Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2025, Тошкент вақти: 08:07

O‘zbekistonda yil oxirigacha AI-80 benzinini sotish cheklanadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslar safarbar etish” ko‘zda tutilgan. Bu haqda prezident Mirziyoyev tomonidan joriy yil 7-fevralida imzolangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida bildirilgan.

Hujjatga muvofiq, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlash” haqida topshiriq berilgan. Bu chora O‘zbekistondagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgani aytilmoqda.

Farmon bilan mamlakatning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni to‘liq taqiqlash ham ko‘zda tutilgan.

Prezident Mirziyoyev o‘tgan yil yanvar oyi oxirida bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisida bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 benzinidan to‘laligicha voz kechish haqida topshiriq bergan edi. Undan avval esa Ekologiya vazirligi bayonot tarqatib, “xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan AI-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotgani”ni urg‘ulagandi.

Vazirlik Toshkent havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida bir qator favqulodda choralarni taklif qilgan bo‘lib, ular orasida “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash ham bor edi.

Ekologik jihatdan zararli deb topilgan AI-80 ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikistonda taqiqlangan. 2017-yilda 80 oktanli benzin Qozog‘istonda ham yo‘qolgan - u faqat maxsus buyurtma asosida ishlab chiqariladi, xolos.

AI-80 benzini boshqa rusumdagi benzinlardan arzonroq bo‘lgani uchun xaridorgir bo‘lib hisoblanadi. O‘tgan yilning 5-noyabrida AI-80 rusumli benzinning 1 tonnasi 9 million 998 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Bu 2023-yil noyabridagi narxdan (7 million 375 ming so‘m) 26,2 foizga qimmatdir.

XS
SM
MD
LG