So‘nggi to‘rt yil ichida O‘zbekistonga kelayotgan rossiyalik turistlar soni 10 baravardan ham ko‘proqqa (37 ming kishidan 403 ming kishiga) oshgan. Bu haqda RIA Novosti Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda xabar qildi.
Agentlik qaydicha, 2023-yilda O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning umumiy oqimida rossiyalik turistlar ulushi qariyb 33 foizni tashkil qilgan.
Xabarda o‘zbekistonlik turistlarning ham Rossiyaga qiziqishi ortgani aytilgan. 2023-yilda 800 mingdan ziyod o‘zbekistonlik Rossiyaga safar qilgan, bu esa 2022-yildagidan ikki baravar ko‘pdir.
Nashr bu bilan ikki davlat o‘rtasidagi turistlar oqimi, umuman olganda, pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichga yetganini qo‘shimcha qilgan.
Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida o‘zaro til to‘sig‘ining yo‘qligi hamda UNЕSCO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan me’moriy obidalar bilan tanishish imkoniyati kabilar rossiyalik turistlarni O‘zbekistonga jalb qilayotgan omillar orasida sanalgan.