Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:10

O‘zbekistonning Chashma va Qirg‘izistonning Say qishlog‘ida yashovchilar mushtlashdi


O‘zbekiston-Qirg‘izistong chegarasidagi tikanli simlar.
O‘zbekiston-Qirg‘izistong chegarasidagi tikanli simlar.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida 13 - mayda sodir etilgan mushtlashuvga maishiy kelishmovchilik sabab bo‘ldi. Hozirda vaziyat nazorat ostiga olindi. Bu haqda Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi muxtor vakili ma’muriyati xabar berdi. O‘zbekiston tomoni bu hodisa yuzasidan hozircha munosabat bildirmadi.

Nima bo‘ldi?

Rasman bildirilishicha, 13 - may kuni O‘zbekistonning So‘x tumani Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken tumani Qishtut qishloq hukumatiga qarashli Say ovuli aholisi o‘rtasida “kelishmovchilik oqibatida mushtlashuv sodir etilgan”. Buning ortidan ikki qishloq aholisi chegara atrofiga yig‘ilgan.

Hodisa joyiga O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahalliy kuchishlatar tuzilmalari rahbarlari, mahalliy hukumat vakillari yetib borgan va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borgan.

“Chegarada to‘plangan har ikki qishloq aholisi ayni paytda uylariga tarqab ketdi. Mushtlashgan qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik yarashtirildi”,-deb bildirdi Botken viloyat hokimiyati.

Shu bilan bir qatorda, So‘x tumani va Botken tumani ichki ishlar xodimlari chegara hududida yuz bergan mushtlashuv yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlarini boshladi.

Avalroq mushtlashuv oqibatida chegaradosh hududga har ikki qishloqdan kamida 30-40 odam yig‘ilgani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston tomoni hozircha chegaradagi hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot bermadi.

Mirziyoyev Japarov bilan telefon orqali gaplashdi. Rasmiy ma’lumotda chegaradagi mushtlashuv eslanmadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 - may kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasida suhbatlashdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha, muloqot paytida Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalasi ham tilga olingan.

Biroq rasmiy ma’lumotda 13 - may kuni O‘zbekistonning Chashma va Qirg‘izistonning Say qishlog‘i aholisi o‘rtasida yuz bergan insident haqida ma’lumot berilmadi.

28,29, 30 - aprel va 1 - may kunlari Qirg‘iziston-Tojikiston harbiylari o‘rtasida otishma bo‘lgan va unda qirg‘iz tomonidan kamida 36 kishi, tojik tomonidan esa 19 tojikistonlik halok bo‘lgani xabar qilingan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha, muloqot chog‘ida prezidentlar muqaddas Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, “birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, ezgu istaklarini izhor qildilar”.

So‘x chegaradagi nizoli hududlardan biri

O‘zbekistonning Qirg‘iziston ichidagi eksklavi bo‘lgan So‘x tumanidagi Chashma va Xushyor qishloqlari hamda qo‘shni davlatga qarashli qishloqlar o‘rtasida bundan avval ham qator nizolar yuz bergan edi. Bu janjallarning asosiy qismi suv va chegara muammosi hal etilmayotgani ortidan kelib chiqqan.

Jumladan, 2020 - yilning 31 - may kuni Farg‘ona viloyat So‘x tumanidagi Chashma qishlog‘i va Botken viloyatidagi Cheshme qishlog‘i aholisi Chashma bulog‘i suvini bo‘lisha olmay qolgani ortidan katta nizo sodir etilgan edi.

Buning ortidan yuz bergan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, So‘x tuman shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Insident paytida mahalliy aholi uchrashuvga kelgan Farg‘ona viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Shuhrat G‘aniyevni toshbo‘ron qilgan edi.

2013 - yilning 5-7 - yanvarida esa So‘x anklavidagi Hushyor qishlog‘i aholisi va Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi chegarachilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar ortidan qirg‘iz rasmiylari O‘zbekistondan So‘x anklaviga boruvchi Rishton-So‘x avtomobil yo‘lini butunlay berkitib tashlagan edi. Mazkur yo‘l faqat 2021 - yilning 1 - aprelida ochildi.

XS
SM
MD
LG