Futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 29-aprel kuni O‘zbekiston terma jamoasi Indoneziya terma jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Mazkur yarim final o‘yinida urilgan ikki gol o‘zbekistonlik yosh futbolchilarning finalga chiqishiga asos bo‘lgan.
Bu O‘zbekiston U-23 terma jamoasining joriy yilning 26-iyul — 11-avgust kunlari Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritganini ham anglatadi. Bu o‘zbekistonlik yosh futbolchilarning o‘z tarixidagi ilk Olimpiada o‘yinlari bo‘ladi.
Kechagi o‘yin ortidan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga tabrik yo‘llagan prezident Shavkat Mirziyoyev jamoaning Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishini “el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi” deya ifoda etgan.
Osiyo chempionati finalida O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
U-23 Osiyo kubogi Qatarda 15-aprel kuni boshlangan bo‘lib, 3-may kuni o‘z nihoyasiga yetadi.