Линклар

Шошилинч хабар
14 март 2026, Тошкент вақти: 19:19

O‘zbekistonda “Halol” sertifikatlash tartibi joriy etilmoqda

Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Joriy yil 1-mayidan e’tiboran O‘zbekistonda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (CMIIC) talablariga muvofiq sertifikatlangan mahsulotlar va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan markirovka qilish boshlanadi.

Vazirlar Mahkamasi 1-fevral kuni qabul qilgan “Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorda aniq muddat belgilangan.

Mazkur hujjatga binoan, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita olti oy muddatda agentlik tizimida tashkil qilinadigan mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini xalqaro tan olingan tashkilotlarni jalb qilgan holda akkreditatsiyadan o‘tkazadi. “Halol” belgisi shakli hamda o‘lchamini belgilaydigan standart loyihasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.

Sertifikatlash va ularga qo‘yiladigan talablarni belgilashda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti tomonidan qabul qilingan va xalqaro miqyosda rasman tan olingan standartlarga ustuvorlik beriladi.

Hukumat qarori joriy yil 2-mayidan kuchga kirishi belgilangan.

Mahsulotlarni “Halol” tamg‘asi bilan sotish islom diniga e’tiqod qiluvchi aholi uchun muhim mezonlardan biri o‘laroq ko‘riladi.

Avvalroq Ozodlik suhbatlashgan Toshkent shahri va viloyatidagi “halol” nomi bilan tanilgan qator yemakxonalarning egalari kuch tizimlari va tekshiruvchi idoralarning noqonuniy xatti-harakatlaridan shikoyat qilishgandi.

O‘zbekistonning dunyoviylikka intilayotgan hukumati “halol” va “harom” mezonlariga hassos masala sifatida qarayotgani ham ma’lum. Bir muddat avval bloger Hojiakbar Nosirov O‘zbekistonda ko‘p sotiladigan yogurt brendlaridan birining mahsulotlarini “harom” hisoblanishi va musulmonlarga ularni iste’mol qilish mumkin emasligi haqida gapirishi ortidan 15 sutkaga qamalgan edi.

XS
SM
MD
LG