Tergovchi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan kuch ishlatilishiga chek qo‘yish zarur. Bu masalaga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov 13-dekabr kuni Toshkentda OAV vakillari bilan uchrashuv chog‘ida e’tibor qaratdi.
Daryo.uz nashri muxbiri matbuot anjumanida O‘zbekistonda sudga qadar tergov organi tomonidan gumonlanuvchilarga nisbatan kuch ishlatilishi va bosim o‘tkazilishi holatlari yuz berayotgan bo‘lsa-da, sud tibbiy ekspertizasi o‘z vaqtida o‘tkazilmagani sabab uni tasdiqlash imkonsiz bo‘lib qolayotganini qayd etgan.
“Dok-1 Maks” ishi bilan bog‘liq sudda aynan shunday holat kuzatilgan. Sudlanuvchilar sudda tergovchi tomonidan ularga kuch ishlatilganidan arz qilgan. Ammo jismoniy tazyiq holati besh-olti oy ilgari bo‘lgani sabab ekspertizada jarohat fakti tasdiqlanmagan.
Oliy sud raisining birinchi muovini Ikrom Muslimov bu savolga javoban “shaxsga dastlabki tergov organi tomonidan jismoniy, ruhiy tazyiq o‘tkazilgan bo‘lsa, sudlar bu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlashga va xulosa olishga majbur” ekanini ta’kidlagan.
O‘tgan oy Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov bilan uchrashgan mahalliy advokatlar qamoq ehtiyot chorasini qo‘llashda suiiste’molchiliklar muammosini ko‘targandi. O‘shanda Islomov qamoqqa olish ehtiyot chorasi ommaviy qo‘llanayotgani sabab vaqtinchalik saqlash izolyatorlari to‘lib ketganini tan olgan edi.