Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:33

O‘zga yurtlarda rizq terib. Pandemiya va mehnat muhojirlarining oddiy ish kunlari haqida


Ko‘plab mehnat muhojirlari pandemiya davrida ishlab pul topishdan mahrum bo‘ldi. Ishlab turganlarning ham daromadlari kamaydi. Ayrimlar esa begona yurtda hatto osh-nonga pul topa olmay, qiynaldi. Ammo ba’zilar, aksincha, pandemiya davrida mehnat bozorida raqobat pasayib, ish ko‘payganini aytadilar. Xo‘sh, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlar Qozog‘istonda qanday yashamoqda? Ozodlik radiosi qozoq xizmati muxbiri mamlakat janubida bo‘lib, muhojirlarning kechmishlarini yozib oldi.

Mansur, 30 yosh: O‘zbekistonda ish bo‘lganida bu yurtlarga kelmasdik

“Jetisoy shahridagi tamaddixonada oshpaz bo‘lib ishlayman. Oilaliman – xotinim, bolam bor. Ayolim qozoq, Qozog‘iston fuqarosi. Men esa O‘zbekiston fuqarosiman.

Pandemiyagacha kuniga 20-30 kilo guruch damlardim. Go‘sht marinadlab, kabob ham pishirardim. Menga 150 ming tanga oylik to‘lashardi. Karantin boshlanganidan beri tamaddixonamiz bir necha bor ochilib, yopildi. Xo‘randalar kamnamo bo‘lib qoldi. Bir-ikki oy ishsiz o‘tirdim. Davlat to‘laydigan bola puliga kun kechirdik. Hozir ishlayapman, ammo ish avvalgidek emas. Oylikning ham barakasi uchdi. 100 ming tanga olyapman. Oziq‑ovqatga bazo‘r yetadi.

Biz to‘rt aka-ukamiz. To‘ng‘ichimiz ota uyimizda yashab qoldi. Ukalarimdan biri ish izlab Rossiyaga ketgandi, o‘n yildirki dom-daragi yo‘q. Kenjamiz Chimkentda qurilishda ishlayapti. O‘zbekistonda tayinli ish bo‘lganida edi, biz, aka-ukalar begona yurtlarga jo‘namagan bo‘lardik.

Ishlab pul topish uchun 2013 - yilda Qozog‘istonga kelgandim. Qishloqdagi yakka-yarim qurilishlarni aytmasa, O‘zbekistonda ish yo‘q hisobi. Gohida qornimizga pul yetkazolmasdik. Ayniqsa, bahor pallasida oziq-ovqatga qiynalib qolardik. Shunda bor-e dedim‑u Qozog‘istonga yo‘l oldim.

U paytlar chegaralar ochiq edi. Yetti oy Jetisoy bozorida arava tortdim. Ertadan kechgacha tinim bilmasdim, hammollik ham qilardim. Bozor yaqinidagi 16 kv.metrli kulbada to‘rt yigit yashardik. Xo‘jayinimiz, do‘kon egasi har ikki haftada haq to‘lardi. Topganimni bank orqali uyga jo‘natardim.

Uch yil arava sudradim. Charchab ketdim. Do‘kon yonida oshxona bor edi, sohibi menga oshpaz bo‘lishni taklif qilib qoldi. Otam qishloqning to‘y-ma’rakalarida osh damlar, men yonida yurib oz-moz o‘rganib olgandim. O‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim. Uch oy ichida anvoyi taomlar tayyorlaydigan bo‘ldim. Xotinim bilan shu ishimda tanishdim. To‘yimizdan keyin ijara kvartirada yashab yurdik, ikki yildan so‘ng uy sotib oldik. Hozir o‘sha yerda yashayapmiz.”

Nargiza, 40 yosh: Oziq-ovqatni qarzga olaman

“Qozog‘istonga 2012 - yilda Qirg‘izistondan kelganman. Kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanaman. Dastlab Tarozda yashadik, so‘ng Chimkentga ko‘chib o‘tdik. Kiyim-kechakni “Avtonur” bozorida ulgurji sotib olib, “Kirgi” bozorida chakana pullardik. Savdomiz yomon emasdi.

2020 - yil boshlarida “Kirgi”dagi savdo joylari buzildi, o‘rnida savdo markazi qurila boshladi. Men “Avtonur” bozoridan ijaraga joy topdim, oyiga 50 ming tanga pul to‘layman.

Qirg‘izistondan mol olib kelishga pulim yo‘q. Bu yerda nasiyaga olaman. Mol bergan savdogarlar har kuni kelib, o‘z ulushini olib ketadi. Puli borlar o‘zlari fabrikadan yuk mashinalarda mol olib chiqishadi. Fabrikadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish uchun hech qursa ikki-uch ming dollar kerak.

Oilam bilan oyiga 50 ming tanga ijara haqi to‘lab qo‘shxonali kvartirada turaman. Savdo-sotiq ishlarimiz burungidek emas, tirikchilik uchun pul topish tobora og‘ir bo‘lib boryapti. Topganimiz osh-nonga zo‘rg‘a yetadi. Jon deb vatanga qaytgan bo‘lardig‑u, lekin u yerda boshpanamiz yo‘q.

Besh nafar farzand ko‘rganmiz. Katta o‘g‘lim qaynonam qaramog‘ida. Ikkinchi bolamga yukli bo‘lganimda uni qaynonamga olib borib berganman, chunki o‘zim qarashim juda qiyin edi. O‘shandan beri to‘ng‘ichim qishloqda yashaydi. Qolgan to‘rtovi o‘zim bilan: ikkitasi maktabda o‘qiydi, keyingilari hali kichkina. Jujuqlarga erim ko‘z-quloq bo‘lib turadi. O‘quvchi bolalarimdan biri rus maktabiga qatnayapti, narigisi esa qozoq maktabiga. To‘rtovi ham Qozog‘istonda tug‘ilib, shu yerdan tug‘ilish guvohnomasi olingan.

Karantinda juda qiynaldik. Erimning tobi qochdi, insult o‘tkazdi. Uni davolangani Qirg‘izistonga jo‘natdik. Farzandlarim yosh, men esa emizikli bolam bilan uydaman. Hatto yegulikka pulimiz bo‘lmagan kezlar bo‘ldi. “Kirgi” bozorida oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiladigan tanish ayollar bor. Ulardan nasiyaga yegulik olardim. Hozir ham olaman. Ishlab pul topishim bilan qarzlarimni uzaman.”

Mahmud, 45 yosh: Karantin vaqtida ishimiz ko‘payib ketdi

“Men O‘zbekistonning Qo‘qon shahridan kelganman. Ustaman, uy quramiz. Brigadamda sakkiz kishi, jumladan, ukalarim va o‘g‘lim bor.

Qozog‘istonda ish ko‘p. Bir uyni qurib bitirishimiz bilan boshqa buyurtmachilar chiqadi. Hatto navbatga turib olishadi. Yaxshi to‘lashadi. Hozir besh xonali uy quryapmiz. O‘zimiz uning yonidagi ikki xonali uyda yashaymiz. Saharlab turib, beshda ishni boshlaymiz. Soat 10 da ta’til qilib olamiz, ikki soatdan so‘ng tushlik qilamiz. Uch soat hordiq chiqarib, keyin kun botguncha ishlaymiz. Sutkasiga 12-13 soat ish.

Bizga hech kim grafik tuzib berayotgani yo‘q. Shunchaki, buyurtmani qancha tez bajarib bersak o‘zimizga yaxshi. Hozir qurayotganimiz – so‘nggi besh oydagi uchinchi uy. Qurilish mollarini vaqtida yetkazib berib turishsa, mumkin qadar tez qurishga harakat qilamiz.

Buyurtmachi har kuni bozor qilib keltiradi, ovqatimizni o‘zimiz pishiramiz.

Ish haqini oldindan kelishib olamiz. Qanday qurilish materiallari kerak bo‘lishini, ish qanchaga cho‘zilishini aytamiz. Yarim pulimizni oldindan bo‘nak qilib berishadi, qolganini – yakunda.

Uyga borib kelish hozir ancha qiyin bo‘lib qoldi. Ammo karantinda ish kamaygani yo‘q. Ko‘paydi qaytaga. Ko‘p muhojirlar pandemiya davrida vatanlariga qaytib ketishdi. Lekin biz ketmadik. Bu erda quruvchi ustalar kamyob bo‘lib qolgandi. Erta bahordan kech kuzgacha mehnat qildik, so‘ng uyga qaytib, uch oy qish dam oldik. Keyin yana Qozog‘istonga qaytdik, Qirg‘iziston orqali. Sovuq tushguncha ishlab pul topamiz.

Begona mamlakatda ishlash qiyin, albatta. Lekin nachora, pul topmasa bo‘lmaydi. Qo‘qonda ish bor‑u, ammo kam to‘lashadi-da.”

Jasur, 38 yosh: Bir yarim yildan beri uyda bo‘lganim yo‘q

“Men Chimkentda tandir non pishirib sotaman. O‘zbekistonning Namangan viloyatidanman. Novvoylikni 13 yoshimda o‘rganganman.

Uyda nogiron ukam va ikki singlim qolgan. Oilamiz kambag‘al. Maktabni tamomlagach, Chimkentga kelib novvoylikka joylashdim. 100 dollar oylik va’da qilishgandi, lekin bir yil ishlatib bir chaqa ham to‘lashmadi. Bir amallab yo‘lkiraga pul topdim‑u uyga ravona bo‘ldim.

Qishloqda ikki yil ishsiz yurdim, so‘ng otamning yonida ishlagani Chimkentga qaytib keldim. Otam – brigadir. Biz bilan besh qishloqdoshim ham kelgandi. Birga uy qurdik. Mehnat shartnomasi imzolamaganmiz. Og‘zaki kelishuv kifoya deb o‘yladik. Bekor qilgan ekanmiz. Musulmon-ku, aldamasa kerak dedik-da. Otam qurilishni boshlashdan oldin xo‘jayin bilan bitishdi. 14 ming dollar evaziga qurib berishga kelishdik. To‘rt mingini bo‘nak tariqasida berdi. Yo‘lgayu oziq-ovqatimizga sarf bo‘lib ketdi bu pul. Ammo uyni qurib bo‘lganimizdan so‘ng buyurtmachi to‘satdan kelmay qo‘ydi, g‘oyib bo‘ldi. So‘rab-surishtirib uyiga borganimiz ta’ziya ustidan chiqdik. Avtohalokatda vafot etibdi. Qarindoshlari bizga bergani pullari yo‘qligini aytishdi.

Noiloj, so‘ppayib qishloqqa qaytdik. Biz bilan birga ishlagan besh yigit kunda uyimizga kelib otamdan ish haqlarini qistaydigan bo‘ldi, axiyri militsiyaga yozib berishdi. Bizni aldab, tekinga ishlatdi, deb shikoyat qilishdi. Militsiya bizni odam savdosida ayblamoqchi bo‘lganida otam qarzni bo‘yniga oldi va ularga haq to‘lashga rozilik berdi. Aksiga olib, o‘sha kezlar dollar kursi birdan ko‘tarilib ketdi. Qarzni uzish uchun otam ikkovimiz to‘rt yil bosib ishlashga majbur bo‘ldik. Otamning ruhi sinib qolgandi. Ammo qarzdan qutulgunimizcha tishini tishiga bosdi. So‘ng qishloqqa qaytib ketdi.

Qishloqda ish yo‘q. Ikki farzandli bo‘lgan nogiron ukamni, bo‘yi yetib qolgan singillarimni o‘ylab, Qozog‘istonda ishlagani qolishga ahd qildim.

Uch yildirki, non yopaman. Qozog‘istonda ishlab pul topish qiyin emas.

O‘zbek tilidan tashqari, ruschani bilaman, qozoqcha gapira olaman. Uch yildan beri ijaraga novvoyxona olib, yuritaman. Mana shu novvoyxonani yetti oy izlab topganman. Joyi yaxshi va xo‘jayin bama’ni odam bo‘lsa, omad kelgani shu. Ijara haqi – oyiga 100 ming tanga. Barcha sanitariya talablariga rioya qilamiz. Xaridor kamroq bo‘lsa ham mehnatimiz zoye ketmaydi. Kuniga 50 dan 100 kilogacha unni xamir qilamiz. Nonimiz donasi 100 tangadan sotiladi. Daromad yashashimizga, uydagilarga pul jo‘natishga yetadi. Yana, o‘zimga uy solish uchun alohida jamg‘arib yuribman. Har ikki haftada qishloqqa pul jo‘natib turaman.

Agar ishni o‘zing yuritsang, ko‘proq topishing mumkin. Birovga ishlaganingda esa ikki baravar ko‘p ishlashinga to‘g‘ri keladi. Masalan, men ijaraga novvoyxona olganman, kuniga ikki qop unni xamir qilib, non yopaman. Birovga yollanib ishlaganimda ikki emas, hozirgicha daromad qilish uchun to‘rt qop undan non pishirishga majbur bo‘lardim.

Qozog‘istonda ishlab charchaganim yo‘q. Biroq uydagilarni, jo‘ralarimni sog‘indim. Sayr qilish, ko‘ngilxushliklar bizga yot. Ishxonaga yaqinroq joydan ijara uy topishga harakat qilamiz. Ko‘chaga chiqsak, oziq-ovqat sotib olish uchun do‘konga chiqamiz faqat.

O‘tgan yili karantinni deb uyga bora olmadim. Chegaradan o‘tish mushkullashdi. Odatda yilda to‘rt marta qarindosh-urug‘larni ko‘rgani borib kelardim. Ammo oxirgi bir yarim yilda uyga bora olganim yo‘q. Yo‘lkira qimmatladi. Borish-kelishga 240 ming tanga (taxminan 560 dollar) sarflash kerak. 240 ming tanga evaziga sizni chegaradan o‘tkazib, migratsiya politsiyasiga yetkazib berishadi va ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun vaqtincha ro‘yxatdan o‘tadigan joy topib berishadi.

Tug‘ilgan qishlog‘ingda yashaganga nima yetsin. Lekin u yerda ish yo‘q-da. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanay desang, bunga ham pul kerak bo‘ladi. Pul bo‘lsa, mol olib-sotish yoki chorva boqish mumkin. Puling bo‘lmasa – noilojsan. Qishlog‘imiz yoshlari Qozog‘istonga kelish uchun pul jamg‘arib yuradi. Har kuni telefon qilishadi bizga ham ish topib ber deb. Aftidan, 32 million kishi yashaydigan O‘zbekistonda har ikki kishidan biriga ish bor, shekilli. Qolganlar rizqini chetdan izlashga mahkum.

Karantin boshlanganidan so‘ng bir oy o‘tib Chimkentda novvoyxonalar qayta boshdan ochildi, lekin xaridor kamroq edi, ko‘chada ham odamlar siyrak bo‘lardi. Hozir hayot birmuncha izga tushgan.”

Gulnoza, 27 yosh: Ikki bolamni qaynonamga tashlab kelganman

“Kasbim – tibbiyot hamshirasi. O‘zbekistonda tuman kasalxonasida ishlardim. Oyligim juda oz edi, shuni ham kechiktirib to‘lashardi. Tomoqqa esam, kiyim-kechakka ortmas, kiyinayin desam, tomoqni tikib qo‘yishim kerak edi. Bir kuni dugonalarim ishlagani Qozog‘istonga ketmoqchi ekanini eshitib, ularga ergashdim. To‘rt qiz birga shu yerga keldik.

O‘sha kun xuddi kechagidek yodimda. Cho‘ntagimda ming tanga bor edi. Tanlagani fursat bo‘lmagani uchun duch kelgan ishni mahkam tutdik. Uchovlon issiqxonaga ishchi bo‘lib joylashdik, bir dugonamiz esa do‘konga sotuvchilikka yollandi.

Issiqxona ishi – mavsumiy. Bir qancha vaqt o‘tib bittamiz farroshlik qila boshladik, ikki qiz idish-tovoq yuvdik. To‘rtovimiz dugonalarimizdan birining singlisiga qarashli uyda yashardik. To oyoqqa turib olgunimizcha.

Boshpanamiz bo‘lgani bilan yeb-ichishga va yo‘lkiraga pul zarur edi. Biz puldan tejash uchun piyoda yurardik. Jazirama yoz kunlarida ko‘chada suv sotib olishga pulni qizg‘anardik. O‘zimizni issiq ovqatdan mosuvo etib, choy-nonga qanoat qilib yurdik.

Bir gal ishdan qaytayotganimizda politsiya to‘xtatdi. Hujjatlarimizni tekshirgach, bo‘limga olib ketishdi. Birinchi marta bunaqa holga duch kelganimiz uchun avvaliga qo‘rqib ketdik. Bizga jarima solishdi – o‘zga davlatda noqonuniy yashayotganimiz uchun. O‘shanda bildik har uch oyda migratsiya xizmatida ro‘yxatdan o‘tib turish kerakligini.

Qozog‘istonda mehnat muhojiri uchun eng qiyini – ish topgunga qadar chidab berish. Senga pul qarz beradigan, yordam qo‘lini cho‘zadigan odam yo‘qligini hisobga olish lozim.

Ammo ishlayman deganga ish topiladi. Pul bor, aholining daromadi yomon emas. O‘zbekistonda chog‘roq uy solish uchun besh-olti yil ter to‘kib ishlash kerak. Bu yerda, agar o‘zimizni bo‘lar-bo‘lmas xarjlardan tiysak, ikki yilda uy qurishga yetadigan pul jamg‘ara olamiz.

Vatanni sog‘inyapmiz, albatta. Tug‘ishganlarimiz bilan birga yashashni xohlaymiz. Lekin qashshoqlik yo‘l bermayapti bunga. Erim ikkimiz ishlab bir oz yer sotib olganmiz. Endi uy qurishga pul to‘playapmiz. Ikki bolam qaynonamning qo‘lida qolgan. Ular bilan “WhatsApp”da videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashib turaman. Bolalarim maktab yoshiga yetgunicha uyimizni qurib olmasak bo‘lmaydi.

XS
SM
MD
LG