Линклар

Шошилинч хабар
06 октябр 2022, Тошкент вақти: 00:16

O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi


O‘zbekiston Ozarbayjondan energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishda yordam so‘ramoqda, bu elektr energiyasidagi tez-tez uzilishlar bilan bog‘liq.

Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi Markaziy Osiyo davlatlarini Ozarbayjon bilan yanada yaqinlashtirib, o‘zaro aloqalarni kuchayishiga turtki bo‘ldi. Odatda Moskva ta’sir doirasidagi davlatlar sifatida qaraladigan mazkur mamlakatlar xalqaro miqyosda yakkalanib qolgan Rossiyadan o‘zini tortib, yangi savdo yo‘llarini izlamoqda.

O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuv imzolagani ham ko‘proq xalqaro integratsiyaga intilish kuchayib borayotganini dalolat beradi.

29-avgust kuni ikki mamlakat energetika vazirliklari 2023-yil oxirigacha amalga oshirilishi ko‘zlangan maqsad va rejalarning yo‘l xaritasini imzoladi.

Kelishuv neft-gaz, neft-kimyo va qayta tiklanuvchi energiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi, deyiladi O‘zbekiston Energetika vazirligi bayonotida.

Tomonlar elektr energetikasi va tabiiy gaz tarmoqlariga birgalikda sarmoya jalb etishga va issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashishga kelishib olgan.

Bu hamkorlik ko‘proq O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lishi mumkin. Negaki, O‘zbekiston energetika infratuzilmasida tez-tez uzilishlar kuzatiladi va mamlakat o‘z energetika sektorini qayta isloh qilishga intilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon energiya bozorlarini liberallashtirish va xususiylashtirish bo‘yicha ham tajribani birlashtiradi. Bu Toshkent uchun yana bir ustuvor vazifa. Hozirda O‘zbekiston davlat boshqaruvi ostida bo‘lib kelgan energetika sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va tarmoqni yanada samaraliroq qilish uchun mazkur tarmoqni erkinlashtirishga harakat qilmoqda.

O‘zbekistonning “O‘zbekneftgaz” va Ozarbayjonning SOCAR milliy energetika kompaniyalari uglevodorod zahiralarini qidirish va qazib olish hamda yashil energetika sohasida qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqqan holda hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olgan.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik uzoq vaqtdan beri kun tartibimizdagi asosiy masalalardan bo‘lib kelgan, – dedi O‘zbekiston energetika vaziri vazifasini bajaruvchisi Azim Ahmadxo‘jayev.

“Bugungi kunda SOCAR neft-gaz kompaniyasi bilan hamkorligimiz va imzolangan hujjatlar qayta tiklanuvchi energiya manbalari, tajriba almashinuvi va energiyadan samarali foydalanish yo‘nalishlarida hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.”

Uning so‘zlari O‘zbekiston Energetika vazirligi nomidan ish yurituvchi Londonda joylashgan Thoburns PR shirkatining jurnalistlarga elektron pochta orqali yuborgan press-relizida keltirilgan va unda yana bir qiziq tafsilotni ko‘rish mumkin.

“Yo‘l xaritasi” “Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarida hamkorlik”ni ham ko‘zda tutadi”, — deyiladi ushbu press relizda.

Xabarda batafsil tafsilotlar keltirilmagan, ammo 2020-yilgi urush paytida Armanistondan qaytarib olingan hududlarga ishora qilinayotgani aniq.

Bu Toshkent yaqinda Ozarbayjon va uning ittifoqchisi Turkiya tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan, biroq armanlarga uncha yoqmagan Kavkazdagi yirik infratuzilma loyihasini qo‘llab-quvvatlaganidan keyin sodir bo‘ldi.

Gap Armanistonning Syunik viloyatidan sovet davrida qurilgan temir yo‘l orqali o‘tadigan "Zangezur koridori" tashkil qilinishi haqida ketmoqda.

“O‘zbekiston Zangezur yo‘lagining tiklanishidan manfaatdor, bu Osiyodan Evropaga eng qisqa quruqlikdagi yo‘l bo‘lishi mumkin”, dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov o‘tgan oy O‘zbekiston –Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi yangi muloqot formatining birinchi yig‘ilishida.

O‘sha forum Rossiyaning Ukrainaga bosqini turkiy mamlakatlarni yanada yaqinlashtirishga qanchalik turtki bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu Markaziy Osiyo va Kavkazni o‘zining dala hovlisi deb hisoblaydigan Kreml uchun urushning yoqimsiz aks ta’siridir.

XS
SM
MD
LG