Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2021, Тошкент вақти: 00:21

O‘zbekistonda 500dan ortiq tibbiyot xodimi COVID-19dan o‘lgani aytilmoqda - rasmiylar izoh bermayapti


Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va Ozodlik surishtiruvi natijasida qo‘lga kiritilgan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya o‘zbekistonlik 500 nafardan ortiq shifokorlar hayotiga zomin bo‘lgan.

Namangan, Samarqand, Navoiy, Andijon va Toshkent viloyati hamda shahridagi shifokorlar, Ozodlik bilan suhbatda, shu yilning martidan hozirga qadar vafot etganlar orasida koronavirusga chalingan shifokor, hamshira, sanitar vrach hamda laborantlar borligini tasdiqlashdi.

Bundan tashqari, Telegram tarmog‘ida tibbiyotchilarning “Fidokorlar” kanali joriy yilda vafot etgan 500ga yaqin hamkasbining ism-familiyasi, ish joyi va suratini e’lon qildi. Marhumlarning aksari COVID-19 ga chalingach, vafot etgani aytilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) pandemiya davrida vafot etgan tibbiyot xodimlari sonini oshkor qilgani yo‘q. Yaqinda Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati bergan kutilmagan raqam - 25 nafar marhum tibbiyotchining ro‘yxati hozircha Ozodlikka ma’lum yagona rasmiy ro‘yxat bo‘lib qolmoqda.



O‘nlab tibbiyot xodimi vafot etdi

10 - noyabr kuni Ozodlik Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Namanganda koronavirus bemorlarini davolagan shifokor va hamshiralar bilan suhbatlashdi.

Suhbatdoshlarga ko‘ra, kamida 15 nafar hamkasblari – shifokor, hamshira va sanitar vrachlar COVID-19 yuqtirishi ortidan vafot etgan.

Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, vafot etgan hamkasblarining aksari COVID-19 uchun test topshirmagan. Boisi shu kunga qadar, ularning o‘zi va qabuliga kelayotgan xastalar xavfsizligini ta’minlash uchun, tibbiyot xodimlarini rejali ravishda koronavirus uchun tahlil topshirtirish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Jumladan, Namangandagi oilaviy poliklinika shifokoriga ko‘ra, koronavirus bemorlarini davolashga jalb qilingan tibbiyot xodimlari hanuz zarur himoya vositalari bilan ta’minlanmagan, aksar qismi hozirga qadar bir marta ham koronavirusga test topshirmagan.

“Men ishlagan qishloq oilaviy poliklinikasida (QOP) 10 ga yaqin xodim bor. Hali birortamiz koronavirusga test topshirmadik. Oddiygina himoya kiyimlari bilan ham ta’minlanmaganmiz. Lekin koronavirusga chalingan bemorlarni uyiga borib davolayapmiz. Oddiy niqob, oddiy tibbiyot xalati bilan. Himoya nol. Shaxsan mening bilganim, 2 ta vrach virus yuqtirib, vafot qildi", - deydi ismini oshkor qilishni istamagan umumiy amaliyot shifokori.

Bu vrachning aytishicha, u ishlab turgan QOP dagi 10 xodim 18 ming aholiga xizmat qilmoqda.

Unga ko‘ra, xodimlarning aksari aynan himoya vositalarisiz ishlagani uchun koronavirus bilan kasallangan, o‘zlarini o‘zlari uy sharoitida davolagan va yana ishiga qaytgan. Lekin hech biri koronavirus uchun test topshirmagan.

"Kasallarni davolab turganimiz uchun, bilib turibmiz-da o‘zimiz ham kasallanganimizni. Test topshirganimiz yo‘q, unaqa ommaviy test topshirtirishganiyam yo‘q bizga, o‘qituvchilarga o‘xshab. O‘qituvchilarga gidroksixlorin, sink tarqatishdi, bizga berishmadi. Bo‘lmasa, biz ham aholi bilan ishlayapmiz-ku?! Men ham kasal bo‘ldim, lekin Xudoga shukur, menda oson o‘tdi. Uyda yotib qolib, davolanganlar ham bo‘ldi. Davolanib chiqib, yana ishimizni davom ettiryapmiz", - deydi namanganlik shiforkor.

Tibbiyotchilar bir vaqtda virusga chalingan va chalinmaganlar bilan ishlamoqda

Ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka gapirgan samarqandlik hamshira ham sentabr oyida koronavirusga chalinib, 10 kun uyida xasta yotgani, ayrim dorilarni o‘zi ishlagan shifoxonadan olgani, qolganini esa, o‘z hisobidan qoplaganini aytdi:

"Menda og‘ir o‘tmadi. O‘zim borib, 260 ming so‘mga test topshirdim, musbat chiqqanidan keyin, ishxonadan ruxsat berishdi. Uyda o‘zim davolandim".

Uning aytishicha ham, ular qariyb himoyasiz, bir vaqtning o‘zida koronavirusga chalingan va chalinmagan bemorlar bilan ishlamoqda:

"Hozirku, kasallikka chalinish darajasi sal pastladi. Lekin sentabr, oktabr oylarida virus rosa tarqalib ketdi. Chekka qishloqlargacha tarqalib ketdi. Poliklinikalarga yuklab tashladi bemorlarni. Hammasi aralash bo‘lib, kasha bo‘lib ketdi, to‘g‘risi. Bizga ishlash uchun yetarli sharoit yo‘q. Kombinezon yo‘q, niqobku mayli endi, o‘zimiz sotib olamiz, qo‘lqoplarni ham o‘zimiz olyapmiz. Lekin, tez-tez almashtirish imkonsiz. Qariyb hamma ishchimiz kasal bo‘ldi bizda. Bizni kasalxonadanmas, boshqa shahar bolnitsasidan vrach erkak o‘ldi, rayon SESimizdanam (saniariya xizmati hududiy bo‘limi - tahr.) bitta laborant ayol o‘ldi. Bu meni bilganlarimda endi. Ularning surunkali kasallari bo‘lgan, virus yuqqandan keyin kuchayib ketgan”,- deydi hamshira.

Shuningdek, Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir necha tibbiyot xodimi ham hamkasblarining xastalikka chalinishiga hali hamon yetarli darajada himoya vositalari bilan ta’minlanmagani, viloyat va tumanlarda ayni shifokorlarning bir paytning o‘zida koronavirusga chalingan va chalinmagan bemorlarni davolashga majbur qolayotgani sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Ayrimlari himoya izlab, yuqori tashkilotlarga murojaat qilgani, xususan, koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilayotgan mablag‘lar ularga yetib bormayotgani sabablarini surishtirishga uringanini aytmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyatida ishlayotgan terapevt shifokor, hamkasblari bilan birga, viloyat boshqarmasidan to Sog‘liqni saqlash vazirligiga qadar murojaat qilganini aytdi.

“Nega bizga oddiygina himoya kiyimlari yetarli darajada berilmayapti, ustamalar nega to‘lanmayapti, kasal bo‘lgan shifokorlarga nega moddiy to‘lov yo‘q, nega o‘lib ketgan bechora vrachlarimizning oilalariga 250 million so‘m, deb va’da qilgan to‘lovni berishmayapti? Hech kim bu savollarga javob berayotgani yo‘q. Men ham karantin zonaga kirdim, 2 marta. Shikoyat, ariza qilib yugurganimizdan keyingina, bir martasiga to‘lab berdi, ikkinchisini haliyam beramiz, beramiz, qilib yurishibdi”, - deydi ismi oshkor qilinmayotgan surxondaryolik shifokor.

Qashqadaryo hokimiyati e’lon qilgan yagona ro‘yxat

Qashqadaryo viloyati hokimiyati koronavirus va pnevmoniya kabi yo‘ldosh kasalliklardan vafot etgan tibbiyotchilar shaxsini rasman ma’lum qildi.

Unda 25 kishi - shifokor va hamshiralar nomi tilga olingan.

Bayonotda ro‘yxatning 8 - noyabr - Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan e’lon qilinayotgani aytildi va vafot etgan tibbiyotchilari xotirasiga hurmat bajo keltirildi.


Bu hozircha pandemiya davrida vafot etgan tibbiyot xodimlari soni va ro‘yxatiga oid Ozodlikka ma’lum yagona rasmiy ma’lumot bo‘lib qolmoqda.

Ammo norasmiy ma’lumotlar talay va bunday ma’lumotlar, asosan ijtimoiy tarmoqlarda marhum shifokorlarning yaqinlari hamda tibbiyot xodimlari tomonidan e’lon qilinmoqda.

Jumladan, Telegram tarmog‘idagi 10 mingdan ortiq o‘quvchisi bo‘lgan “Fidokorlar” kanalida 2020 - yilda vafot etgan 500 ga yaqin tibbiyot xodimining ism-familiyasi, ish joyi va suratlari e’lon qilindi.

E’lonlarda bu tibbiyotchilar aynan nima sababdan vafot etgani yozilmagan, ammo aksar postlarga yozilgan sharhlarda, yaqinlari va hamkasblari ularning koronavirus yuqtirgach vafot etganini yozishmoqda.

Quyida ana shunday sharhlardan ba’zilari:

Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, oktabr, 2020
Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, oktabr, 2020

Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, oktabr, 2020
Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, oktabr, 2020

Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, noyabr, 2020
Telegram kanalida qoldirilgan sharhlardan biri, noyabr, 2020

Rasmiylar Koviddan vafot etgan shifokorlar ro‘yxatini yashirmoqda

10 - noyabr kuni Ozodlik Toshkent, Samarqand, Navoiy va Andijon Sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildi.

Bironta ham boshqarmadan rasmiy raqam olishning imkoni bo‘lmadi. Aksar boshqarmalar, vafot etgan yoki xastalangan tibbiyot xodimlari ro‘yxati borligi, ammo bu ro‘yxat faqat va faqat vazirlik tomonidan taqdim qilinishi mumkinligini bildirdi.

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vakili, bu boradagi ma’lumotlarni matbuot kotibi Furqat Sanayevdangina olish mumkinligini bildirdi, Sanayevning o‘zi bilan bog‘lanishning yana imkoni bo‘lmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 30 - iyul kuni faqatgina ikki nafar tibbiyot xodimi COVID-19 kasalligidan o‘lganini bildirgan, bu borada boshqa ma’lumot bermagan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, O‘zbekistonda bu kasallikka chalingan ilk bemor va undan vafot etgan ilk bemor ham tibbiyot xodimi bo‘lgan.

COVID-19dan o‘lgan shifokorlar soni nega yashirilmoqda?

Andijonlik shifokor O‘zbekistonda pandemiyaning eng og‘ir yuki ostida qolgan va bu davrda vafot etgan tibbiyot xodimlari asl soni norasmiy manbalarda tilga olinayotgan raqamlardan yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan shifokor, asl raqamni yashirish sababi – pandemiya boshida COVID-19 ga qarshi kurashda vafot etgan tibbiyot xodimlariga prezident va’da qilgan to‘lov pullarini bermaslikdir, deya iddao qiladi.

2020 - yil 26 - martda prezident PQ-4652-sonli "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan.

Qarorga muvofiq, koronavirusdan zararlangan bemorlar bilan ishlagan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha to‘lov, shuningdek, bu ish jarayonida sog‘ligini yo‘qotgan yoki vafot etgan tibbiyotchilarning oilalariga bir martalik - 100 million so‘mdan 250 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lov belgilangan edi.

“Agar hozir hukumat, bu kasallikdan o‘lgan tibbiyot xodimlarini rasman tan oladigan bo‘lsa, ularning hammasiga va’da qilingan tovon pulini to‘lash kerak bo‘ladi. Shuning uchun, ochiq tan olmayotgan bo‘lishi mumkin”, - deydi andijonlik shifokor.

Shifokor bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:57 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG