Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:45

O‘zbekiston "Sputnik V"vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Uni kim va qachon olib kelishi ochiqlanmayapti


Qozog‘istonga yetkazilgan “Sputnik V” vaksinasi qutilarda - fevral, 2021
Qozog‘istonga yetkazilgan “Sputnik V” vaksinasi qutilarda - fevral, 2021

Respublika Maxsus komissiyasi Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish va ishlab chiqarishni boshlashga ruxsat berdi.

Bu haqda 10 - fevral kuni, prezident Sh. Mirziyoyev maxsus yig‘ilish o‘tkazib, aholini emlash jarayonini boshlashga topshiriq berganidan bir kun o‘tib ma’lum qilindi.

Ozodlik 10 - fevral kuni vaksinalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangan va Ozodlikka gapirgan rasmiylar hamda farmatsevtik kompaniyalar, Rossiya vaksinasini O‘zbekistonga olib kelish yuzasidan muzokaralar "boshi berk ko‘chaga kirib qolgani"ni aytishgandi.

O‘tgan yil sentabrida “Sputnik V” vaksinasini olib kelish va O‘zbekistonda ishlab chiqarish vakolati berilgani rasman aytilgan Laxisam shirkati rahbariyati Maxsus komissiyaning 11 - fevral kungi qaroridan matbuot orqali xabar topganini aytmoqda. Shirkat vakilining Ozodlikka aytishicha, bu borada ularga hech qanday ko‘rsatma kelmagan.


SSV tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, aslida 12 - fevralga kelib ham, Rossiya vaksinasini kim, qanday va qancha miqdorda mamlakatga olib kirishi, hatto sinov tariqasida O‘zbekistonga olib kelingan vaksina namunalari taqdiri ham hanuz noma’lum qolayotgandi.

Bu orada Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko hozirgacha O‘zbekiston o‘z hududida "Sputnik V" vaksinasini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniyani tanlab, Rossiya tomoniga taqdim qilishi kutilayotgani haqida bayonot berdi.



Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasi 11 - fevral kuni aholini COVID-19 ga qarshi emlash masalasini muhokama qildi.

SSV matbuot xizmatining xabar qilishicha, ushbu yig‘ilishda Rossiyada ishlab chiqarilgan va ayni paytda emlash jarayoni boshlangan “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ro‘yxatdan olish jarayonini boshlashga ruxsat berilgan:

“Unda “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilgani hamda Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilgani, shuningdek, ushbu vaksinani O‘zbekistonda sertifikatlashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha takliflar kelib tushgani ta’kidlandi", deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

10 - fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ini o‘tkazib, unda aholini emlash jarayonini tezlikda boshlashga topshiriq berdi. Xususan, SSVga bir oy ichida virusga qarshi emlanishi kerak bo‘lgan birlamchi aholi ro‘yxatini ishlab chiqarishni topshirdi.

Innovatsion rivojlanish va SSV vazirliklariga ko‘ra, 10 - fevral holatiga O‘zbekistonda faqat Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF2001 vaksinasi sinovlari borayotgan va bu sinovlarni shu yil may oyida yakunlash rejalanayotgani aytilgan edi.

Har ikki vazirlik hamda Rossiya vaksinasini olib kelishi rasman aytilgan O‘zbekistondagi Laxisam farmatsevtika shirkati ham “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonga olib kelish, sinash yoki ishlab chiqarish muddati borasida biror aniq ma’lumot bera olmadi.

Maxsus komissiyaning qarori ortidan 12 - fevral kuni bog‘langan Ozodlik muxbiriga javoban Laxisam farmatsevtika shirkati rahbariyati bu qarordan matbuot orqali xabar topganini bildirdi.

Unga ko‘ra, 12 - fevral holatiga shirkat “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonga kim, qachon va qanday olib kelishi haqida hech qanday ma’lumotga ega emas.

Laxisam Rossiyadan “Sputnik V” vaksinasini olib kelish bo‘yicha shartnomani imzolagani rasman e’lon qilingan O‘zbekistondagi yagona shirkat.

O‘tgan yili sentabrida Sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) bilan Laxisam farmatsevtika shirkati 2020-2021 - yillarda 35 million doza "Sputnik V" vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini to‘g‘risida bayonot bergandi.

“U dastlabki kelishuv edi. Shundan beri bizga hali hech kim hech qanday ma’lumot bergani yo‘q. Rossiya vaksinasini boshqa biror shirkat olib kirayotgan bo‘lishi ham mumkin, lekin bu haqda bizda hech qanday ma’lumot yo‘q, hech kim bizga hech narsa demadi”, dedi shirkat vakili Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonga yetkazish bo‘yicha erishilgan kelishuvning Rossiya tomonidan vakili bo‘lgan - Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondining matbuot vakili Vasiliy Kudinovga ham bog‘landi. Ammo hanuz savollarga javob olgani yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekistonda ro‘yxatga olinishiga rasman ruxsat berilgan Rossiya vaksinasining mamlakatda sinovdan o‘tkazilgan yoki o‘tkazilmagani ham noma’lum qolayotir.

O‘tgan yil dekabrda SSV O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazish uchun 500 doza "Sputnik V" vaksinasiga buyurtma bergan, keyinroq Rossiya Sanoat va savdo vaziri shaxsan vaksina namunalarini Toshkentga keltirgani ma’lum qilingan edi.

12 - fevral kuni Ozodlik bog‘langan SSV tizimidagi manabaning bildirishicha, bu sinovlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

“Vazirlikda ishlab turib, men bilmayman – u 500 doza sinovdan o‘tdimi, o‘tgan bo‘lsa qayerda, qanday o‘tdi?! Yoki shu keltirilgan qora sumkasida turibdimi haliyam - bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q. Mana hozir ham Rossiya vaksinasini kim olib keladi, qachon, qancha olib keladi, bizda ishlab chiqarilsa, kim ishlab chiqaradi - bizda hech qanday ma’lumot yo‘q”, - dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan SSV mulozimi.

Ayni paytda O‘zbekistonda Xitoyning COVID-19 infeksiyasiga qarshi ZF2001 rekombinant vaksinasi 3-faza klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda, sinovlar may oyida tugashi kutilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (IRV) hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) birga o‘tkazayotgan Xitoy vaktsinasi sinovlari mamlakat rasmiy axborot vositalarida keng targ‘ib qilinmoqda. Shu bois, O‘zbekistonda aholini emlash jarayoni Xitoy vaksinasi bilan boshlanadi, degan taxmin bor edi.

Ammo, prezident Mirziyoyevning koronavirusga qarshi emlash jarayoniga oid 10 - fevral kungi tanqidiy chiqishi va tezlikda emlashni boshlash topshirig‘i ortidan, koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov muzokaralar joriy yil martida O‘zbekistonga vaksina keltirilishi va emlash jarayoni boshlashinishini aytgan.

"Bizdagi aniq ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning mart oyida koronavirusga qarshi vaksina keltiriladi. Bunda birinchi navbatda 85 yoshdan oshganlar, undan keyin 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lganlar, keyingi bosqichda esa 65 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lganlar emlanadi". "2021 - yil yakuniga qadar respublikamiz aholisining 20 foizga yaqini emlanishi rejalashtirilgan", degan Botir Qurbonov Kun.uz nashriga.

Ammo bu rasmiy ham vaktsina qaysi davlatdan va qancha miqdorda keltirilishi haqida aniq ma’lumot bermadi. Ozodlik bu bayonot ortidan 12 - fevral kun bog‘langan IRV matbuot kotibi Nazokat Azim mart oyidan Xitoy vaksinasi bilan emlash boshlanishi mumkinligini taxmin qildi.

"Xitoy vaksinasi 3-bosqich sinovlari mayda tugashi kutilmoqda. Aslida ilmiy tadqiqotlar 1 yil davom etishi aytilgan, ya’ni 2021 - yil noyabrgacha. Lekin hozirgacha sinovlar juda yaxshi kechdi va balki martdan Xitoy vaksinasi bilan emlash boshlanadi, deb taxmin qilish mumkin. Ammo, bu haqda bizda aniq ma’lumot yo‘q. Yakuniy ma’lumotni SSVdan olishingiz mumkin".

Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasi (RBD-Dimer) hozircha dunyo bo‘ylab, sinovlarning 3-bosqichida turibdi.

O‘zbekiston va Xitoydan tashqari, Ekvador, Malayziya va Pokistonda sinalmoqda, ammo hali biror davlatda tasdiqlangani yo‘q. Braziliya ushbu vaksina sinovidan voz kechgan.

IRVdan olingan ma’lumotga ko‘ra, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tmoqda va agar tasdiqlansa, vaksinani davlat buyurtmasi bilan tayyor holda Xitoydan keltirish va SSV tizimi orqali aholiga yetkazish rejalangan.

Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, vaksinani tayyor holda davlat buyurtmasi asosida Xitoydan olib kelish ko‘zlanmoqda. Vaksina narxi qancha bo‘ladi, aholiga sotiladimi yoki bepul beriladi – bu savollarga hozircha javob berilmadi.

Ishlab chiqarish va sinov jarayonlari haqida tearli ma’lumot bo‘lmagani uchun avvaliga samarasiga jiddiy shubha bildirilgan “Sputnik V” vaksinasi shu kunda dunyoda xavfsiz va samarali deb topilgan 9 vaksinadan biri bo‘lib qolmoqda.

3 - fevral kuni klinik sinovning uchinchi bosiqchida uning samaradorligi 91,6 foizni tashkil etgani haqida dunyoning yetakchi tibbiyot jurnali - The Lancet nashri yozdi.

Hozirda AstraZeneca hamda Pfizer shirkatlari koronavirusga qarshi preparatni ishlab chiqarishni kamaytirishga majbur bo‘lishi ortidan Yevropada vaksina taqchilligi kuzatilmoqda.

Bu esa o‘z-o‘zidan Rossiya vaksinasiga bo‘lgan talabni oshirgan. Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislarga ko‘ra, bu kabi vaziyatda “Sputnik V” vaksinasini olish jarayoni yanada murakkablashishi mumkin.

XS
SM
MD
LG