O‘zbekistonda bundan buyon 1 million dollar miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat jamg‘armasi”ga zaxira sifatida qo‘ymagan sayyohlik firmalari Umra safarini tashkil etish bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 12-oktyabr kuni qabul qilgan “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 668-sonli qarorda ana shu talab ko‘zda tutilgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, turfirmalar Umra tadbirini tashkil etish huquqini qo‘lga kiritish uchun yana quyidagi talab va shartlarga javob berishi kerak:
• ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
• turfirma shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
• voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
• o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
• ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat Umra vizasini rasmiylashtirish;
• Umra xizmatini Saudiya podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish va ular ko‘rsatadigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
• ziyoratchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish;
• xalqaro yo‘nalishda yo‘lovchi tashish bo‘yicha 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega, bu davrda yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniya bilan hamkorlik qilish;
• ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish va qaytish aviachiptalarini xarid qilish;
• ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
• Umra xizmatini 3-davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
• xizmatlarni litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joydagi vakolatxona yoki filial orqali ko‘rsatmaslik.
Diniy qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya sohasidagi qonunbuzarlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarima miqdori BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) ekanini eslatib o‘tgan.
Hozirga qadar sayyohlik firmalari Turizm qo‘mitasi bergan litsenziya asosida Umra xizmati ko‘rsatib kelgan.
2024-yil 2-iyulida qabul qilingan qonunga muvofiq, joriy yil 5-oktyabridan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organga aylangan.
Rasmiylar litsenziya talablari kuchaytirilishini turfirmalar aybi bilan bir necha ming ziyorati Saudiya Arabistonida sarson bo‘lgani bilan izohlagan.
Jamoatchilik esa litsenziya shartlarini yanada qiyinlashishi ortidan Umra monopoliyasi qaytishidan xavotirda.
Diniy qo‘mita va Musulmonlar idorasi Haj va Umra ziyoratini uzoq yillar davomida monopoliya qilib kelgani ma’lum. Buning ortidan yuz minglab vatandoshlar ziyorat uchun yillab navbat kutishga majbur bo‘lgan.
2022-yili jamoatchilik talabi asosida Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham tashkil etishga ruxsat berilgandi. Shundan keyin ziyorat yo‘nalishidagi turfirmalar soni oshgani, tariflar keskin pasaygani kuzatilgan.