O‘zbekistonda 1-avgustdan e’tiboran Twitter, WeChat va VK (Vkontakte) ijtimoiy tarmoqlari rasman blokdan chiqarildi.
Bu haqda Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lumot tarqatdi.
Agentlik qaydicha, ayni paytda o‘zbek rasmiylarining TikTok platformasi vakillari bilan ham muzokaralari davom etmoqda. AOKA mazkur muzokaralar natijalari bo‘yicha qo‘shimcha xabar berilishini va’da qilgan.
“Blokirovkalar rivojlanishga faqat zarar keltiradi”, deya qo‘shimcha qilingan agentlik xabarnomasida.
Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlanishini 1-avgust kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ham bilvosita tasdiqlagan bo‘ldi.
“Axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi - isbot talab qilmaydigan haqiqat”, deb yozdi mulozim.
"Bloklash — faqat zarar va ahmoqlik!" deb yozdi o‘tgan hafta O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari etib tayinlangan Komil Allamjonov rasmiy xabarga qisqa sharhida.
O‘tgan yil 2-iyulida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov o‘rnatilgani ma’lum qilingandi.
“O‘zkomnazorat” ayni qonun asosida Facebook, Google, Mail.ru, Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter va Yandex kompaniyalarini O‘zbekiston qonunchiligi talablarini bajarish lozimligi haqida ogohlantirgan.
2021-yil 3-noyabrida mamlakatda Telegram, Facebook, YouTube va “Odnoklassniki” tarmoqlari ishlamay qolgan. Bularning hammasi Skype, Twitter, TikTok, “VKontakte” va WeChat tarmoqlariga iyul oyida joriy qilingan cheklov amal qilib turgan pallada yuz bergan.
Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Informatizatsiya va telekommunikatsiya nazorati bo‘yicha Davlat inspeksiyasi – “O‘zkomnazorat»” saytida nomi tilga olingan ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, Telegram messenjeri shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reestriga kiritilgani haqida rasmiy ma’lumot paydo bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi bilan bog‘liq mojaro hukumatda inqirozga sabab bo‘lgan, buning ortidan AKT vaziri Shuhrat Sodiqov, Bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarov hamda “O‘zkomnazorat” rahbari G‘olibsher Ziyayevlar ishdan bo‘shatilgan.
O‘sha paytda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyev cheklov o‘rnatilganidan xabar topgani va tarmoqlar faoliyatini tiklashga buyruq berganini ma’lum qilgan edi.
Asadovga ko‘ra, Mirziyoyev “O‘zkomnazorat”ning qarorini “bir tomonlama va o‘ylanmay qilingan harakat” deb baholagan. Shunga qaramay, o‘tgan 8 oy ichida O‘zbekistonda qator ijtimoiy tarmoq saytlari bloklanganicha qolayotgandi.
O‘tgan vaqt mobaynida o‘zbekistonliklar, shu jumladan rasmiylar ham bloklangan tarmoqlardan VPN vositasida foydalanib kelishgan. Ammo xususan, rasmiylar buni hech qachon e’tirof etmagan.
Shu yil martida Toshkentdagi xalqaro investitsiya forumini yoritgan britaniyalik jurnalist, Economist nashri muxbiri Joanna Lillis xalqaro jurnalist va investorlar "forum haqida xabar berish uchun proksi-serverdan foydalanishga majbur" ekanliklari haqida yozgandi.
Ayrim mahalliy blogerlar tarmoqlarga to‘siqning olib tashlanishini Prezident Administratsiyasidagi kadrlar o‘zgarishi bilan bog‘lashmoqda.
"Sardor Umrzoqovning tayinlanishi va Prezident administratsiyasida joriy qilingan yangi lavozim hamda tayinlovlar tezda blokirovkalarning olib tashlanishida muhim rol o‘ynagani aytilmoqda", deb yozdi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram-kanalida.
Ayni paytda tarmoqlarning bloklanishiga asos bo‘lgan O‘zbekiston hukumatining serverlarni mamlakat hududida joylashtirish talabi bekor qilindimi, yo‘qmi, noma’lum. Rasmiy xabarda o‘tgan yili qabul qilingan tarmoqlar faoliyatini cheklovchi qonunchilikda biron o‘zgarish bo‘lgani yoki yo‘qligi borasida hech narsa deyilmagan.
Xalqaro matbuot tashkilotlari O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining ahvoli Karimov davriga nisbatan yaxshilanganiga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlar va mustaqil xorijiy matbuot, jumladan, Ozodlik kontentini bloklash davom etayotganini tanqid qilib kelishgan.