Линклар

Шошилинч хабар
08 декабр 2021, Тошкент вақти: 18:42

O‘zi yo‘q bemorlar. Rossiya tibbiyot tizimi millionlarni qanday o‘zlashtirayotgani haqida


Rossiyada koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq tarang vaziyatda sog‘liqni saqlash tizimi sarf-xarajatlari keskin oshdi. Moliya vaziri Anton Siluanovga ko‘ra, kovidga qarshi kurashning har bir kunida davlat 3,6 mlrd rubl (56 mln dollar) sarflamoqda. Yana 50 mlrd (700 mln dollar) majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga ko‘maklashishga ajratiladi.

Tibbiyot muassasalari yo‘q bemorlar hisobiga yozish bilan millionlab pullarni o‘zlashtirmoqda – rossiyaliklar o‘zlariga hech qachon ko‘rsatilmagan o‘nlab ming rubllik tibbiy xizmatlardan “Davlat xizmatlari” portalidagi shaxsiy akkauntlari orqali xabar topishyapti.

Alina Jestovskaya soxta tibbiy xizmatlarga tasodifan to‘qnash keldi. U va hamkasblari o‘zlariga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar haqida ma’lumot so‘rab olishga qaror qilishadi. “Davlat xizmatlari” portali orqali so‘rov beradilar. Natijada ulardan biri go‘yoki yashash joyidan ikki ming kilometr naridagi shaharga ginekolog qabuliga borgani, boshqasi esa 17 varaq ma’lumotnomaga jo bo‘lgan tish muolajasi qildirgani o‘rtaga chiqadi. Alinaning o‘zi ham “stomatolog ko‘rigidan o‘tgan” bo‘lib chiqdi, holbuki ma’lumotnomada ko‘rsatilgan sanada u boshqa shaharda bo‘lgan.

Alina ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlariga va jurnalistlarga ham shuni taklif qildi. Shu tariqa, bir haftada ikki mingdan ortiq kishi tibbiy sug‘urta hisobidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinganidan voqif bo‘ldi. Ba’zan qalloblikni absurd darajaga olib borishgan: masalan. Bir ayol o‘zi bexabar holda turli tug‘ruqxonalarda va atigi bir necha kun farq bilan “ikki marta tuqqan”inini aniqlagan.

“Ko‘pincha aynan stomatologiyada shunaqa bo‘lyapti, chunki aksar odamlar tishlarini davlat klinikalarida davolatadi. Yana talay holatlarda, yashash joyini o‘zgartirgan va ko‘pdan beri o‘z hududidagi poliklinika yoki tibbiyot muassasasiga bormagan kishilar hisobidan o‘g‘rilik qilishyapti”, – deydi “Novaya Rossiya” harakati rahbari Alina Jestovskaya.

Alina hamkasblari bilan birga, “Davlat xizmatlari” portaliga va SSVga so‘rovlar yo‘llagan, lekin tayinli javob olmagan. Rasmiylar bu holatlarni “texnik xatoliklar”ga yo‘yishgan.

Tibbiyot fanlari doktori, professor va Yaroslavl shahri munitsipal deputati Dmitriy Petrovskiyga ko‘ra, shifokorlarni qalloblik qilishga davlat sog‘liqni saqlash tizimi majbur etmoqda.

“Har qanday shifoxona, har qanday shifokor shunaqa qalloblik qilishga majbur, chunki hammaga reja qo‘yilgan – 100 foizga bajarmasa, oyligi kamayadi. Oylikning asosiy qismini esa, bilasiz, sug‘urta tashkilotlarining mukofotlari tashkil etadi”, – izoh beradi u.

Petrovskiy fikricha, rejani bajarish vrachlar va tibbiyot tashkilotlarining eng katta tashvishlaridan biri hisoblanadi. Talab qilinganidan kam bemor qabul qilgan shifokorning maoshi ikki baravargacha kamayishi mumkin, muassasa miqyosida reja bajarilmaganida esa moliyaviy “kanal”lar to‘siladi.

“Oddiy poliklinika mudirlari va gubernatorlarning ijtimoiy soha bo‘yicha o‘rinbosarlaridan tortib vazirlik rahbarlarigacha – hamma vaziyatdan xabardor. Barchasi biladi, tushunadi. Lekin, afsuski, tizimning o‘zi shunaqa: qo‘shib-chatilmasa, prezident farmonlari bajarilmay qoladi, bu esa juda yomon. Shunday ekan, vrachlarni davolash o‘rniga hisobot yozishga majbur etayotgan bu sug‘urta to‘lovlari tizimini o‘zgartirish yoki tugatish lozim”, – deydi professor.

XS
SM
MD
LG