Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:25

"Omikron": Qozog‘iston yangi cheklovlar kiritmoqda, O‘zbekistonda esa "tushunarsiz vaziyat"


Qozog‘iston koronavirusning yangi shtammi bois mamlakatga kirishni cheklagan navbatdagi davlat bo‘ldi. Ilk bor Janubiy Afrikada aniqlangan va "omikron" deb nom berilgan shtammga chalinish hollari qayd etilgan mamlakatlardan Qozog‘istonga kirib keladiganlarga 7 kunlik majburiy karantin qo‘llanadi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Marat Shoranov​ning ma’lum qilishicha, yangi cheklovlar 3 - dekabrdan boshlab kuchga kiradi.

O‘zbekiston rasmiylari koronavirusning yangi shtammi sabab qo‘shimcha choralarni e’lon qilganicha yo‘q.

JARdan chiqqan yangi shtamm

Yunon alifbosining O (omikron) harfi bilan atala boshlagan yangi B.1.1.529 shtammi topilgani to‘g‘risida Janubiy Afrika respublikasi hukumati (JAR) Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) o‘tgan haftaning chorshanbasi – 24 - noyabrda xabar qildi.

Oradan ikki kun o‘tib, JSST kovidning bu shtammida ko‘plab mutatsiyalar bo‘lib, ularning ayrimlari xavotirga solayotganini aytib chiqdi.

Xabarlarga qaraganda, mutaxassislarga “omikron” bilan bog‘liq ko‘p narsa hozircha noma’lum. Ular aniqroq fikr aytish uchun uzoqroq vaqt kerak bo‘lishini aytmoqda. Yangi shtamm shu paytgacha topilgan shtammlardan ko‘ra tezroq yuqadi, u kovidga qarshi mavjud vaksinalar samarasini kamaytiradi, deb taxmin qilinmoqda.

Bu tashvish hukumatlarni kovidga qarshi choralarni kuchaytirishga undamoqda.

Rossiya 28 - noyabrdan boshlab Afrikaning qator mamlakatlari va Honkongdan chet elliklarning o‘z hududiga kirishini cheklab qo‘ydi. Isroil hukumati o‘z chegaralarini 14 kunga yopib qo‘yishini e’lon qilgan bo‘lsa, Quvayt 9 davlat bilan aviaqatnovni to‘xtatdi. Marokash ham bu safga qo‘shildi.

Shveysariya yangi shtamm tufayli Chexiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Malavidan kelgan sayohatchilarga cheklovlar joriy qildi.

JSST davlatlarni kovidning yangi shtammidan qo‘rqib o‘z hududlariga xorijliklarning kirishini cheklashga shoshmaslikka chaqirdi.

O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatga yangi shtammning uchinchi davlatlar orqali kirib kelish ehtimolini istisno qilmayotganliklarini aytdi.

"Biz yangi shtammning tarqalish o‘chog‘i bo‘lgan Janubiy Afrika davlatlari bilan bevosita aviatsiya aloqalari o‘rnatmagan bo‘lsak-da, ushbu kasallik ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas", deb aytgan Otabekov Kun.uz nashriga.

O‘zbekistonda 29 - noyabr kuni koronavirusga chalingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan, shu tariqa bu xastalikdan qurbon bo‘lganlarning umumiy soni 1 ming 402 nafarga etgan.

CSV qaydicha, dushanba kuni mamlakat bo‘ylab 143 kishi koronavirusga chalingan, virus yuqtirib olganlarning umumiy soni esa 193 ming 208 nafarni tashkil qilgan.

Mahalliy matbuot SSVning kovid bilan bog‘liq rasmiy statistikasini savol ostiga olib keladi, shifokorlar va oddiy o‘zbekistonliklar orasida esa allaqachon “hamma kasallanib bo‘lgani” haqidagi taxmin keng tarqalgan.

Kimyo fanlari doktori, professor Rustam Nuriddinov bundan bir necha oy muqaddam o‘z hamkasblari bilan kovid profilaktikasi uchun 3 ta dori vositasi (bioqo‘shimcha) yaratganini e’lon qilgan edi.

Kovid bilan bog‘liq O‘zbekistondagi nisbatan sokin vaziyat haqida fikr bildirar ekan, professor bunday dedi:

“Tushunarsiz vaziyat. Aftidan, kasallikni aholining mutlaq ko‘pchiligi - kimdir og‘ir, kimdir yengil - kechirib bo‘ldi va shuning uchun, balki kollektiv immunitet paydo bo‘lgandir. Biroq bu immunitet uzoq muddatli emas. U xalqni balki 2, balki 3 oy himoya qilar, keyin o‘z kuchini yo‘qotadi. Shuning uchun vaksinalarning samarasi hali to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa ham, yagona chora emlanishdir”.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 27 - noyabr holatiga mamlakatda jami 33 407 074 million doza vaksinadan foydalanilgan.

Unutilgan cheklovlar

Andijonlik vrach Otabek Ahliddinov aholi kovid bilan bog‘liq cheklovlarga rioya qilmayotganidan tashvishda:

“Aholi cheklovlarga mutlaqo rioya qilmayapti, niqob taqish odamlarning esidan chiqib ketgan. Umuman esa, hozircha viloyat markazlaridagi kovid kasalxonalarda bo‘sh o‘rinlar bor. Biroq bir necha kundan yoki bir necha oydan keyin vaziyat qay tomonga o‘zgarishi mumkinligi to‘g‘risida bir narsa deya olmayman”.

O‘zbekistonda kovid borasida hushyorlik kamayganini shu kunlarda mamlakatga safar qilgan Shvetsiyadagi "Markaziy Osiyo uyushmasi" assotsiatsiyasi rahbari Po‘lat Oxunov ham qayd etdi.

" Masofa saqlash, ko‘rishganda qo‘l bermaslik, niqob taqish, qo‘lni dezinfeksiyalash kabi talablarga ko‘pchilik e’tibor bermayotganiga guvoh bo‘lyapman. Shvetsiyada hukumat o‘tgan yili aholi oldiga bir qator talablarni qo‘ydi va o‘shandan beri hamma masofa saqlaydi, ko‘rishganda hech kim qo‘l uzatmaydi, hamma niqob taqadi, hamma qo‘lini yuvadi va hokazo. Chunki shvedlar qonunga og‘ishmay rioya qiladigan xalq. Biz o‘zbeklar esa, har narsaga shubha bilan qaraymiz. Shuning uchun kovid masalasida men qandaydir anarxiyani ko‘ryapman", deydi Po‘lat Oxunov Ozodlik bilan suhbatda.

Aholining xotirjamlikka berilgani haqidagi xavotirlar avvalroq bir necha bor prezident Shavkat Mirziyoyev tilidan ham yangradi. Virusning yangi shtammi bois kovidga qarshi kurashish bo‘yicha shtab mulozimi Nurmat Otabekov "karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lmagani"ni aholiga yana bir bor eslatdi.

"Karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lgani yo‘q. Ammo odamlarimiz tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi oddiy qoidalarga ham yetarlicha amal qilmay qo‘ygani achinarli holat. Yangi shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishda shunday profilaktik chora-tadbirlar juda muhim hisoblanadi", deb aytgan Otabekov Kun.uz nashriga intervьyusida.

Xalqaro xavotirlar

Joriy oy boshida AQShning Xastaliklar nazorati va profilaktikasi markazi (CDC) O‘zbekistonni koronavirusga chalinish darajasi noma’lum bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shdi.

Markaz amerikaliklarga O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat noma’lum bo‘lgani uchun bu mamlakatga bormaslikni tavsiya qilgan. CDC vakillariga ko‘ra, O‘zbekistonda hatto to‘liq emlovdan o‘tgan kishilar ham koronavirusga chalinishi yoki infeksiya tashuvchisiga aylanishi mumkin.

CDCning cheklov ro‘yxatiga Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston ham kiritilgan. Qirg‘iziston esa COVID-19 yuqtirib olish xavfi past bo‘lgan mamlakatlar sirasidan joy olgan.

Mintaqadagi vaziyatni sharhlar ekan, JSSTning Yevropa mintaqasi bo‘yicha direktori Xans Klyuge (Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ahvolni ham shu direksiya kuzatadi) 4 - noyabrda bunday degan edi:

"Shu kunda Yevropa va Markaziy Osiyoning har bir mamlakati COVID-19 qayta bosh ko‘tarishining real tahdidi oldida turibdi yoki unga qarshi kurashmoqda. Virus tarqalishining joriy sur’ati jiddiy tashvish uyg‘otmoqda".

Klyugega ko‘ra, agar mavjud tedensiya saqlanib qolguday bo‘lsa, 2022 - yilning fevraligacha Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida koronavirus bilan bog‘liq yana yarim million o‘lim yuz berishi mumkin.

XS
SM
MD
LG