Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:13

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yuk mashinalari tranziti osonlashdi


O‘zbek-tojik chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanlaridan biri (arxiv surati)
O‘zbek-tojik chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanlaridan biri (arxiv surati)

O‘zbekiston va Tojikiston yuk avtotransporti haydovchilariga ikki mamlakat hududidan rasmiy raxsatnomasiz tranzit o‘tish huquqini beruvchi hujjatga qo‘l qo‘ygan.

Ozodlikning tojik xizmati xabariga ko‘ra, xalqaro avtomobil aloqalari to‘g‘risidagi bitimga tirkalgan tegishli bayonnoma joriy yilning 18-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi chog‘ida imzolangan. Hujjatga oid tafsilotlar 23-aprel kuni Tojikiston transport vaziriligi tomonidan yoyinlangan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yildan shu kungacha mamlakatlar o‘rtasida, jumladan ular hududi bo‘ylab tranzit orqali yo‘lovchilarni muntazam va nomuntazam tashish hamda yuk tashishni amalga oshirishda ruxsatnoma kerak bo‘lgan”. Tez orada bunga hojat qolmasligi kutilmoqda. Transport vazirligi vakillari yangi tartib davlat ichidagi zarur protseduralardan o‘tilganidan, shu jumladan ikki mamlakat tomonidan bayonnoma ratifikatsiya qilinganidan keyin kuchga kirishini ma’lum qilishgan.

Vazirlik “bu holat yuk yetkazib berish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish hamda yuk buzilishi yoki unga shikast yetishi ehtimolini kamaytirishga imkon yaratishi”ga umid qilmoqda.

Avvalroq tojikistonlik haydovchilari so‘nggi paytlarda xalqaro yuk tashish uchun ruxsatnoma olish o‘zlari uchun haqiqiy muammoga aylanganidan shikoyat qilishgan.

Joriy yil yanvar oyi oxirida yuk mashina haydovchilari Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidagi “Fotehobod-Oybek” nazorat-o‘tkazish maskanidan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelayotganlarini bildirishgan. O‘shanda ular Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tishni kutib soatlab kutayotganlari, shu sababli NO‘P oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘lgani haqida ma’lum qilishgan. Ularga ko‘ra, muammo Tojikiston Transport vazirligi tomonidan yuk mashinalariga chegaradan o‘tish uchun berilajak ruxsatnoma tanqisligi tufayli yuzaga kelgan.

Fevral oyiga kelib Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim Dushanbedagi matbuot anjumanida bu muammodan xabari borligini bildirgan. “Bu ruxsatnomalarni biz bosmaymiz. Blankalar bizga qo‘shni mamlakatdan keladi va biz ularni kutishga majburmiz”, degan u.

Yuk mashinalari haydovchilari Tojikistondan O‘zbekistonga 13 ta nazorat-o‘tkazish maskani orqali o‘ta olishlari mumkin. Bular orasida “Fotehobod-Oybek” NO‘M Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi asosiy o‘tkazish maskanlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

Bu orada yuk tashish ruxsatnomalari uchun to‘lanadigan haqning oshishi va ruxsatnoma blankalarining tanqisligi haydovchilar bosh og‘rig‘iga aylangan. Avvalroq bu masala bir necha bor ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilgan va rasmiylar bu muammoni hal qilishga va’da berishgan.

Tojikiston Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili yuk mashinalari haydovchilariga 80 ming chog‘li ruxsatnoma berilgan va buning uchun ulardan kamida 8 million dollar pul yig‘ilgan.

XS
SM
MD
LG