Rabbimov.

Dengizga ehtiyoj

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 - iyunida Surxondaryoda jurnalistlar oldida qilgan chiqishida qurilishi rejalashtirilayotgan “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘lini O‘zbekiston uchun “jo‘g‘rofiy, iqtisodiy va siyosiy” foyda keltiruvchi loyiha deb atagan edi:

Men buni asr loyihasi deb atayman... Xabaringiz bor, Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston vakillari bu “asr loyihasi”ni imzolagan. Oradan 2-3 oy o‘tib men Jahon banki rahbariyati bilan uchrashdim. Ular dastlabki qadamlar – loyihalash ishlari uchun 35 million dollar ajratishga rozi bo‘lishdi”.

Bu loyihalar kelajagi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq bo‘lib qoladi. Vaziyat esa, ko‘p jihatdan mavhum bo‘lib qolyapti.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, mazkur temir yo‘l qurilishi amalga oshirilgan taqdirda, temir yo‘l tranziti uchun beriladigan pul Afg‘oniston hazinasiga qoladi, O‘zbekiston uchun esa Eron va Pokiston portlariga yo‘l ochiladi. Joriy yilning 2 - fevralida Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston vakillaridan iborat ishchi guruh birinchi marta uchrashgan va temir yo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi.

O‘zgargan vaziyat

Biroq keyingi bir-ikki oy ichida Afg‘onistondagi vaziyat keskin o‘zgardi. Bu omil Toshkent-Islomobod savdo-iqtisodiy aloqalariga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Siyosatshunos Farhod Tolipov:

Siyosatshunos Farhod Tolipov
Siyosatshunos Farhod Tolipov

“Haqiqatan ham keyingi paytlarda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi Afg‘onistonda beqarorlik avj olmoqda. Fuqarolik urushi alomatlari paydo bo‘ldi. Transport, infrastruktura loyihalari istiqboli savol ostida qolmoqda. Toshkentda ish boshlayotgan xalqaro konferentsiyada bu masala muhokama qilinar. Har holda 90-yillardan beri gapirilayotgan, biroq amalga oshmayotgan qator loyihalar bor. Masalan, elektr energiyasini uzatish bo‘yicha CASA 1000 loyihasi bor, yoki Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvuri loyihasi bor. Va nihoyat “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar”temir yo‘li loyihasi bor. Bu loyihalar kelajagi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq bo‘lib qoladi. Vaziyat esa, ko‘p jihatdan mavhum bo‘lib qolyapti”.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, O‘zbekistonning Pokiston bilan munosabatlarida g‘ov bo‘lishi mumkin bo‘lgan omil Pokiston yordamida hal qilingan bo‘lishi yoki qilinishi mumkin:

“O‘zbekistonning azaliy orzusi eng yaqin yo‘l – Afg‘oniston orqali Pokistonning Karachi portlariga chiqishdir. Yagona to‘siq – Afg‘onistondagi vaziyat, ya’ni, toliblar. Lekin, nazarimda, Pokiston yordamida, toliblar bilan “o‘yin qoidasi” va “maqsad-vazifalar” borasida, kelishuvga erishilgan ko‘rinadi”.

Ikki davlat ish odamlari uchrashuvi

15 - iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston – Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon hamda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovlar ishtirok etgan anjumanda, rasmiy xabarlarga qaraganda, O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ziyod vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekistonning ishbilarmon doiralari vakili ismi aytilmaslik sharti Ozodlik bilan suhbatda keyingi paytlarda Pokiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalar jadallasha boshlaganini, bu jadallashuv prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosat mahsuli ekanligini ta’kidlab o‘tarkan, bunday dedi:

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini 5 mlrd dollarga etkazish to‘g‘risida so‘z bo‘ldi.

“Pokistonga bizdan qishloq xo‘jalik mahsulotlari – dukkaklilar, meva hamda paxta kalavasi eksport qilyapmiz, Pokistondan esa, tsitrus, gurunch, kartoshka import qilyapmiz. Pokistonda yengil sanoat, ayniqsa terini qayta ishlash sanoati juda rivojlangan. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonda qo‘shma korxona qurilishi rejalashtrilyapti. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish to‘g‘risida so‘z bo‘ldi”.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb ikki baravarga oshdi va 160 tani tashkil etmoqda.

Ayni paytda...

Prezident Mirziyoyevning tashabbusi bilan 15-16 - iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Davlat rahbari matbuot xizmatiga ko‘ra, “Forumning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo‘lida mustahkamlashdan iborat”.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institut va kompaniyalar, yetakchi ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlarning rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG