Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:54

O‘zbekistonda koronavirus qayd etilganiga bir yil to‘lgan kunda bu kasallikka chalinganlar yana ko‘paydi


14 - mart kuni aniqlangan bemorlarning 93 nafari poytaxt Toshkentda yashaydi.
14 - mart kuni aniqlangan bemorlarning 93 nafari poytaxt Toshkentda yashaydi.

O‘zbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi aniqlanganga bir yil to‘ladigan kun arafasida - 14 martda koronavirusga chalingan 111 nafar bemor aniqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, bu bilan O‘zbekistonda koronavirus yuqqanlar soni 80678 kishiga yetgan.

Rasmiy ma’lumotlarga tayaniladigan bo‘lsa, bu o‘tgan yilning dekabridan beri qayd etilgan bir kunlik eng yuqori ko‘rsatkichdir. So‘nggi paytlarda kuniga 30-70 kishi koronavirusga chalinayotgani haqida xabar berib kelinayotgandi.

14 - mart kuni aniqlangan bemorlarning 93 nafari poytaxt Toshkentda yashaydi. Toshkent shahrida 9 - mart kuni 11 bemor aniqlangan edi. 10 - mart kuni esa ularning soni keskin ko‘payib 71 kishini tashkil qilgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, koronavirusga chalinganlardan 79331 nafari tuzalgan va sog‘ayish ko‘rsatkichi 99 foizni tashkil qilmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 725 nafar bemordan 141 nafari og‘ir, 23 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni ortib borayotgani sababli “Toshshahartransxizmat” AJ jamoat transportlarida bir qator cheklovlar joriy qilmoqda. Bu haqda Zamon.uz nashri “Toshshahartransxizmat” mas’ullaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Joriy etilajak cheklovlar doirasida bundan buyon jamoat transporti haydovchilarining tana haroratlari doimiy nazoratga olinadi, dezinfeksiya ishlari yanada kuchaytiriladi.

Shu bilan birga, endilikda niqobsiz yo‘lovchilar ham jamoat transportiga chiqarilmaydi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi birinchi marta qayd etilganiga 15 - mart kuni bir yil to‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida mamlakatda COVID-19 ga chalinganlar soni 80,5 ming nafardan oshgan.

O‘zbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi Fransiyada bo‘lib qaytgan o‘zbekistonlik ayolda qayd etilgandi. Keyinroq uning o‘g‘li va qizi, turmush o‘rtog‘i va nabirasida ham koronavirus aniqlangan.

Mamlakatda koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk holat qayd etilishi bilan ta’lim muassasalari yopilgan, xalqaro temir yo‘l va havo qatnovlari cheklangan, ommaviy tadbirlar taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG