Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 01:15

O‘zbekistonlik talabalarga Rossiyaga kirishga ruxsat berildi


Rossiyada 26 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba kunduzgi bo‘limlarda tahsil olmoqda.

Rossiya hukumati o‘zbekistonlik talabalarga mamlakat hududidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish uchun mamlakatga kelishga ruxsat berdi. Bu haqda Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Biroq o‘zbek talabalari Rossiyaga kirishda boshqa muammolarga ham duch kelmoqda.

Rossiya hukumatining 2021 - yil 31 - martda chiqargan 814-r-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston, Tojikiston, Venesuela, Germaniya, Suriya va Shri-Lankadan bo‘lgan talabalar, aspirantlar, ordinator va tayyorlov fakultetlari tinglovchilari o‘qishni davom ettirish uchun Rossiyaga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Endilikda Rossiyaga talabalariga kirishga ruxsat berilgan mamlakatlar soni 31 taga yetdi. Rossiyaga yo‘l ochilgan xorijlik talabalar davlatlari ro‘yxati koronavirus infeksiyasining Rossiya hududida tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus tezkor shtab tomonidan tuzib kelinmoqda.

Shtab joriy qilgan tartibga ko‘ra, Rossiyaga kirishdan oldin xorij talabasi o‘zi tahsil olayotgan universitet ma’muriyatiga elektron pochta orqali chegarani kesib o‘tish muddati ko‘rsatilgan xabarnoma yuborishi lozim. O‘quv muassasasi ko‘rsatilgan muddat ichida javob xatida chegaradan o‘tishga ruxsatnoma belgilari jo‘natiladi va tartibi tushuntiriladi.

Rossiyaga kirib kelishdan ko‘pi bilan 3 kun oldin talaba COVID-19ga PZR-test topshirishi va kasallanmaganligi to‘g‘risida natija olmog‘i ham lozim.

Rossiya universitetlaridan birida tahsil olayotgan Shahbozning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistondan Rossiyaga kelishning boshqa murakkabliklari yuzaga kelgan.

- Yo‘l ochildiku-ya, endi universitetlar bilan muammo paydo bo‘ldi. “Gosuslugi” degan portal orqali biz ma’lumotlarimizni jo‘natishimiz kerak - ulanib bo‘lmayapti unga. Universitet o‘sha ma’lumotlar asosida ro‘yxat tuzib, FSBga tasdiqlashga yuborarkan. FSB tasdiqlasa keyin ketolamiz ekan. Hukumat esa hamma universitetlarga birdan ruxsat ochmayapti ekan. FSB tasdiqlagan ro‘yxat chegarachilar qo‘lida bo‘larkan va unda meni familiyam bo‘lsa, kirishga ruxsat beriladi. Universitetimga 5 kun bo‘ldi so‘rovnoma yuborganimga - hali javob yo‘q. Men kabi yana 100tacha o‘zbek talabasi javob kutyapti ekan, - deydi Shahboz.

Suhbatdosh O‘zbekistondan Rossiyaga haftasiga bitta aviareys qo‘yilgani, ammo har kuni Rossiyaga charter reyslar uchayotganini ham aytadi:

- Haftada bir marotaba ketayotgan reyslarda xohlagan odam hech qanday ruxsatsiz Rossiyaga kirib borishi mumkin ekan. Charter orqali esa “asosi” borlar uchyapti: davolanishga, kimidir o‘lib qolganlar, qarindoshinikiga, Mehnat vazirligi ruxsati bilan ketayotganlar, mana endi talabalar. Charter reyslar esa har kuni uchyapti. Regulyar reysga biletlar joyida sotilib ketyapti 1 ming dollardan! Charterga biletlar 400 dollardan sotilyapti.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaga kirib kelgan talaba 72 soat davomida qayta PZR-test topshirishi lozim. Test natijasi chiqqunga qadar u yashash joyida karantin saqlashi lozimligi belgilab qo‘yildi.

Joriy etilgan tartib oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘lim talabalariga tegishli ekanini ta’kidlab qo‘yish lozim.

Rossiyaga kirish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligining +7(495)198-00-00 raqamli telefoni yoki scminobr@mail.ru elektron pochtasi orqali murojaat qilish mumkin.

2020 - yil martida Rossiya koronavirus infeksiyasiga qarshi karantin cheklovlarini joriy qilgan va xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan edi. Iyul oyida bir nechta xorijliklar toifasiga kirishga ruxsat berilgan. Jumladan, Rossiyadagi ayrim agentliklar va yirik kompaniyalar O‘zbekistondan olib kirayotgan ishchi migrantlarga ruxsat berilmoqda.

Bundan oldinroq Rossiyaga kirolmayotgan o‘zbekistonlik talabalar darslardan ortda qolayotganliklarini aytib, chegaralarni ochib berishni so‘rab, hukumatlarga murojaat qilgandi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Rossiya oliygohlarida o‘qiydigan talabalar soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchilikda va yil sayin bu ko‘rsatkich oshib bormoqda.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Marina Borovskaya 2019 - yili mamlakatda 26,5 ming o‘zbekistonlik kunduzgi bo‘limlarda tahsil olganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG