Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2022, Тошкент вақти: 03:59

O‘zbekiston-Qirg‘iziston: Chegarani demarkatsiyalash jarayoni boshlandi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi.

Bishkekda 5-7-may kunlari qirg‘iz-o‘zbek chegarasini demarkatsiyalash bo‘yicha ikki davlat hukumatlari ishchi guruhlarining ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yilning mart oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng qo‘shni davlat bilan chegaralarni aniqlash masalasini uch oy ichida hal qilishga kelishib olinganini bildirgan edi.

Ammo bugungi kunda chegara masalasi yana bir necha yillarga cho‘zilib ketishi mumkinligi ayon bo‘lmoqda. Chunki ikki davlat o‘rtasida hali ham aniqlanmagan bahsli hududlar mavjud.

Qirg‘iziston hukumatining chegara masalalari bo‘yicha maxsus vakili Nazirbek Bo‘rubayev 5-7-may kunlari o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida aniqlab bo‘lingan chegara hududlarini demarkatsiya qilishni boshlashga kelishib olinganini aytdi:

“Delimitatsiya bo‘lgan chegaralarni demarkatsiyalash bo‘yicha ilk uchrashuv bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni bilan kelishib oldik. Yozda chegara chiziqlariga qoziq qoqib, belgilash boshlanadi. Aniqlangan hududlarni belgilash boshlanadi. Qolgan, aniqlanmagan hududlar bo‘yicha, muzokaralar davom ettiriladi”.

Unga ko‘ra, navbatdagi uchrashuv O‘zbekistonda o‘tadi. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan O‘sh, Jalolobod, Botken viloyatlari orqali chegaradosh. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kilometrni tuzib, 2017-yilgi kelishuv asosida uning 1170 kilometri yoki 85% foizi aniqlangandi. O‘shandan beri chegaraning yana 13% aniqlangan.

O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlardan biri bo‘lgan Olabuqa tumani yashovchisi, mahalliy faol Shayirbek Stamkulov chegaralarning aniqlanishi bilan mahalliy aholi xavotirlari ham bosiladi, degan fikrda. So‘nggi yillarda chegarada kelishmovchiliklar deyarli kuzatilmagan bo‘lsa-da, xavotirlar saqlanib qolmoqda.

"Aholi uchun chegaraning aniqlangani yaxshi. Hamma joy sim bilan to‘silsa kontrabanda ozayadi. 5-6 yil avval o‘zbekistonliklar bu yerlarga kelib, mollarimizni haydab ketgan voqealar ham bo‘lgan. Hozir bunday voqealar ozaydi. Shunday bo‘lsa ham chegarani hal qilish payti keldi”,-dedi faol.

2021-yili Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga safari chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan chegaradagi asosiy masalalarni uch oy ichida hal qilishga kelishgan.

Qirg‘iziston milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ushbu safar natijasida qirg‘iz-o‘zbek chegara masalasi yuz foiz hal bo‘lganini, faqat rasman tasdiqlanishi kerakligini aytgan edi.

Biroq qirg‘iz hukumatining Kampirobod suv ombori bo‘ycha pozitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilinib, O‘shning Qorasuv va O‘zgan tumanida mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng rasmiy Bishkek Kampirobod suv omborini O‘zbekistonga berish bo‘yicha kelishimdan bosh tortishini e’lon qilgan.

Chegara masalalari bo‘yicha mutaxasis Jumali Adilbayev qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi qiyin vaziyatlarga to‘xtaldi.

“Chegara masalasini darrov hal qilish qiyin. Kampirobod bo‘yicha bir qancha muammo bor. Suv ostidagi yer O‘zgan tumaniga qarashli. U O‘zbekistonga o‘tmagan. O‘zbekiston uning o‘rniga Namangan, Farg‘ona viloyatlaridan yer uchastkalari berishini aytgan. Undan keyin suv omboridan Qirg‘izistonga ikki kanal qurilishi kerak edi. Uning bittasigina eplab qurilgan. Suv omboriga suvni to‘ldirishda ham masala bor. Qisqasi shu kabi masalalar ko‘p. Kampiroboddan tashqari O‘zbekistonning Qirg‘izistonda to‘rt, Qirg‘izistonning O‘zbekistonda bir anklavi bor. Ularni qanday xal qilinishi ham noma’lum. Bu ham bosh og‘rig‘i. Chegarani xal qilish bir tomongagina bog‘liq emas. Asrlar davomida qo‘shni bo‘lgan ikki davlat murosaga kelishi kerak. Biroq buning aniq qachon amalga oshishini aniq aytib bo‘lmaydi",-dedi Adilbaev.

Qirg‘izistonlik tahlilchilar O‘zbekiston bilan chegaraning aniqlanmagan uchastkalari kontrabanda uchun o‘ng‘ay yo‘lak bo‘lib qolayotganini aytib keladilar. So‘nggi bir oy ichida mana shunday uchastkalarda O‘zbekiston chegarachilari otgan o‘qdan 5 kishi halok bo‘ldi.

5-may kuni Jalolobod viloyati Olabuqa tumanining 48 yoshli yashovchisi, uning 24 va 22 yoshli o‘g‘illari, 5-aprelda esa aka-uka o‘zbek chegarachilari o‘qidan halok bo‘lgan. O‘zbekiston tomoni ularni noqonuniy ravishda chegaradan yuk olib o‘tishga urinishda ayblagan.

XS
SM
MD
LG