O‘zbekistonda 2025-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘m etib belgilandi, deya ma’lum qildi Statistika agentligi matbuot xizmati.
Agentlik sharhiga ko‘ra, jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash, kambag‘allikka qarshi kurashish dasturlari samaradorligini oshirish va pensiyalar, nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarda mezon sifatida foydalaniladi.
Gazeta.uz nashrining aniqlik kiritishicha, 2024-yil davomida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi ikki marta o‘zgargan. Dastlab yil boshida bu miqdor 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirilgan bo‘lsa, 1 maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi munosabati bilan 648 ming so‘mga chiqarilgan.
Bir muddat avval Statistika agentligining kambag‘allik chegarasini aniqlashda foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichi tanqidga uchragandi. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov “kambag‘allarini aniqlaydigan chegara yanada kambag‘allashtirilgan”iga e’tiroz bildirgandi.
Statistika agentligi bunga javoban mazkur ko‘rsatkich xalqaro tajriba asosida Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
2020-yilda Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning “O‘zbekistonda kuniga 5600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas” degan bayonoti ham keskin e’tirozga uchragandi.
Muqaddam O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bir o‘zbekistonlikning bir oylik tirikchiligi uchun 2 157 070 so‘m kerak deya xulosa bergani ma’lum.