O‘tgan hafta yakunida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energetika yo‘lagi to‘g‘risidagi ta’sis shartnomasiga qo‘l qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik qaydicha, mazkur hujjat uch mamlakatning tizim operatorlari — “O‘zbekiston milliy tarmoqlari” AJ (O‘zbekiston), “KEGOC” AJ (Qozog‘iston) va “Azerenerji” OAJ (Ozarbayjon) mutasaddilari tarafidan imzolangan.
“Yashil yo‘lak” deb ham ataladigan ushbu loyihaning amalga oshirilishi Yevropa Ittifoqining “Yashil bitim” kabi yangi tashabbuslarini hisobga olgan holda savdo imkoniyatlarini oshiradi”, deyilgan Energetika vazirligi xabarnomasida mazkur loyiha ishtirokchi mamlakatlar energetika tizimlari barqarorligini mustahkamlashga yordam berishi hamda “yashil” investitsiyalar orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha ekologik maqsadlarga katta hissa qo‘shishi urg‘ulangan.
Qayd etilishicha, tomonlar Ozarbayjon poytaxtida loyihani amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish taklifini qabul qilishgan.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha “yashil” energiya ishlab chiqarib, uning ortiqcha qismini Qozog‘iston va Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish rejalangan. Ammo qator yillardan buyon elektr energiyasi taqchilligi kuzatilayotgan mamlakatda bu reja naqadar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkinligi hozircha tushunarsiz bo‘lib qolmoqda.