Binance kriptobirjasi O‘zbekistonda mahalliy CoinPay platformasi orqali ish boshladi.
“Barcha integratsiya bosqichlari yakunlangani va O‘zbekistondagi foydalanuvchilar endi Binance kriptobirjasi tomonidan ishlab chiqilgan yechimdan coinpay.uz/binance qo‘shma platformasi orqali rasman foydalanishi mumkinligini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz”, deyilgan platforma axborotida.
Qayd etilishicha, endi foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish va yechib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kun.uz nashrining eslatishicha, 2024-yilning yanvar oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston qonunchiligi talablarini buzgani uchun Binance kriptobirjasiga nisbatan jarima qo‘llash haqidagi qaror qabul qilgan va tegishli da’vo arizasi Toshkent shahri iqtisodiyot sudiga yuborilgan edi.
Sud agentlik da’vosini to‘liq qondirish hamda kriptobirjadan 300 bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lgan jarimani O‘zbekiston byudjetiga undirish haqida qaror chiqargan. Belgilangan jarima to‘langan.
Binance raqamli valyuta ayirboshlash bo‘yicha onlayn xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi blokcheyn kompaniyasidir.
Ozodlik avval xabar qilganidek, O‘zbekiston kriptoaktivlarni qabul qilish bo‘yicha global indeksda Markaziy Osiyo va Kavkazda birinchi, dunyoda esa o‘ttiz uchinchi o‘rinni egallagan edi.
Hisobotga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatda 512,3 ming fuqaro (umumiy aholining 1,46 foizi) kriptoaktivlarga egalik qilgan.
O‘zbekiston rezidentlari kriptoaktivlarga faqat mamlakatda litsenziyalangan provayderlar orqali egalik qilishi mumkin. Kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi uchun esa javobgarlik joriy etilgan. Ushbu huquqbuzarlik uchun jarimadan tortib 5 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Mamlakatda bir necha kishi noqonuniy kriptovalyuta oldi-sotdisida ayblanib, mahkamaga tortilgani ma’lum.